O‘zbekiston – Turkiya o'rtasida 679 mln dollarga teng bo‘lgan 25 ta hujjat imzolandi

Turkiya hukumati delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida Toshkent shahrida O‘zbekiston – Turkiya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

1667078
O‘zbekiston – Turkiya o'rtasida 679 mln dollarga teng bo‘lgan 25 ta hujjat imzolandi

 

O'zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (ITSV) ma’lumotiga ko‘ra, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov, Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti Fuat O'ktay, O‘zbekiston tomonidan tegishli vazirlik, idora va tarmoq birlashmalari rahbarlari, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 250 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.

Forum ochilishi marosimida O‘zbekiston va Turkiya delegatsiyalari rahbarlari, shuningdek, ikki mamlakat savdo-sanoat palatalari rahbarlari so‘zga chiqdilar.

Chiqishlar davomida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va investorlar uchun qulay muhit yaratish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘z bordi. Soliqqa solish sohasini isloh qilish, iqtisodiyotning shaffofligini oshirish, yer uchastkalari ajratish tartib-qoidalarini takomillashtirish, xorijiy investorlarni huquqiy himoya qilish mexanizmlari va boshqa sohalarda erishilgan yutuqlar sanab o‘tildi. Turk sanoatchilari va tadbirkorlarining O‘zbekiston iqtisodiyotining yengil sanoat, qurilish, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, elektrotexnika va boshqa sohalarida o‘zbekistonlik sheriklar bilan ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishda erishgan muvaffaqiyatlari alohida ta’kidlandi.

Mamlakatda o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan har bir turk investori bilan loyihalarni hayotga tatbiq etish jarayonida har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida ish olib borilayotganligi ta’kidlandi. Bundan tashqari, Turkiya investitsiyalarini jalb etish va Turkiya biznesining O‘zbekiston bozoridagi o‘rnini mustahkamlash uchun qo‘shimcha zahira va imkoniyatlar o‘rganilmoqda.

Forum doirasida vazirlik, idora va tarmoq birlashmalari rahbarlarining taqdimotlari bo‘lib o‘tdi. Ularda turk kompaniyalari bilan kelgusida birgalikda ro‘yobga chiqarish uchun energetika, turizm, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, farmatsevtika, kimyo sanoati va boshqa qator yo‘nalishlardagi istiqbolli loyihalar taqdim qilindi.

Ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari ishbilarmon doiralar vakillarini qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va o‘zaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishish maqsadida faol hamkorlik qilishga chaqirdi.

Forum yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati 679 mln. dollarga teng bo‘lgan 25 ta hujjat imzolandi, shu jumladan, umumiy qiymati 514,7 mln. dollarga teng bo‘lgan 10 ta investitsiya loyihasi bo‘yicha hujjatlar hamda 165,2 mln. dollarlik 15 ta savdo shartnomalari imzolandi.

 


Tanlangan kalimalar: #Fuat O'ktay , #biznes-forum , #Turkiya , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar