O‘zbekiston Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Volkan Bozkir bilan uchrashdi
O'zbekiston Parlamenti yuqori palatasining maʼlum qilishicha, muloqot chog‘ida O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 75-sessiyasi raisi Volkan Bozkir bilan uchrashdi.
O'zbekiston Parlamenti yuqori palatasining maʼlum qilishicha, muloqot chog‘ida O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar so‘nggi yillarda ikki tomonlama munosabatlar va o‘zaro muloqot yangi sifat darajasiga ko‘tarilganligini qayd etdilar.
Jumladan, O’zbekistonda BMT bilan o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilib, tegishli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Uchrashuvda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida bajarilgan ishlar yuzasidan maʼlumot berildi.
Xususan, Barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi tuzilgani, Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashi tashkil etilgani taʼkidlandi.
Shuningdek, joriy yil 23-24 iyun kunlari Buxoro shahrida “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik” mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Mazkur forum Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlarning rolini oshirish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiyani muhokama qilish va ishlab chiqish uchun muhim o‘rin egalladi. Unda Buxoro deklaratsiyasi qabul qilindi.
BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasi raisi Volkan Bozkir O’zbekistonda davlat va jamiyat qurilishi, iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiya muhitini yaxshilash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.
Uchrashuvda O’zbekistonda olib borilayotgan yoshlar siyosati, nogironlar huquqlarini himoya qilish konvensiyasining ijrosi, gender tenglikni taʼminlash masalasi muhokama qilinib, bu yo‘nalishda erishilgan yutuqlar, jumladan O‘zbekistonda 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi tasdiqlangani qayd etildi.
Tomonlar hamkorlik va o‘zaro munosabatlarni yana-da chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirib, o‘zaro manfaatli masalalar yuzasidan fikr almashdi. Shuningdek, tizimli muloqotni davom ettirishga, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlashga kelishib oldilar.