O'zbekiston va Rossiya qo'shini ishtirokida harbiy mashg‘ulotlar o'tkazilmoqda

Mashg’ulotlar “Termiz” poligonida 30 iyuldan 10 avgustgacha bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Ularda Rossiya va O‘zbekiston qurolli kuchlarining 1,5 mingga yaqin harbiylari ishtirok etmoqda.

1684384
O'zbekiston va Rossiya qo'shini ishtirokida harbiy mashg‘ulotlar o'tkazilmoqda

 

Rossiya va O‘zbekiston qurolli kuchlari 30 iyul kuni O’zbekistonning Surxondaryo viloyatida qo’shma harbiy mashg‘ulotlarni boshladi.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi ma’lum qilishicha, kuni kecha “Janub-2021” deb nomlangan harbiy mashg‘ulotlarning tantanali ochilish marosimi bo’lib o’tdi.

Tadbirda O’zbekiston mudofaa vaziri o’rinbosari Qodirjon Tursunov va Rossiya qurolli kuchlari Markaziy harbiy okrugi qo’mondoni o’rinbosari Nikolay Tereshenko va boshqa ko’plab harbiy mutasaddilar ishtirok etdi.

Surxondaryo viloyati hududidagi “Termiz” poligonida o‘tkazilayotgan qo‘shma o‘quv mashg’ulotlarida ikki davlat harbiylari shartli dushmanning yashirin bazalarini qidirib topish va yo‘q qilish, ular tomonidan ehtimoliy hujumlar amalga oshirilganda, uni bartaraf etish kabi vazifalarni bajarishadi.

Mashg’ulotlar “Termiz” poligonida 30 iyuldan 10 avgustgacha bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Ularda Rossiya va O‘zbekiston qurolli kuchlarining 1,5 mingga yaqin harbiylari ishtirok etmoqda. Shuningdek, mashg’ulotlarda Qirg’izistondagi Rossiya harbiy bazasida xizmat qilgan Su-25 harbiy samolyoti, harbiy vertolyotlar va 200dan ortiq harbiy vositalar qo’llanilmoqda.

Ushbu mashg‘ulotlar Afg‘onistondagi vaziyatning murakkablashib borayotgani, hukumat qo‘shinlari bilan “Tolibon” jangarilari o‘rtasidagi to’qnashuvlar kuchaygani bilan bog‘liq holda o‘tkazilmoqda.

Rossiya harbiylari ayni paytda Tojikiston-Afg’oniston chegarasi yaqinidagi mashg‘ulotlarda ham ishtirok etmoqda.

 



Aloqador xabarlar