O‘zbekiston va Turkiya o'rtasida migratsiya bo'yicha hamkorlik masalasi muhokama qilindi

O’zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi vakillari O‘zbekiston fuqarolariga tezkor konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish bo'yicha Istanbul migratsiya xizmati rahbari Bayram Yalinsu bilan uchrashuv o‘tkazdi.

1703785
O‘zbekiston va Turkiya o'rtasida migratsiya bo'yicha hamkorlik masalasi muhokama qilindi

 

O’zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi vakillari Turkiyada vaqtincha bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga tezkor konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish ishlari samaradorligini oshirish yo‘lidagi ishlar doirasida mazkur shahar migratsiya xizmati bo‘lim rahbari Bayram Yalinsu bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muzokaralar chog‘ida O’zbekiston fuqarolarining turli masalalarini tezkorlik bilan hal etish maqsadida konsullik muassasasi, migratsiya xizmati hamda deportatsiya markazlari o‘rtasida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston fuqarolari uchun Turkiyada vaqtincha yashash guvohnomasini rasmiylashtirish jarayonini soddalashtirish maqsadida zarur hujjatlar va ularga qo‘yiladigan talablar ro‘yxati muhokama qilindi.

Favqulodda aloqa usullari, shuningdek, O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan surishtiruv ishlari olib borilgan hollarda ularda konsul, huquqshunos, tarjimon va boshqa mutaxassislarning ishtiroki  ko‘rib chiqildi.

Muloqotda deportatsiya markazlarida vatandoshlarni saqlash, ularning tibbiy va boshqa zarur yordam olishi, shuningdek, yaqin qarindoshlari va boshqalar bilan telefon orqali muloqotini tashkil etish shartlariga eʼtibor qaratildi.

Deportatsiya markazlariga olib kelingan, sayohat hujjatlari bo‘lmagan fuqarolar to‘g‘risidagi maʼlumotlarni Bosh konsulxonaga o‘z vaqtida taqdim etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Bosh konsulxona xodimlarining ushbu muassasalarga olib kelingan o‘zbekistonlik fuqarolar bilan konsullik uchrashuvlarini o‘tkazish tartibi  bo‘yicha kelishib olindi.


 


Tanlangan kalimalar: #migratsiya , #Turkiya , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar