Toshkent Davlat sharqshunoslik universiteti Turkiya bilan yangi loyihani yo‘lga qo‘ydi

Turkiya Respublikasining Xorijlik turklar va qardosh jamiyatlar idorasi tomonidan 28 aprel kuni Yevroosiyo yoshlik maktabi tadbirining onlayn ochilish marosimi o‘tkazildi.

1632266
Toshkent Davlat sharqshunoslik universiteti Turkiya bilan yangi loyihani yo‘lga qo‘ydi

 

Turkiya Respublikasining Xorijlik turklar va qardosh jamiyatlar idorasi tomonidan 28 aprel kuni Yevroosiyo yoshlik maktabi tadbirining onlayn ochilish marosimi o‘tkazildi.

Tadbirda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universiteti, Manas qirg‘iz-turk universiteti, Xalqaro qozoq-turk litseyi rahbariyati va talabalari ishtirok etdi.

Yevroosiyo yoshlik maktabi ilk bor tashkil etilayotgan loyiha bo‘lib, uning maqsadi Yevroosiyo davlatlarida yashayotgan qardosh jamiyatlar ta’lim maskanlari talabalari uchun zarur malakali mutaxassislar tayyorlash va o‘z mamlakatlarining Turkiya bilan aloqalarini har sohada rivojlantirishga hissa qo‘shishdan iborat.

– Idoramiz faoliyati uch yo‘nalishdan iborat bo‘lib, u chet eldagi vatandoshlar bilan hamkorlik o‘rnatish, Turkiyada ta’lim olish istagida bo‘lgan xorijliklar uchun grantlar ajratish hamda Markaziy Osiyo, Bolqon, Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlarida istiqomat qilayotgan qardosh xalqlar bilan madaniy-ijtimoiy aloqalarni mustahkamlashdan iborat, – dedi Turkiya Respublikasining Xorijlik turklar va qardosh jamiyatlar idorasi raisi o‘rinbosari Sayit Yusuf. – Mazkur tadbir aynan tashkilot faoliyatining 3 yo‘nalishiga tegishli bo‘lib, turkologlar tomonidan yoshlarimizga 3 oy davomida onlayn tarzda turkum darslar o‘tilishi belgilangan.

Tadbirda TDSHU rektori Gulchehra Rixsiyeva Yovroosiyo yoshlik maktabida ishtirok etish uchun universitetdan 100 nafar talaba hujjat topshirgani va ulardan 24 nafari hamkor tashkilot tomonidan saralab olingani bu dasturga qiziqish yuqori ekanidan dalolat berishini ta’kidladi. Shu bilan birga, mazkur tadbir turkshunos talabalarimizning shaxsiy, madaniy, kasbiy va intellektual rivojlanishiga hissa qo‘shishi, Turkiya haqida ko‘proq bilimga ega bo‘lishi hamda dasturda ishtirok etayotgan qardosh yoshlarning o‘zaro tanishish va do‘stlashish muhitini yaratishga xizmat qilishini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Yevroosiyo yoshlik maktabida ishtirok etish uchun Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universiteti, Manas qirg‘iz-turk universiteti, Xalqaro qozoq-turk litseyi talabalaridan jami 600 dan ziyod ariza kelib tushdi. Ular orasidan 100 ga yaqin talaba saralanib, mazkur tadbirda ishtirok etmoqda.

Tadbir yakunida TDSHUdan 10 nafar talaba tanlanib, Turkiyaga yozgi ta’til payti grant asosida bir haftaga madaniy safarga yuboriladi.

Ma’lumot o‘rnida, Turkiya Respublikasining Xorijlik turklar va qardosh jamiyatlar idorasi rahbariyati 2019 yil 12 noyabr va 2020 yil 4 fevral kunlari Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga tashrif buyurib, universitet rahbariyati bilan turli ta’lim loyihalarini muhokama qilgan edi.


Tanlangan kalimalar: #YTB , #Turkiya , #O'zbekiston , #TDSHU

Aloqador xabarlar