O‘zbekiston bilan Turkmaniston hamkorligini yanada mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi

Shavkat Mirziyoyev bilan Gurbanguli Berdimuhamedov telefon orqali muloqot qildi.

1765949
O‘zbekiston bilan Turkmaniston hamkorligini yanada mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-yanvar kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati xabar tarqatdi.

Ushbu xabarga ko‘ra O‘zbekiston-Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida mustahkamlashning dolzarb masalalari batafsil ko‘rib chiqilgan.

O‘zaro savdo ko‘rsatkichlarining barqaror o‘sishi, sanoat, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi, transport sohalarida amaliy hamkorlik ko‘lamining kengayishiga xizmat qilayotgan kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan ta’kidlangan.

Qayd etilishicha hududlararo almashinuvlar faollashib, birgalikda muhim gumanitar dasturlar amalga oshirilmoqda.

Yetakchilar yaqinda o‘tgan hukumatlararo muzokaralarning natijalarini yuksak baholab, ikki birodar mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni tubdan kengaytirish muhim ekanini qayd etganlar.

O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari mintaqa kun tartibi va ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlik jihatlari yuzasidan fikr almashganlar. Bo‘lajak uchrashuv va tadbirlar rejasi muhokama qilingan.

Telefon orqali muloqot har doimgidek iliq, do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tgani ifoda etildi.



Aloqador xabarlar