Turkiyaga kelmoqchi bo'lgan O‘zbekiston fuqarolariga sug‘urtalanish tavsiya qilindi

Turkiyaga sayyoh bo‘lib kelib ma’lum bir muddatdan so‘ng O‘zbekistonga qaytmoqchi bo‘lganlarning COVID-19 testlari natijalari “ijobiy” chiqayotganlar soni keskin oshib bormoqda.

1681056
Turkiyaga kelmoqchi bo'lgan O‘zbekiston fuqarolariga sug‘urtalanish tavsiya qilindi

 

Turkiyaning Istanbul shahridagi O‘zbekiston Bosh konsulxonasi Turkiyaga safar qilishni rejalashtirgan o'zbekistonlik fuqarolarga tibbiy sug‘urta rasmiylashtirishni tavsiya qilmoqda.

“Bosh konsulxonaga murojaat qilayotgan fuqarolarimiz orasida Turkiyaga sayyoh bo‘lib kelib ma’lum bir muddatdan so‘ng O‘zbekistonga qaytmoqchi bo‘lganlarning COVID-19 testlari natijalari “ijobiy” chiqayotganlar soni keskin oshib bormoqda”, -deyiladi konsulxona xabarida.

Shu munosabat bilan Bosh konsulxona Turkiyaga kelishni rejalashtirgan fuqarolarga ayrim muhim ma’lumotlar bergan.

Qayd etilishicha, Turkiyaning tegishli vazirlik va idoralari bayonnomalariga ko‘ra, COVID-19 kasalligidan sug‘urtalangan chet el fuqarolari tibbiyot muassasalarida bepul davolanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Ushbu virusning yengil shakli bilan kasallangan sayyohlar 10-14 kun davomida mehmonxonalarning maxsus xonalarida karantin muddatini o’tkazadilar va xarajatlar sug‘urta hisobiga qoplanadi.

Sug‘urtaga ega bo‘lmagan sayyohlar mehmonxonada turar joy uchun to‘lovni o‘z hisoblaridan to’laydilar yoki hududlardagi maxsus bepul karantin markaziga (asosan talabalar yotoqxonalari) yuboriladi. Ma’lumot uchun, Istanbul shahrida Maltepa tumanida joylashgan “Mimar Sinan” nomidagi yotoqxona karantin markazi sifatida xizmat qiladi. 

Shuningdek, COVID-19 ga chalingan sayyohlarning bepul karantin markaziga joylashtirish masalasi viloyat gubernatorligi tomonidan belgilanadi. O‘z o‘rnida, Turkiyaning Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yangi o‘quv mavsumi boshlanishiga tayyorgarlik munosabati bilan yaqin davrda ushbu markazlar yopilishi kutilmoqda.

COVID-19 ga chalingan shaxslar 10-14 kundan so‘ng PZR testini qayta topshirishlari va test natijasi “manfiy” chiqqan taqdirda uchib ketishlari mumkin bo‘ladi. Virusni yuqtirgan davrdan to to‘liq tiklanishgacha bo‘lgan jarayon Turkiyaning “Hayat Eve Sığar” (HES-kod) dasturi orqali nazorat qilinadi.

“Yuqoridagilarni inobatga olib, Bosh konsulxona yana bir bor Turkiyaga kelishni rejalashtirgan o’zbek fuqarolarga tibbiy sug‘urta rasmiylashtirishlarini tavsiya qiladi hamda sug‘urta agentlaridan koronavirus yuqtirish holatlarida aniq harakatlar tartibini o‘rganishga chaqiradi”, deyiladi xabarda.


Tanlangan kalimalar: #COVID-19 , #sug'urta , #Turkiya , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar