Turkiya va O‘zbekiston Ombudsmanlari hamkorligi rivojlanmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova boshchiligidagi delegatsiya Turkiya davlatiga amaliy tashrif buyurdi.

1738652
Turkiya va O‘zbekiston Ombudsmanlari hamkorligi rivojlanmoqda

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova boshchiligidagi delegatsiya Turkiya davlatiga amaliy tashrif buyurdi.

Tashrifning ilk kunida delegatsiya vakillari Turkiya Respublikasi poytaxti Anqara shahrida Turkiya parlamentining bosh Ombudsmani Sheref Malko‘ch va uning hamkasblari bilan uchrashdi.

O‘zaro muloqotda ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi, qat’iyati hamda ular o‘rtasida o‘rnatilgan o‘zaro ishonch va do‘stlik rishtalari O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar tarixida mutlaqo yangi sahifa ochilishiga imkon yaratib berayotgani ta’kidlandi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Turkiya Ombudsmanlari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat inson huquqlarini ta’minlash borasida ikki mamlakat Ombudsmanlarining mustahkam hamkorligiga zamin yaratdi.

Memorandum doirasida Turkiya Respublikasi hududidagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining va O‘zbekiston Respublikasi hududidagi Turkiya Respublikasi fuqarolarning huquqlari va erkinliklarining buzilishi holatlari bo‘yicha kelib tushgan murojaatlarni hal etishda ko‘maklashish ko‘zda tutilgan.

Qolaversa, inson huquqlarini ta’minlash yuzasidan o‘zaro tajriba almashish, xodimlar malakasini oshirish, har ikkala davlat uchun dolzarb bo‘lgan mavzular va yo‘nalishlarda turli forum, konferensiya va seminar-treninglar o‘tkazish hamda aholining huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsad qilingan.

Ombudsmanlar ommaviy axborot vositalari uchun tashkil etilgan matbuot anjumanida ishtirok etib, jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Matbuot anjumanidan so‘ng tomonlar inson huquqlarini ta’minlashdagi faoliyatining o‘ziga xos jihatlari va natijalari yuzasidan o‘zaro tajriba almashdi.

Tashrif doirasida boshqa qator uchrashuvlar ham tashkil etildi.

Turkiya Respublikasi Adliya vazirligi huquqiy masalalar bo‘yicha bosh direktori Xakan Oztatar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston va Turkiya davlatlari munosabatlari har sohada rivojlanib borayotgani va bu ikkala tomon uchun ham manfaatli ekanligi qayd etildi.

Xakan Oztatarning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Turkiya bosh Ombudsmani va Turkiya Respublikasi Adliya vazirligi o‘rtasida jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasidagi masalalarni hal etish bo‘yicha yarashtiruv institutidan keng foydalanish borasida mustahkam hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Turkiyada davlat va fuqarolar, yuridik va jismoniy shaxslar o‘rtasidagi hamda oilaviy munosabatlardagi ziddiyatlar va nizoli muammolarni hal etishda yarashtiruv institutiga talab ortib bormoqda. Avval muammolar faqat sud orqali hal etilgan bo‘lsa, hozirda fuqarolar ko‘pincha yarashtiruv institutiga murojaat qiladi. Ushbu masalalar bilan Turkiya Respublikasi Adliya vazirligidagi tegishli boshqarmaga qarashli 17 ming nafar yarashtiruv vakillari shug‘ullanadi.

Bundan tashqari, Inson huquqlari bo‘yicha vakil Turkiya Buyuk millat majlisidagi “Turkiya – O‘zbekiston” parlamentlararo guruhi raisi Osman Mesten hamda Turkiya Oliy Ma’muriy sudi prezidenti Zeki Yigit bilan ham uchrashdi.

Uchrashuvlarda inson huquqlarini ta’minlashda parlamentlararo, hukumatlararo hamkorlikni har tomonlama mustahkamlash masalalari muhokama etildi va o‘zaro tajriba almashildi.


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston , #Turkiya

Aloqador xabarlar