"O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligida o‘zbek-turk munosabatlari" nomli seminar tashkil etildi

O'zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi hamda Xorijdagi turklar va qardosh jamiyatlar tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarining tarixi, bugungi holati va istiqbollari haqida ma’lumot berildi.

1636719
"O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligida o‘zbek-turk munosabatlari" nomli seminar tashkil etildi

 

O'zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi hamda Turkiya madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi Xorijdagi turklar va qardosh jamiyatlar tashkiloti bilan hamkorlikda "O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligida o‘zbek-turk munosabatlari" mavzusida onlayn-seminar tashkil etildi.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetidan 100 ga yaqin talaba ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarining tarixi, bugungi holati va istiqbollari haqida ma’lumot berildi.

Tadbirda Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi Xorijdagi turklar va qardosh jamiyatlar rahbari Abdulloh Eren ma’ruza bilan ishtirok etdi.  "Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida O‘zbekistonning alohida o‘rni bor, - dedi u. - Bu zamin qadimda ilm-fanning, islom tamaddunining manbai bo‘lgan, ko‘plab olimu allomalar yetishtirib bergan. Bugungi kunda Turkiya va ko‘plab boshqa mintaqalarda keng tarqalgan milliy qadriyatlar, moturidiylik an’analari aynan O‘zbekiston hududlarida tarixan rivojlangan va kelib chiqqan. So‘nggi yillarda tarixiga munosib ravishda O‘zbekiston yangi yangi marralarni ko‘zlab, dadil qadamlar bilan olg‘a borayotganiga guvoh bo‘layapmiz. Iqtisodiyotda ham ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston tom ma’noda Markaziy Osiyoning porloq yulduziga aylanib bormoqda".

Onlayn-seminarda O‘zbekiston elchisi Alisher A’zamxo‘jayev bundan qariyb 30 yil avval o‘z hurriyatini e’lon qilgan yosh davlat O‘zbekiston uchun o‘ta muhim holatda, ya’ni xalqaro miqyosda tan olinish masalasida Turkiya Respublikasi tarixiy “birinchi” qadamni qo‘yganini ta’kidladi.

"1991 yil 16 dekabr kuni Turkiya navqiron O‘zbekistonni xalqaro miqyosda e’tirof etdi. Bu biz uchun muhim tarixiy odim edi. Turkiyaning ushbu qarorini xalqimiz hech qachon unutmaydi va doimo minnatdorlik bilan xotirlaydi.  Bundan 25 yil avval – 1996 yilning 8 may kuni mamlakatlarimiz o‘rtasida "Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida"gi shartnoma imzolangan. Mamlakatlararo munosabatlarning huquqiy zaminida ushbu hujjat alohida rol o‘ynaydi. Shu bilan birga o‘zaro munosabatlarimiz, ayniqsa, 2017 yildan keyingi davrda mutlaqo yangi bosqichga kirganini ta’kidlash zarur. Aloqalar eng yuqori darajaga ko‘tarilib, ikki mamlakat o‘rtasida bevosita Prezidentlar rahbarligidagi Oliy darajadagi strategik kengash ta’sis etildi", - dedi u. 

Ta’kidlanishicha, yilning ilk choragida Turkiya tashqi ishlar va tijorat vazirlarining O‘zbekistonga tashriflari bo‘lib o‘tdi. May oyining oxiriga qadar Turkiya vitse-prezidenti Fuat Oktayning tashrifi va Hukumatlararo iqtisodiy komissiyaning 6-yig‘ilishini tashkillashtirish ustidagi ishlar izchil davom etmoqda.

Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Olgan Bekar, o‘z navbatida,  O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi tarixiy mushtarak an’nalar va bugungi aloqalarni qayd etdi.

"O‘zbekiston – ota yurtimiz. Tarixan bizning ota-bobolarimiz Onado‘liga ushbu zamindan kelganlar, - dedi Olgan Bekar. -  Bugungi kunda ham O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi muhim strategik davlat hisoblanadi. Yangi davrda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O‘zbekistonda har jabhada tub islohotlar jadallik bilan davom etayotganini ko‘rib turibmiz. Bu jarayon "Yangi O‘zbekiston" iborasi bilan ta’riflanmoqda. Mamlakatning qo‘shnilari bilan olib borayotgan do‘stona aloqalari ham diqqatga sazovor. O‘zbekiston butun dunyoga ochilmoqda.  Ushbu vaziyatda Turkiya O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashga va o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashishga doimo tayyor".



Aloqador xabarlar