Tojikiston-Qirg‘iziston chegarasida o‘t ochish to‘xtatildi

Mojaro tomonlari o‘rtasidagi muzokaralar bugun, 28 yanvar kuni huquq-tartibot idoralari vakillari va chegaradosh viloyatlar raislari ishtirokida davom etadi.

1769623
Tojikiston-Qirg‘iziston chegarasida o‘t ochish to‘xtatildi

 

27 yanvar kuni kechqurun qirg‘iz-tojik chegarasidagi To‘rtko‘cha hududida otishma kelib chiqdi. 

Mojaroga tojikistonlik chegarachilarning Isfara – O‘sh yo‘lini to‘sib qo‘ygani sabab bo‘lgan.

Mahalliy OAV ma’lum qilishicha, soat 18:15 da Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari Botken viloyatining To‘rtko‘cha hududidagi Isfara – O‘sh yo‘lini bir tomonlama to‘sib, avtomobillar harakatini cheklagan.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining Chegara xizmati Botken viloyati boshqarmasi rahbarlari, shuningdek Tojikistondan ham qator rasmiylar voqea joyiga yetib kelishgan. Botken viloyatidagi chegaraning ushbu qismida joylashgan chegara bo‘linmalari kuchaytirilgan navbatchilik rejimiga o‘tkazilgan.

Otishma Tojikistonning So‘g‘d viloyati rahbari va Qirg‘izistonning Botken viloyati gubernatori o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng to‘xtatildi. 

“So‘g‘d viloyati rahbari Rajabboy Ahmadzoda va Qirg‘izistonning Botken viloyati gubernatori Abdukarim Alimboyev o‘rtasidagi muzokaralar chog‘ida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Yo‘llar ochiq, qo‘shinlar olib chiqildi. Qo‘shma komissiya 28 yanvar kuni ertalab tergovni boshlaydi”, -deyilgan xabarda. 

Ta’kidlanishicha, yaradorlar va halok bo‘lganlar bo‘yicha yakuniy ma’lumotlar aniqlanmoqda. 

Mojaro tomonlari o‘rtasidagi muzokaralar bugun, 28 yanvar kuni huquq-tartibot idoralari vakillari va chegaradosh viloyatlar raislari ishtirokida davom etadi. 

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda tojik-qirg‘iz chegarasining 976 kilometridan atigi 504 kilometri delimitatsiya va demarkatsiya qilingan.


Tanlangan kalimalar: #Tojikiston , #Qirg'iziston

Aloqador xabarlar