Aziz Sanjar:"Samarqand davlat universiteti men uchun juda qadrli"

2021 yil 21 sentyabr kuni Samarqand davlat universitetida universitet kuni nishonlandi. Ushbu tadbirda turkiyalik mashhur olim, Nobel mukofoti laureati Aziz Sanjar ham ishtirok etdi.

1709449
Aziz Sanjar:"Samarqand davlat universiteti men uchun juda qadrli"

 

Nobel mukofoti sovrindori, AQSh milliy fanlar akademiyasi a'zosi, taniqli turk olim Aziz Sanjar O'zbekistonga tashrifi doirasida Samarqand davlat univetsitetida bo'ldi. 21 sentyabr kuni Samarqand davlat universitetida "universitet kuni" nishonlandi. Ushbu tadbirda turkiyalik mashhur olim, Aziz Sanjar ham ishtirok etdi.

Universitet tadbirlari erta tongda martabali mehmon va SamDU olimlarining Mirzo Ulug‘bek haykali poyiga gul qo‘yishi bilan boshlandi.  

Aziz Sanjar Samarqand davlat universiteti professor-o‘qituvchilari bilan muloqoti davomida ilmiy faoliyati, fan va ta’lim borasidagi fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi. O‘zbekiston oliy ta’limidagi islohotlarga yuqori baho berdi. SamDU kimyo fakulteti talabalariga onlayn dars o‘tayotganini bildirdi.  

Samarqand davlat universiteti rektori, professor, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov tashabbusi bilan universitet 1-bosqich talabalari bilan Aziz Sanjarning uchrashuvi tashkil etildi.

– Mirzo Ulug‘bek Vatanida ekanimdan g‘oyat baxtiyorman. Avvalo, bu imkoniyatni yaratib bergani va do‘stona munosabati uchun Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodovga minnatdorlik bildiraman, – dedi Aziz Sanjar. – O‘zbek yoshlaridagi bilimga intilish menda taassurot qoldirdi. Talabalar ingliz va turk tillarida menga savollar berdi. Hozirgi zamon, jamiyat, ilmga oid dolzarb masalalarni ko‘tarishdi. Bu ko‘zlari yonib turgan yoshlar orasidan ko‘plab olimlar, Mirzo Ulug‘bek izdoshlari yetishib chiqishiga ishonaman. Olim bo‘lish orzusidagi yoshlarga tilagim: faqat o‘qing. Ilmiy faoliyatimda shunday paytlar bo‘lganki, bir necha yillar hech qanday natijaga erisholmaganman. Lekin ortga chekinmaganman. Mablag‘im yo‘qligidan hatto laboratoriyalarda yashaganman. Hamkasblarim tajribalarimni to‘xtatib, boshqa ish bilan shug‘ullanishni maslahat bergan. Ammo men ulardan oldin himoya qildim.

Samarqand davlat universiteti men uchun juda qadrli. Birinchidan, Samarqand davlat universiteti Mirzo Ulug‘bek oliy madrasasi vorisi. Mirzo Ulug‘bek esa mening orzuimdagi olim va shaxs. Qolaversa, O‘zbekiston bizning ota makonimizdir. Mirzo Ulug‘bekdek buyuk allomalar qadami tekkan  bu tabarruk tuproq ilmni qadrlagan har bir inson uchun muqaddas.

Ma'lumot uchun: Aziz Sanjar 1946 yil 8 sentyabrda Turkiyaning Mardin viloyati, Savur tumanida tug‘ilgan. Istanbul universitetining tibbiyot fakultetini tamomlagan. 1997 yildan buyon AQSHning Shimoliy Karolina universitetida faoliyat ko‘rsatadi. Saraton bilan zararlangan hujayra DNK tizimini tuzatishning biyokimyoviy mexanizmlarini o‘rganish bo‘yicha ilmiy ish olib borgan. Ushbu tadqiqoti uchun 2015 yilda kimyo yo‘nalishida Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. U ayni paytda Samarqand davlat universitetining faxriy professori.  


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston , #Samarqand , #Aziz Sanjar

Aloqador xabarlar