O‘zbekiston sayohat qilish uchun eng yaxshi mamlakatlardan biri deb qayd etildi

Buyuk Britaniya OAV O‘zbekistonni 2022-yilda sayohat qilish uchun eng yaxshi mamlakatlardan biri deb qayd etdi.

1756132
O‘zbekiston sayohat qilish uchun eng yaxshi mamlakatlardan biri deb qayd etildi

Yangi yilning birinchi kunida  Buyuk Britaniyaning ommabop «The Independent» onlayn-nashri saytida «2022 yilda sayohat qilish uchun eng yaxshi joylar» sarlavhali  maqola eʼlon qilindi. Bu haqida “Dunyo” AA  muxbiri xabar bermoqda.

Ushbu xabarga ko‘ra nashr tahririyati ushbu sohaga ixtisoslashgan jurnalistlarning tavsiyalari asosida sayohat qilish uchun eng ommabop 10 ta yo‘nalishni eʼlon qilgan. Ushbu ro‘yxatga Normand orollari, Shimoliy Irlandiya, Kanada, Ispaniya, Italiya, Turkiya, Misr, Butan va O‘zbekiston kiritilgan.

Nashrning sayyohlik bo‘yicha muharriri Helen Koffi ushbu ro‘yxatdan o‘rin olgan O‘zbekiston haqida to‘xtalar ekan, Ipak yo‘lining madaniy va tarixiy jihatdan qoq markazida joylashgan, boy merosga ega mamlakatga sayohat qilish taassurotlarga boy bo‘lishini taʼkidlagan.

O‘zbekiston bir necha yil avval Buyuk Britaniya fuqarolariga viza talablarini yengillashtirgani, endi ular mamlakatda vizasiz 30 kungacha bo‘lib turishi mumkinligi qayd etilgan.

Muallif O‘zbekistonga safarni rejalashtirayotganda o‘z o‘quvchilariga joriy yil o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro festivallar va boshqa yirik madaniy tadbirlarni o‘z jadvaliga kiritishni maslahat bergan. Uning aytishicha ushbu madaniy tadbirlar, albatta, sayyohlar orasida katta qiziqish uyg‘otadi.

Helen Koffi  Xivada o‘tkaziladigan “Lazgi” xalqaro raqs festivali, Mo‘ynoqdagi “Stixiya” musiqa festivali, Qo‘qonda uyushtiriladigan lavanda festivali, Samarqandda har ikki yilda bo‘lib o‘tadigan «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali, Toshkent va Buxorodagi «Ipak yo‘li» adabiy festivali, Qo‘qon hunarmandlar xalqaro festivali va Toshkent xalqaro kinofestivalini sanab o‘tgan.

Bundan tashqari, sanʼat va meʼmorchilik ixlosmandlari eʼtibori bu yil ochilishi kutilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi va qayta taʼmirlangan Davlat sanʼat muzeyiga ham qaratilgan.



Aloqador xabarlar