Samarqand shahri 2023 yilda Butunjahon turizm poytaxtiga aylanadi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasi 2023 yilda Samarqand shahrida o‘tkaziladigan bo‘ldi.

1743155
Samarqand shahri 2023 yilda Butunjahon turizm poytaxtiga aylanadi

 

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasi 2023 yilda Samarqand shahrida o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Ispaniyaning Madrid shahrida o‘tayotgan UNWTO’ning 24 sessiyasi doirasidagi ovoz berish jarayoni natijalariga ko‘ra, O'zbekiston Portugaliyani ortda qoldirgan.

Butunjahon turizm tashkiloti va unga a’zo davlatlar bilan hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish, shuningdek, O'zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, xorijiy tashkilotlar bilan aloqalarini yanada kengaytirish, madaniy va turizm salohiyatini keng targ‘ib qilish maqsadida 30 noyabr-2 dekabr kunlari O'zbekiston delegatsiyasi Ispaniya qirolligiga amaliy tashrif bilan bordi.

O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, Madaniyat vazirligi, Samarqand viloyati hokimligi hamda O‘zbekistonning Ispaniya qirolligidagi elchixonasi vakillaridan iborat bo'lgan delegatsiya anjuman doirasida O‘zbekiston nomzodini qo‘llab-quvvatladi.

– Tarixda birinchi marta BMT oilasi tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning Bosh assambleyasi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi. Bularning bari Prezidentimizning olib borayotgan siyosatlari, jumladan, turizm sohasini rivojlantirish, mamlakatimizning jahon sahnidagi nufuzini oshirish yo‘lidagi sa’y harakatlari natijasidir, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov. – Ta’kidlash lozimki, UNWTO 25-Bosh assambleyasining qadimiy Samarqandda o‘tkazilishi bu yerga mingdan ortiq xorijlik mehmonlarning tashrif buyurishi hamda bu orqali mahalliy aholi va hunarmandlarning daromad ko‘rishiga olib keladi. Bundan tashqari, mazkur tadbirning O‘zbekistonda o‘tkazilishi jahon ommaviy axborot vositalarining ham e’tiborini tortishi aniq, bu esa mamlakatimizning turistik salohiyatini keng targ‘ib etish hamda yurtimizga yanada ko‘proq sayyohlarni jalb etish yo‘lida xizmat qiladi.

Bugungi kunda Samarqandning turistik salohiyatini yanada yuksaltirish hamda uni dunyo sayyohlik markazlaridan biriga aylantirish borasida ko‘plab islohotlar qilinmoqda. U yerda obodonlashtirish ishlari bilan bir qatorda yangi zamonaviy aeroport va turizm ob’ektlari bunyod etilmoqda.

Shulardan biri “Samarkand Touristic Centre” bo‘lib, u eshkak eshish kanali qirg‘og‘ida 212 gektar maydonda qad ko‘tarmoqda. Samarqandda qurilayotgan “New Renaissance” kongress-xolli, mehmonxona, restoran va boshqa inshootlar hududning sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish yo‘lida xizmat qilishi shubhasiz.

Eslatib o‘tamiz, UNWTO Bosh assambleyasi ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan turistik forum hisoblanadi. Yuqori darajadagi tadbir, ya’ni BMT oilasiga kiruvchi tashkilotlar Bosh assambleyasining O‘zbekistonda o‘tkazilishi mamlakat uchun birinchi tarixiy hodisa, desak mubolag'a bo'lmaydi.



Aloqador xabarlar