O‘zbek-turk harbiylarining o‘quv mashg‘ulotlari yakunlandi

Mashg‘ulotlarni O‘zbekiston Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i, general-mayor Shuhrat Xolmuhammedov, Turkiya Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i, armiya generali Yashar Guler va boshqalar kuzatib turdi.

1608593
O‘zbek-turk harbiylarining o‘quv mashg‘ulotlari yakunlandi

 

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug Janubiy operativ qo‘mondonligi “Termiz” dala-o‘quv maydonida O‘zbekiston va Turkiya Respublikalari Mudofaa vazirlarining ikki tomonlama hamkorlik rejasiga muvofiq, O‘zbekiston va Turkiya Qurolli Kuchlarining maxsus bo‘linmalari hamkorligida o‘tkazilgan maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari yakuniga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Tadbir doirasida o’zbek va turk harbiylar uch bosqichli yakuniy taktik harakatlarni amalga oshirdi. Unda dastlab noqonuniy qurollangan tuzilmalarni aniqlash va yakson qilishga qaratilgan hamkorlikdagi maxsus operatsiyalarni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha taktik epizodlar namoyish qilinib, Davlat chegarasi orqali kirib kelayotgan shartli noqonuniy qurollangan tuzilmalar bartaraf etildi. 

Noqonuniy qurollangan tuzilmaning diversion razvedka guruhi davlatlar Qurolli Kuchlari maxsus bo‘linmalari harbiylari hamkorligidagi jangovar harakatlar natijasida to‘liq yo‘q qilindi. Davlat chegarasi tiklanib, uni belgilangan rejimda qo‘riqlash yo‘lga qo‘yildi.

Ikkinchi bosqichda harbiylar noqonuniy qurollangan tuzilmalarni shahar sharoitida yo‘q qilish bo‘yicha hamkorlikdagi maxsus vazifalarni yuqori darajada ado etdi. Hamkorlikdagi o‘quv-taktik mashg‘ulot so‘ngida ishtirokchilar aholi punktida joylashgan noqonuniy qurollangan tuzilmalar guruhlarini yo‘q qilish operatsiyasini muvaffaqiyatli bajardi.

Taktik epizodlarni namoyish etish chog‘ida havo razvedkasi, yengil zirhlangan avtomobil texnikalari, zamonaviy o‘q otish qurollari va boshqa vositalardan foydalanildi.

Mashg‘ulotlarni “Termiz” dala-o‘quv maydonining markaziy kuzatuv minorasida Surxondaryo viloyati hokimi, harbiy ma’muriy sektor rahbari To‘ra Bobolov, O‘zbekiston Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i, general-mayor Shuhrat Xolmuhammedov, Turkiya Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i, armiya generali Yashar Guler va boshqalar kuzatib turdi. Ikki do‘st va qardosh xalq harbiylarining maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotiga yuqori baho berildi.

O‘zbekiston – Turkiya davlatlari Qurolli Kuchlarining maxsus bo‘linmalari hamkorligida ilk marta o‘tkazilgan “Do‘stlik – 2021” maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari yakuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda O‘zbekiston Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i, general-mayor Sh.Xolmuhammedov, Turkiya Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i, armiya generali Yashar Guler so‘nggi yillarda mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro do‘stlik va hamkorlik rishtalari yangi bosqichda rivojlanayotganini alohida ta’kidladi. 

Shunga muvofiq dunyoda turli tahdidlar shiddat bilan o‘sib borayotgan hozirgi paytda qardosh xalqlarning tinch, osuda hayotini ta’minlash, terrorizm, ekstremizm kabi yovuz illatlarga qarshi birgalikda kurashish muhim vazifa sifatida belgilab olingani qayd etildi.

Tantanali marosimda o‘quv mashg‘ulotlarida eng faol ishtirok etgan ikki davlat ofitser va serjantlari O‘zbekiston hamda Turkiya Qurolli Kuchlari Bosh shtabi, Mudofaa vazirligining Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi va Surxondaryo viloyati hokimligining qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari To‘ra Bobolov ishtirok etdi.

 


Tanlangan kalimalar: #Yashar Guler , #Turkiya , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar