Turkiy kengash delegatsiyasi “ASAN” xizmati tajribasi bilan tanishdi

Delegatsiyani Ozarbayjon Prezidenti huzuridagi Fuqarolarga xizmatlar ko‘rsatish va ijtimoiy innovatsiyalar bo‘yicha davlat agentligi raisi Ulvi Mehtiyev kutib oldi va “ASAN” xizmat ko‘rsatish markazlarining faoliyati haqida maʼlumot berdi.

1624297
Turkiy kengash delegatsiyasi “ASAN” xizmati tajribasi bilan tanishdi

 

O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkiyaning elektron hukumat faoliyati uchun masʼul organlari vakillaridan iborat Turkiy kengash delegatsiyasi 15-16 aprel kunlari “ASAN” xizmati tajribasi bilan tanishish uchun Ozarbayjonda bo‘ldi.

Turkiy kengash kotibiyatining xabar berishicha, O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibini Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi "Elektron hukumat" loyihalarini boshqarish markazi  vakillari tashkil qildi.

Ushbu tanishuv Turkiy kengashning Elektron hukumat bo‘yicha ishchi kichik guruhi 4-yig‘ilishi protokoli ijrosi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, unga binoan aʼzo davlatlar Ozarbayjon  yagona oyna va ochiq maʼlumotlar markazlarini yaratish bo‘yicha tajribasini o‘rgandi.

Tashrif davomida delegatsiyani Ozarbayjon Prezidenti huzuridagi Fuqarolarga xizmatlar ko‘rsatish va ijtimoiy innovatsiyalar bo‘yicha davlat agentligi raisi Ulvi Mehtiyev kutib oldi va “ASAN” xizmat ko‘rsatish markazlarining maqsadlari va faoliyati to‘g‘risida batafsil maʼlumot berdi.

Taʼkidlanishicha, eng zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda ushbu markazlar Ozarbayjonda fuqarolar, chet el rezidentlari, shuningdek, yuridik shaxslar uchun asosiy davlat va xususiy xizmatlardan samarali hamda oshkora foydalanish imkoniyatini beradi.

3-sonli "ASAN Service" xizmat ko‘rsatish markazi, Elektron hukumat  tizimini rivojlantirish va inkubatsiya markazlari, shuningdek, “Innoland” tezlashtirish markazi bilan tanishuv doirasida Ozarbayjon tomoni jamoat va aholiga xizmat ko‘rsatish uchun texnologik innovatsion yechimlarga moslashuvchan va "yagona oyna" tamoyiliga asoslangan xususiy uzluksiz xizmat imkoniyati tajribasini taqdim etdi. Tomonlar, shuningdek, elektron xizmatlarni rivojlantirish va mobil identifikatsiyalash vositalarini joriy etish bilan innovatsion yechimlarni ishlab chiqish bo‘yicha dolzarb loyihalar to‘g‘risida fikr almashdi.

Turkiy kengash delegatsiyasi Ozarbayjon transport, kommunikatsiya va yuqori texnologiyalar vazirligi mutasaddilari bilan uchrashib, elektron hukumat portalini shakllantirish, elektron imzolardan foydalanish, ochiq maʼlumotlar infratuzilmasini rivojlantirish, protsessing markazlari va elektron xizmatlar reyestri bo‘yicha tajriba almashdi.

Ishtirokchilar, shuningdek, shaffoflikni oshirish va innovatsiyalarni qo‘llash orqali samarali davlat boshqaruvini taʼminlash bo‘yicha o‘rtoqlashdi. Turkiy kengash doirasidagi ochiq maʼlumotlar platformasini, “non-stop”  markazlarni yaratish sohasida ko‘p tomonlama hamkorlikni yana-da chuqurlashtirishning konseptual va umumiy standartlarni ishlab chiqish hamda qo‘shma startaplarni yaratish masalalari ham muhokama qilindi.


Tanlangan kalimalar: #Turkiy Kengash , #ASAN , #Ozarbayjon

Aloqador xabarlar