O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalar mustahkamlanmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi raisi birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov boshchiligidagi delegatsiya Turkiyada amaliy safarda bo‘ldi.

1739378
O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalar mustahkamlanmoqda

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi raisi birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov boshchiligidagi delegatsiya Turkiyada amaliy safarda bo‘ldi.

Oliy Majlis delegatsiyasi Turkiya Buyuk Millat Majlisi (parlament) raisi Mustafo Shentop bilan uchrashdi.

Mustafo Shentop ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni “Yetakchilarimiz qat’iy siyosiy irodasi bilan asos solingan va yaqin qardoshlik ruhiga asoslangan haqiqiy strategik sheriklik”, - deya ta’kidladi.

Turkiya Buyuk Millat Majlisi raisi so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida olib borilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy va demokratik islohotlarni hamda parlamentarizmni rivojlantirishdagi yangilanishlarni yuqori baholadi.

O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyo, balki Turkiy davlatlar jug‘rofiyasida ham yetakchi mavqega yuksalayotgani, kelajakda mamlakatni yanada farovon va xar tomonlama rivojlangan davlat sifatida ko‘rishini mamnuniyat bilan qayd etdi.

O‘tkazilgan uchrashuvlarda O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi bugungi kunda O'zbekistonda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar va demokratik yangilanishlar to‘g‘risida axborot berdi.

Turkiya Buyuk Millat Majlisining O‘zbekiston-Turkiya do‘stlik guruhi rahbari Osman Mesten bilan uchrashuvda ikki tomonlama va xalqaro tashkilotlar doirasida mamlakatlar o‘zaro bir-birini qo‘llab-quvvatlayotgani, bu, jumladan, ikki mamlakat parlamentlarida tuzilgan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhlarining faolligi natijasi ekani ta’kidlandi.

O‘tkazilgan barcha uchrashuvlarda Turkiya vakillari O‘zbekistondagi bo‘lib o‘tgan Prezident saylovida aholi faol ishtirok etgani, saylov oshkoralik ruhida va demokratik tamoyillar asosida o‘tkazilgani, o‘zbek xalqining o‘z davlat rahbariga ko‘rsatgan yuksak ishonchi yuksak e’tirof, deb baholandi.

Turkiya vakillari O‘zbekiston Prezidenti saylovida Turkiya parlamenti, vazirlik va idoralari vakillari hamda YEXHT PA, Turkiy tilli davlatlar kengashi va TurkPA doirasida Turkiyadan 50 nafarga yaqin xalqaro kuzatuvchi qatnashgani, ular siyosiy tadbir yuqori saviyada va xalqaro standartlarga mos ravishda o‘tkazilganini e’tirof etganini alohida qayd etdi.

Uchrashuvlarda O‘zbekistonning 2019 yilda Turkiy kengashga a’zo bo‘lib kirishi ushbu tashkilotning nufuzini va qudratini yanada oshirgani ta’kidlandi.

Tashrif davomida olib borilgan muzokaralar yakuniga ko‘ra tomonlar xalqaro parlamentlararo tashkilotlarda yaqindan hamkorlik qilish, deputatlarning o‘zaro tashriflarini tashkil etish, tajriba almashish, hamkorlikda onlayn va oflayn shakllarda turli tadbirlar o‘tkazish, qo‘shma ilmiy-amaliy nashrlar chop etish va boshqa masalalar yuzasidan kelishib oldi.


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar