O‘zbekiston va Turkiya tadbirkorlari ishtirokida biznes-forum tashkil etildi

Anjumanda Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida yangi savdo-iqtisodiy aloqalar o‘rnatish, urug‘chilik, intensiv bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligida qo‘shma loyihalar ishlab chiqish masalalari muhokama etildi, ikki davlat o'rtasida savdo bitimlari imzolandi.

1776850
O‘zbekiston va Turkiya tadbirkorlari ishtirokida biznes-forum tashkil etildi

 

Turkiya qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vaziri Bekir Pakdemirli boshchiligidagi delegatsiyaning O'zbekistonga tashrifi doirasida ikki davlat tadbirkorlari ishtirokida biznes-forum tashkil etildi.

Anjumanda Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida yangi savdo-iqtisodiy aloqalar o‘rnatish, urug‘chilik, intensiv bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligida qo‘shma loyihalar ishlab chiqish masalalari muhokama etildi, ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasidagi savdo bitimlari imzolandi.

- Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligiga 2019 yildan buyon 66 loyiha doirasida 401 million dollar miqdoridagi turk investitsiyasi jalb etilgan, - deydi O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev. - Bugungi kunga qadar 42 ta loyiha to‘liq ishga tushirildi. Paxta va g‘alladan tashqari 80 dan ortiq turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti salohiyatiga baho berildi. Kuni kecha turkiyalik tadbirkorlar bilan muloqot qilib, muammolar, to‘siqlar va takliflar yuzasidan gaplashib oldik. Albatta, muammolarni bartaraf etish, qiziqarli takliflarni amalga oshirish ustida ishlaymiz. Davlat - biznes, biznes - biznes formatida turli darajadagi muloqot platformalari yaratish har ikki tomon ehtiyojini yaxshiroq tushunish, investitsiya va yangi texnologiyalarni jalb etishga xizmat qiladi. Bularning bari pirovardida ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishga olib keladi.

Qayd etish joiz, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida ham keng ko‘lamli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, 2020 yil mamlakatimiz Turkiya Respublikasiga umumiy qiymati qariyb 21 million dollarlik meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsuloti yetkazib bergan. 2021 yil davomida ayni ko‘rsatkich 23,8 million dollarga yetdi.

2020 yil fevral oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Anqaraga tashrifi doirasida O‘zbekiston va Turkiya Respublikalari o‘rtasida 2020-2021 yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi" imzolangan. Urug‘chilik sohasida ham izchil sheriklik mavjud. Biokimyoviy moddalar, urug‘lar, qishloq xo‘jaligi ekinlari ustida tadqiqot olib borilmoqda. Xususan, O‘zbekistondagi ilmiy-tadqiqot stansiyasida sinovdan o‘tkazish uchun Turkiyadan 30 navdagi jami 2,5 ming tup sabzi, pomidor, bodring, qalampir va baqlajon ko‘chati olib kelinishi kutilyapti.

Turkiya qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va eksport qilish hajmiga ko‘ra dunyoda o‘ninchi, chorvachilik bo‘yicha Yevropada birinchi o‘rinda turadi. Bu mamlakatning global iqtisodiyotdagi o‘ziga xos nufuzidan darak beradi. Shuningdek, Turkiya qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xilma-xilligi ko‘rsatkichi bo‘yicha ham yuqori o‘rnini saqlab kelmoqda. Biznes-forumda O‘zbekiston - Turkiya urug‘chilik ilmiy-tadqiqot hamda Urug‘likni ro‘yxatga olish va sertifikatlash markazlarini tashkil etish jarayoni, respublikamizda fermerlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, qulaylik va imtiyozlar taqdim etildi. Ikki davlat ishbilarmon doiralar vakillari o‘zaro tajriba almashdilar.


Tanlangan kalimalar: #Bekir Pakdemirli , #Turkiya , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar