Sadir Japarov Turkiya Parlamenti raisi Mustafo Shento’p bilan uchrashdi

Tomonlar Anqaradagi Buyuk Millat Majlisida o‘tgan uchrashuvda mintaqadagi xavfsizlik, terroristik tashkilotlarga qarshi kurash, qirg‘iz-tojik chegarasida ro‘y bergan hodisalarni muhokama qilganlar.

1656115
Sadir Japarov Turkiya Parlamenti raisi Mustafo Shento’p bilan uchrashdi

 

Qirg‘iziston tomoni Turkiya bilan mudofaa va xavfsizlik sohasida hamkorlikni rivojlantirishni istamoqda. Bu haqda Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov Turkiya Respublikasi Parlamenti raisi Mustafo Shento’p bilan bo’lgan uchrashuvda so‘z yuritgan. 

Tomonlar Anqaradagi Buyuk Millat Majlisida o‘tgan uchrashuvda mintaqadagi xavfsizlik, terroristik tashkilotlarga qarshi kurash, qirg‘iz-tojik chegarasida ro‘y bergan holatni muhokama qilganlar. 

Shento’p 2016 yil 15 iyulda Turkiyada harbiy to‘ntarishga urinish paytida Turkiya parlamenti binosiga havo hujumlari uyushtirilgani, Fathullloh Gulen boshchiligidagi terrorchilar Parlament binosiga uchta bomba tashlaganini xotirlagan.

“Xalqimiz 2016 yil 15 iyulda nodavlat notijorat tashkilotlar, ta’lim va tijorat muassasalari niqobi ostida o‘zining haqiqiy niyatlarini yashirib kelgan ushbu terroristik tashkilotning haqiqiy yuzini ko‘rdi. Sud jarayoni shuni ko‘rsatdiki, o‘sha kecha Parlamentga bomba tashlagan uchuvchilar, biz begunoh bolalarimizni ishonib topshirgan maktab va kollej o‘qituvchilaridan buyruq olgan. 

FETOning asosiy e’tibori Turkiyaga qaratilgan bo‘lsa-da, ular o‘zlari faoliyat olib borayotgan barcha mamlakatlarga tahdid soladi, deb hisoblaymiz. Shu ma’noda, biz ikki mamlakat Prezidentlari kecha o‘tgan uchrashuvlarda FETOning har ikki mamlakat xavfsizligiga tahdid solayotgani borasida kelishuvga erishilganidan mamnun bo‘ldik”, -deb aytgan Shento’p. 

 

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov o‘z navbatida Bishkek Anqara bilan yaqin hamkorlikni rivojlantirishda davom etishini bayon etgan. 

“Biz Qirg‘izistondagi turk fuqarolarining, xususan, tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish uchun qo‘limizdan kelganicha harakat qilamiz”,- deb aytgan davlat rahbari.

Shuningdek, uchrashuvda yaqinda qirg‘iz-tojik chegarasida ro‘y bergan holatga ham e’tibor qaratilgan. 

Parlament raisi Mustafo Shento’p Botken viloyatidagi davlat chegarasining qirg‘iz-tojik qismida sodir bo‘lgan voqealar paytida halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirgan va jarohatlanganlarga tezroq sog‘ayib ketishlarini tilagan. 

Shuni ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, Turkiyaning bir necha chaqiriqlariga qaramay, rasmiy Bishkek Qirg‘izistonda faoliyat yuritayotgan Fathulloh Gulen boshchiligidagi FETO terroristik tashkiloti ta’lim muassasalarining faoliyatiga panja ortidan qarab kelayotgandi. Erdo‘g‘an bugungacha ushbu masalalarda sobiq Prezidentlar Almazbek Atamboyev va Sooronbay Jeenbekov bilan ham muloqot qilgan. Biroq, natija bo‘lmagan. 

Ma’lumot o‘rnida, 2016 yilning 15 iyul kuni Turkiyada davlatga qarshi to‘ntarishga urinish amalga oshirildi. Unda mamlakat xavfsizlik kuchlari, ichki ishlar, prokuratura, Milliy xavfsilik xizmati, Kurolli kuchlar, mudofaa tizimlariga o‘rnashib olgan kimsalar Erdo‘g‘an boshchiligidagi Hukumatga qarshi to‘ntarishni amalga oshirib, Prezidentni hokimiyatdan ag‘darishni maqsad qilgan edi. To‘ntarishga urinishlar xalqning ko‘chalarga chiqib, mamlakat demokratiyasini himoya qilishi bilan bostirildi. Oqibatda 251 nafar begunoh insonlar qurbon bo‘ldi. 

Ushbu davlat to‘ntarishiga harakat ayni damda AQSHning Pensilvaniya shtatida istiqomat qilib kelayotgan Fathulloh Gulen boshchiligidagi FETO terroristik guruhi va uning davlatdagi korchalonlari orqali amalga oshirilgani ma’lum qilindi. Turkiya Hukumati to‘ntarishga urinishdan so‘ng Fathulloh Gulen va u boshchiligidagi tashkilotga qarshi murosasiz kurashni boshladi.



Aloqador xabarlar