“Business Turk” jurnalida O'zbekiston elchisining maqolasi chop etildi

O‘zbekistonning Turkiyadagi elchisi Alisher Azamxo'jayev tomonidan qalamga olingan maqola 2021 yil 12 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Turkiy kengash sammitida O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarga bag‘ishlangan.

1780350
“Business Turk” jurnalida O'zbekiston elchisining maqolasi chop etildi

 

Turkiyada nashr etiladigan nufuzli “Business Türk” jurnalining Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyatiga oid maxsus sonida zamonaviy O‘zbekiston hayotiga bag‘ishlangan tahliliy maqola bosilib chiqdi.

O‘zbekistonning Turkiyadagi elchisi Alisher Azamxo'jayev tomonidan qalamga olingan ushbu maqola 2021 yil 12 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Turkiy kengash sammitida O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarga bag‘ishlangan.

Unda Turkiy kengash sammitining tarixiy ahamiyatiga alohida e’tibor qaratilgan.

“Istanbuldagi sammit – O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan Prezident saylovidan keyingi ilk xorijiy tashrifi bo‘lganligi jihatidan biz uchun alohida ahamiyatga ega edi, - deb yoziladi jurnalda. - Sammitda qabul qilingan qarorga muvofiq, Turkiy kengash nomining Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) sifatida qayta nomlanishi hamkorligimizni rivojlantirish uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi”,-deydi elchi janoblari.

Maqolada umumiy til va mushtarak qadriyatlar asosida ta’sis etilgan Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-logistika hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik izchil ravishda taraqqiy etib borayotgani, hatto og‘ir pandemiya davrida ham sheriklikni kengaytirishga, o‘zaro hamjihatlikda munosabatlarni rivojlantirishga erishilgani qayd etilgan.

Muallif yig‘ilishda imzolangan istiqbolli “Turk dunyosi strategiyasi-2040” dasturiy hujjati ulug‘vor maqsadlarga xizmat qilishi muqarrar ekanini qayd etgan.

Unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mazkur sammitdagi nutqida muhim takliflarni ilgari surganiga e’tibor qaratilgan.
“Turkiy davlatlar savdo hamkorligi bo‘yicha tadqiqot markazini tashkil etish, Turkiy davlatlar tashkilotining transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlik dasturini ishlab chiqish, O‘zbekistonda Turkiy davlatlar sanoat haftaligini o‘tkazish, AyTi-mutaxassislar uchun doimiy platforma yaratish hamda 2022 yilda Ekspertlar konferensiyasini o‘tkazish, Turkiy mamlakatlarning atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha agentligi, ya’ni, EKOTURKni tuzish, “Turkiy dunyo turizmi” va “Tabarruk ziyorat” sayyohlik loyihalarini amalga oshirish, hunarmandchilik ko‘rgazmalari va etnosport musobaqalarini o‘tkazish, madaniy meros ob’ektlarini saqlash va restavratsiya qilish, Turkiy tilli davlatlarning tarixiy, ilmiy va madaniy merosini o‘rganish tadqiqot markazini tashkil etish takliflari shular jumlasidandir”,  deb ta’kidlangan nashrda.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Prezidenti tashkilot doirasida a’zo mamlakatlarning yoshlari borasidagi faoliyatlarni jadallashtirishga e’tibor qaratib, bu boradagi harakatlarni yaqinlashtirish maqsadida 2022 yilda Turkiy dunyoda “Yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilishni taklif etgani ham alohida ta’kidlangan.

Maqola yakunida Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammitiga O‘zbekiston mezbonlik qilishi ham qalamga olingan.



Aloqador xabarlar