Ozarbayjon Milliy Majlisi Shusha deklaratsiyasini qabul qildi

Shusha deklaratsiyasi 2021-yil 15-iyun kuni Qorabog‘ning ramziy shahri Shushada Prezidentlar Rajab Tayyip Erdo‘g‘an va Ilhom Aliyev tomonidan imzolangan edi.

1771560
Ozarbayjon Milliy Majlisi Shusha deklaratsiyasini qabul qildi

 

Ozarbayjon Milliy Majlisi Turkiya va Ozarbayjon munosabatlarini rasman ittifoqchilik darajasiga olib chiqqan Shusha deklaratsiyasini qabul qildi.

Milliy Majlisning navbatdagi umumiy yig‘ilishida “Ozarbayjon Respublikasi bilan Turkiya Respublikasi o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi Shusha deklaratsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Muzokaralardan so‘ng ovozga qo‘yilgan qonun loyihasi bir ovozdan qabul qilindi.

Shusha deklaratsiyasi 2021-yil 15-iyun kuni Qorabog‘ning ramziy shahri Shushada Prezidentlar Rajab Tayyip Erdo‘g‘an va Ilhom Aliyev tomonidan imzolangan edi.

Deklaratsiya “tomonlardan birining xalqaro tan olingan chegaralarning mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi, daxlsizligi yoki xavfsizligiga uchinchi davlat yoki davlatlar tomonidan tahdid yoki tajovuz sodir bo‘lgan taqdirda” BMT Nizomiga muvofiq Baku va Anqara tomonidan o‘zaro yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi.  

“Shoshilinch muhokamalar orqali ushbu yordamning hajmi va shakli aniqlangandan so‘ng, mudofaa ehtiyojlarini qondirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni qabul qilish va qurolli kuchlar qo‘mondonligi va qo‘mondonlik tuzilmalarining muvofiqlashtirilgan faoliyatini tashkil etish bo‘yicha qaror qabul qilinadi”, deyiladi bayonotda.

Hujjat bandlaridan birida Ozarbayjon va Turkiya ikki davlat qurolli kuchlarini zamonaviy talablar asosida modernizatsiya qilish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni davom ettirishi belgilab qo‘yilgan. Bu kadrlar almashinuvi va qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazishni nazarda tutadi. Shu bilan birga, hujjatda ikki davlat o‘rtasidagi harbiy-siyosiy hamkorlik uchinchi davlatlarga qarshi qaratilgan emasligi belgilab qo‘yilgan.



Aloqador xabarlar