O'zbekiston va Turkiya savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlamoqda

O'zbekiston va Turkiya Akkreditatsiya agentliklari o’rtasida “Xalol” standartini joriy etish borasida O’zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

1617717
O'zbekiston va Turkiya savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlamoqda

 

Joriy yilning 8-aprel kuni O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzaqov Turkiya Respublikasi savdo vaziri Ruxsar Pekjan bilan uchrashdi.

Uchrashuv doirasida shuningdek, Turkiya eksportchilari assambleyasi, Turkiya tadbirkorlar va hurnarmandlar uyushmasi, Turkiya pudratchilar uyushmasi hamda O’zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirligi va Savdo-sanoat palatasi rahbarlari ishtirokida kengaytirilgan tarkibdagi ikki tomonlama muzokaralar bo’lib o’tdi.

Tomonlar O’zbekiston iqtisodiyotiga Turkiya investitsiyalari oqimining jadal o’sishi bilan tavsiflanadigan investitsiyaviy hamkorlik sohasidagi tendentsiyalarni muhokama qildilar. Shuningdek, O’zbekistonda investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan turk tadbirkorlariga tizimli yordam ko’rsatishga o’zaro sodiqligini ta’kidladilar.

Uchrashuvda ikki tomonlama savdo munosabatlarini rivojlantirishning hozirgi holati va istiqbollari, jumladan yaqin kelajakda o’zaro savdo hajmini 5 mlrd dollarga yetkazish maqsadida savdo aylanmasini oshirish bo’yicha navbatdagi qo’shma chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Shu nuqtasi nazardan, ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari ekspertlarining o’zaro hamkorligini jadallashtirish va mavjud masalalar bo’yicha o’zaro maqbul yechimlarni ishlab chiqish orqali O’zbekiston va Turkiya o’rtasida İmtiyozli savdo to’g’risidagi bitim loyihasini kelishishni tezlashtirishga oid birinchi darajali vazifalar belgilan olindi. Tomonlarning fikricha, Bitimning imzolanishi ikki davlat o’rtasidagi iqtisodiy sheriklikning mustahkamlanishiga sezilarli darajada turtki beradi.

Tomonlar, shuningdek elektron tijorat sohasida amaliy sheriklikni yo’lga qo’yish dolzarbligini ta’kidladilar va bu borada ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo’nalishlaridan biri sifatida hozirgi vaqtda kelishish bosqichida bo’lgan tegishli hujjatni yaqin kelajakda imzolashni belgilab oldilar.

Bundan tashqari, ikki mamlakat standartlashtirish xizmatlari o’rtasidagi hamkorlikni kengaytirish orqali texnik tartibga solish, standartlashtirish, muvofiqlikni baholash, akkreditatsiya va metrologiya sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. bunda o’zaro mahsulot yetkazib berishni amalga oshirishda o’zbek va turk ishlab chiqaruvchilariga to’sqinlik qiluvchi g’ovlarni bartaraf etish umumiy maqsad qilib belgilandi.

Muloqot chog’ida Turkiya tomoni O’zbekiston tomonidan xalqaro iqtisodiy makonga integratsiyalashish bo’yicha ko’rilayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholadi hamda muzokaralar jarayoniga jalb etilgan o’zbek mutahassislari uchun treninglar va maslahatlashuvlar tashkil etish orqali Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo’lish jarayonida har tomonlama yordam ko’rsatishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv va muzokaralar yakunida “O’zstandart” agentligi huzuridagi Akkreditatsiya markazi va Turkiya Respublikasining Akkreditatsiya agentligi o’rtasida “Xalol” standartini joriy etish borasida O’zaro anglashuv memorandumi imzolandi.


Tanlangan kalimalar: #Ruxsar Pekjan , #Turkiya , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar