Toshkentda Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti doirasida xalqaro forum o‘tkazildi
Markaziy Osiyo yetakchi ayollari forumida o‘zaro hamkorlikning «Yo‘l xaritasi» qabul qilindi.
Kecha 15 - iyun kuni O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida joylashgan «Hilton» mehmonxonasida yaqinda tashkil etilgan Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti doirasida «Markaziy Osiyo va Afg‘onistonda barqaror rivojlanish sari xotin-qizlarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish» mavzusida xalqaro forum o‘tkazildi. Bu haqida, «Dunyo» AA ma’lum qildi.
Ushbu ma’lumotga ko‘ra nomi tilga olingan xalqaro anjuman O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati va BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan Jahon banki va YETTB ko‘magida tashkil etilgan.
Forumni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva kirish nutqi bilan ochib bergan va o‘z nutqida mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida xotin-qizlar faolligini oshirish, ularning ta’lim va kasbiy ko‘nikmalar olishi hamda bandligini ta’minlashga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qo‘llab-quvvatlash borasida qator ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidlagan.
Nutqi davomida Tanzila Norboyeva, O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasida 2030 - yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasining Senat a’zolari tomonidan qabul qilinganini ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha O‘zbekistonda so‘nggi yillarda Gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani holda bu sohaga oid 25 ta qonun hujjati qabul qilingan. Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, Senat raisi rahbarligida O‘zbekiston Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi tashkil etilishi O‘zbekistonda gender tenglik masalalariga katta e’tibor qaratilayotganini ifodalaydi.
O‘zbekiston tarixida ilk marotaba milliy parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetdi.
Mamlakatda boshqaruv lavozimidagi xotin-qizlar ulushi 27 foizni tashkil etadi. 81 ta vazirlik va idorada ilg‘or va bilimli ayollardan iborat 15 ming nafardan ortiq kadrlar zaxirasi shakllantirilgan.
Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, ular bilan manzilli ishlash maqsadida «Ayollar daftari» tizimi joriy etilgan.
Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun 224 ming nafardan ziyod xotin-qizga jami 6,9 trillion so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratilgan, ularga Xalq banki biriktirilib, 14 ta hududda Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari tashkil etilgan.
Mazkur strategiyadagi yo‘nalishlar BMTning 2030 - yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq holda belgilangan.
Tadbirda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro fikr va ilg‘or tajribani almashish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish, o‘zaro hamkorlikning eng istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlash hamda Afg‘oniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston yetakchi ayollari o‘rtasida hamkorlik va ishbilarmonlik sherikligini o‘rnatish masalalari muhokama qilingan.
Forum doirasida yuqori darajadagi ma’ruzachilar ishtirokida konferensiya, tadbirkor ayollar rahbarlik qiladigan korxonalar mahsulotlarining ko‘rgazmasi, shuningdek, ishbilarmonlik sherikligi va biznesning turli sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Markaziy Osiyo va Afg‘oniston ayollari o‘rtasida “V2V” shaklida kooperatsion birja bo‘lib o‘tgan.
Xalqaro forum yakunida Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotining Qo‘shma bayonoti va Markaziy Osiyo va Afg‘oniston tadbirkor ayollari o‘rtasida barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlikning «Yo‘l xaritasi» qabul qilingan.