Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov xalqqa murojaat qildi

Prezident qirg‘iz-tojik chegarasida Tojikiston bilan yuz bergan to’qnashuv vaqtida o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan 27 ming fuqaroni o‘z uylariga qaytishga chaqirdi.

1632651
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov xalqqa murojaat qildi

 

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov qirg‘iz-tojik chegarasida Tojikiston bilan yuz bergan nizodan keyin Qirg’iziston xalqiga murojaat qildi.

Prezident chegaradagi to’qnashuv vaqtida o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan 27 ming fuqaroni o‘z uylariga qaytishga chaqirdi. Uning ta'kidlashicha, ushbu nizo Qirg‘izistonning hududiy yaxlitligini xavf ostiga qo‘ydi.

“28-30 aprel kunlari Qirg‘iziston xalqi uchun og‘ir tarixiy sinovlar va qayg‘uli kunlar bo‘ldi. Muqaddas vatanimizning hududiy yaxlitligi va xavfsizligi xavf ostiga qo‘yildi, osoyishta xalqimiz tinchligi buzildi”, -deb aytgan Japarov o‘z murojaatida.

Uning ta'kidlashicha, Qirg‘iziston chegarachilari va huquq-tartibot idoralari xodimlarining tayyorgarligi va jasorati tufayli mamlakat hududiy yaxlitligini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lindi.

Japarov ixtilof vaqtida halok bo‘lganlarning yaqinlari va oilalariga hamdardlik bildirdi, jarohatlanganlarga tezroq sog‘ayib ketishni tiladi.

Qirg‘iziston rahbarining ta'kidlashicha, ixtilofning yanada avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida chegaralarni demarkatsiyalash bo‘yicha hukumatlararo komissiyalari ishi bo‘yicha bayonnoma imzolandi.

“Biz o‘zgalar xatosini qayta takrorlamadik. Shu bilan birga, ba'zi ig‘vogarlar tashqi kuchlardan xavfliroq ekanini unutmasligimiz lozim”, -deb qo‘shimcha qilgan Japarov.

U, shuningdek, kelgusida bunday ixtiloflarni oldini olish maqsadida ikki davlat chegarasidagi qo‘shni va ikki xalq vakillari aralash yashaydigan qishloqlar oqsoqollaridan iborat tinchlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha komissiyani tashkil etishni taklif qilgan.   

“Chunki, biz abadiy qo‘shnilarmiz. Maqsadimiz – xalqimiz farovonligi, davlatimiz hududiy yaxlitligidir”, -deydi Qirg‘iziston prezidenti.

Qirg‘iziston rahbari to‘qnashuvlar vaqtida vayron bo‘lgan va yonib ketgan uylarni tiklash bo‘yicha choralar qabul qilinishiga va'da bergan va odamlarni ig‘volarga uchmaslikka chaqirgan.

Japarov qirg‘izistonlik harbiylardan mamlakat tashqarisiga chiqmaslikni va birinchi bo‘lib o‘q uzmaslikni talab qilgan.

“Biz qurolli kuchlarimizga qo‘shni davlat qishloqlariga bostirib kirishiga, tinch aholiga hujum qilishiga va ularning uylarini vayron qilishiga hech qachon yo‘l qo‘ymaymiz”,- deb ta'kidlab o‘tgan Qirg‘iziston prezidenti.

Japarovning ta'kidlashicha, agar vaziyat yanada keskinlashganda, ikki tomon ham katta yo‘qotishlarga uchrardi, yuzlab va hattoki minglab oilalar jabr ko‘rgan bo‘lardi.

Eslatish joizki, 28 aprel kuni qirg‘iz-tojik chegarasida ikki davlat chegarachilari o‘rtasida mojaro kelib chiqdi, 29 aprelda esa, u qurolli to‘qnashuvlarga aylanib ketdi.

Mojaro Tojikiston tomoni Isfara daryosi yuqori oqimidagi “Bosh” suv taqsimlash punktida suv taqsimotini nazorat qilish maqsadida videokuzatuv kameralarini o‘rnatishga qaror qilganidan keyin boshlangan. Qirg‘izistonning chegara otryadi va Batken viloyati politsiya xodimlari videokameralarni o‘rnatishni to‘xtatishni talab qilgan. Tomonlar bir to‘xtamga kela olmagani mojaroning avj olishiga olib kelgan. Tojikiston bu hududni o‘ziniki deb hisoblaydi, Qirg‘iziston esa bahsli hudud sifatida biladi.

Keyinroq ikki davlat o‘t ochishni to‘xtatish va chegaraga yuborilgan qo‘shimcha kuchlarni ortga qaytarish bo‘yicha kelishuvga erishdi.


Tanlangan kalimalar: #Tojikiston , #Sadir Japarov , #Qirg'iziston

Aloqador xabarlar