O‘zbekiston va Qozog‘iston – ittifoqdosh davlatlar

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog'iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan 5 dekabr kuni davlat tashrifi bilan Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton shahriga tashrif buyurdi.

1743720
O‘zbekiston va Qozog‘iston – ittifoqdosh davlatlar

 

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog'iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan 5 dekabr kuni davlat tashrifi bilan Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton shahriga tashrif buyurdi.

Nursulton Nazarboyev nomidagi xalqaro aeroportda oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi.  

Davlat rahbarini Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev kutib oldi. Ikki mamlakat yetakchilarining qisqa suhbati bo‘lib o‘tdi.

6 dekabr kuni Oqo‘rda qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.

Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston va Qozog‘iston davlat madhiyalari yangradi. 

Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev faxoriy qorovul oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini bir-biriga tanishtirdilar.

So‘ng davlat rahbarlarining tor doiradagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Samimiyat va ishonch ruhida o‘tgan uchrashuvda yetakchilar ko‘p qirrali O‘zbekiston-Qozog‘iston sherikligiga doir keng ko‘lamli masalalarni, shu jumladan siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni ko‘rib chiqdilar, xalqaro va mintaqa kun tartibi yuzasidan fikr almashdilar.

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog'iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiyaga imzo chekdilar.

Hujjatda qardosh o'zbek va qozoq xalqlarining hayotiy muhim va uzoq muddatli milliy manfaatlari, ko‘p qirrali sheriklik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish maqsadi o‘z ifodasini topgan.

Marosimda imzolangan yana bir muhim hujjat yaqin 5 yilda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi tovar ayirboshlashni 10 milliardga yetkazish bo‘yicha Amaliy harakatlar rejasidir. Unda ikki mamlakat tarmoqlari va hududlari uchun qulay sharoitlar yaratish ko‘zda tutilgan.

Davlat rahbarlari huzurida hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolandi. Bojxona, favqulodda vaziyatlarni oldini olish va bartaraf etish, fazoviy makonni tadqiq etish va undan tinch maqsadlarda foydalanish sohasiga doir hamda “Markaziy Osiyo” sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimlar shular jumlasidan.

Shuningdek, savdo, investitsiyalar, energetika, transport kommunikatsiyalari, sud-ekspertlik faoliyati, mudofaa, bandlik va fan sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha tegishli hujjatlarga imzo chekildi.

Toshkent va Turkiston viloyatlari, Toshkent va Nur-Sulton shaharlari, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan “yo‘l xarita”lari qabul qilindi.

Umuman, ko‘p qirrali O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligining deyarli barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan 22 ta hujjat imzolandi.

 

 

 

 



Aloqador xabarlar