O'zbekiston Turkiy tilli davlatlar parlament assambleyasiga a'zo bo'ladi
Qozog'iston, Qirg'iziston hamda Turkiya deputatlaridan iborat Turkiy tilli davlatlar parlament assambleyasi delegatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev bilan uchrashdi.
O'zbekiston Turkiy tilli davlatlar parlament assambleyasiga a'zo bo'lishga qaror qildi.
Amaliy tashrif bilan O’zbekistonda bo’lgan Turkiya Adolat va taraqqiyot Partiyasi Istanbul deputati Ismet Uchma va Qozog'iston, Qirg'iziston hamda Turkiya deputatlaridan iborat Turkiy tilli davlatlar parlament assambleyasi delegatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev bilan uchrashdi.
Mazkur uchrashuvda Turkiya-O'zbekiston parlamentlararo do'stlik guruhi rahbari Usmon Mesten va Turkiyaning O’zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar ham ishtirok etdi.
Tomonlar Turkiy Kengashga a'zo davlatlar va O'zbekiston o'rtasidagi munosabatlarning bugungi holati hamda O'zbekiston parlamenti va Turkiy tilli davlatlar parlament assambleyasi (TurkPA) o'rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
TurkPA delegatsiyasiga rahbarlik qilgan Ismet Uchma o'tmishda bo'lgani kabi, bugungi kunda ham Turkiy dunyoda O'zbekistonning o'ziga xos o'rni borligini ta'kidlab, TurkPAga a’zo mamlakatlar O'zbekiston bilan har sohada ko’p qirrali aloqalarni rivojlantirish istagi borligini bildirdi.
Sodiq Safoyev o’z navbatida, O'zbekiston Turkiy Kengash bilan munosabatlarni rivojlantirishga katta ahamiyat berishini ta'kidladi va bu doirada O'zbekiston parlamenti TurkPA bilan aloqalarini yanada rivojlantirish niyatida ekanligini bildirdi.
Safoyevning ma’lum qilishicha, O'zbekiston TurkPAga a'zo bo'lishga qaror qilgan.
Turkiya Adolat va taraqqiyot Partiyasi Istanbul deputati Ismet Uchma uchrashuvdan so'ng OAV xodimlariga bergan intervyusida, Safoyev O'zbekistonning TurkPAga a'zoligi to'g'risida xushxabar berganini ta'kidladi.
“O'zbekistonning TurkPA safiga qo’shilmaganligi juda katta kamchilik edi. O'zbekiston Islom tsivilizatsiyasi nuqtai nazaridan muhim mamlakat hisoblanadi. O'zbekiston bilan birgalikda Turkiy tilli davlatlar parlament assambleyasi yanada mustahkamlanadi",-dedi u.