Turkiy Kengashning norasmiy sammiti yakuniy bayonoti e'lon qilindi

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining norasmiy sammitidagi muzokaralar yakunlari bo'yicha Turkistonni turk dunyosining ma'naviy markazi deb e'lon qilish to'g'risida deklaratsiya imzolandi.

1612488
Turkiy Kengashning norasmiy sammiti yakuniy bayonoti e'lon qilindi

 

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining norasmiy sammiti yakuniy bayonoti e'lon qilindi.

Ma’lumki, kecha, 31 mart kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining norasmiy sammiti koronavirus epidemiyasi tufayli videoanjuman shaklida bo'lib o'tdi.

Norasmiy sammitda O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg'iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Qozog'istonning Birinchi Prezidenti va Turkiy Kengashning faxriy raisi Nursulton Nazarboyev, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Turkiya Prezidenti Rajab Tayyib Erdo'g'an, Qozog'iston Prezidenti Qosim-Jo’mart To’qayev ishtirok etdi.

Sammitda Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ham faxriy mehmon sifatida qatnashdilar.

Prezident Sadir Japarov o'z nutqida kun tartibidagi mintaqaviy va xalqaro muammolarga to'xtaldi. Shuningdek, u turkiyzabon mamlakatlarning integratsiya jarayonini kuchaytirish uchun bir qator omillarni keltirib o’tdi.

Norasmiy sammit davomida Turkiy Kengash Bosh kotibi Bag'dod Amreyevning hisoboti tinglandi.

A'zo davlatlar rahbarlari so'nggi yillarda erishilgan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni alohida ta'kidladilar. Ular turkiyzabon davlatlar o'rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish va hamkorlikni chuqurlashtirishda qat'iyatli ekanliklarini bildirdilar.

Sammitda Ozarbayjonning Tog’li Qorabog'da qo’lga kiritgan ustun g'alabasi muhokama qilindi.

Shuningdek, davlat rahbarlari Turkiy kengashning ko'p qirrali faoliyati, uning xalqaro maydondagi o'rni va obro'-e’tiborini muhokama qildilar.

Davlat rahbarlari turkiy tilli mamlakatlar o'rtasida yaqin tarixiy, lingvistik va madaniy aloqalar asosida yaqin va ko'p qirrali hamkorlikni rivojlantirish zarurligini ta'kidladilar.

Shuningdek, ular iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qarattilar.

Bundan tashqari Naxchivan kelishuvining maqsadlari va tamoyillari doirasida turkiy dunyoning manfaatlarini himoya qiladigan mintaqaviy va xalqaro muammolar bo'yicha maslahatlashuvlarni davom ettirish muhimligi ta'kidlandi.

 

Turkiston turk dunyosining ma'naviy poytaxti deb e’lon qilindi. 

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining norasmiy sammitidagi muzokaralar yakunlari bo'yicha Turkistonni turk dunyosining ma'naviy poytaxti deb e'lon qilish to’g’risida deklaratsiya imzolandi.

Turkiy kengashning ko'p qirrali faoliyati, uning xalqaro maydondagi o'rni va nufuzini hisobga olgan holda davlat rahbarlari Turkiy Kengashning nomini o'zgartirishni to'liq qo'llab-quvvatladilar va tashqi ishlar vazirliklari vhamda Kengash kotibiyatiga 2021 yil kuzida Turkiya Respublikasida rejalashtirilgan sammitgacha tegishli hujjatlarni tayyorlashni topshirdilar.

Turkiy Kengashning 2020-2025 yillarga mo'ljallangan strategiyasi va "Turkiy dunyoga qarash - 2040" dasturini muhokama qilish vazifasi belgilandi.

Ozarbayjonda Armaniston ishg’olidan qutqarilgan hududlarni qayta tiklash va integratsiyasini ta’minlash borasida birdamlik qo’llab-quvvatlandi. Armaniston va Ozarbayjon o'rtasidagi munosabatlarni bir-birining suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xalqaro miqyosda qabul qilingan chegaralarning barqarorligini saqlash asosida normallashtirish fikri  qo'llab-quvvatlandi.

Bu yil turk dunyosining adabiy, badiiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy va madaniy hayotining rivojlanishiga katta hissa qo'shgan buyuk shoir va davlat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini nishonlash uchun Xalqaro Alisher Navoiy mukofotini tashkil etish;

Shuningdek Mashhur shoir, faylasuf va davlat arbobi Yusuf Xos Hojibning 1005 yilligi, Nizomiy Ganjaviyning 880 yilligi, Yunus Emre va turkiy til yili, Alisher Nafoiyning 580 yilligi, Jambil Jabayevning 175 yilligi, Alixonning 155 yilligi va Kusein Karasayevning 120 yilligi Turk Hamkorlik Tashkiloti bilan kelishilgan holda nishonlanadi.

Davlat rahbarlari Qozog'istonning birinchi Prezidenti va Turkiy Kengashning faxriy raisi Nursulton Nazarboyevga va Qozog'iston Prezidenti Qosim-Jo’mart To’qayevga sammitni muvaffaqiyatli tashkil etgani uchun minnatdorlik bildirishdi.

Deklaratsiya ozarbayjon, qozoq, qirg'iz, turk va o'zbek tillarida qabul qilindi.



Aloqador xabarlar