O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya mudofaa vazirini qabul qildi

Kecha, 27 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi milliy mudofaa vaziri Hulusi Akarni qabul qildi.

1517109
O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya mudofaa vazirini qabul qildi

 

Bu haqda O’zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

“O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hulusi Akarni samimiy qutlar ekan, ko‘p asrlik do‘stlik va birodarlik rishtalariga asoslangan hamda keyingi uch yilda birgalikdagi sa'y-harakatlar bilan sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgan O‘zbekiston-Turkiya strategik sheriklik munosabatlari har tomonlama jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi”,-deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Hulusi Akar ham O‘zbekiston Respublikasi prezidentiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Turkiya Respublikasi prezidenti Rajab Tayyib Erdo‘g‘anning ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi harbiy va harbiy-texnik hamkorlik holati va istiqbollari ko‘rib chiqildi, shuningdek, keyingi yillarda mudofaa sohasida amalga oshirilgan qo‘shma tadbirlar yakunlari sarhisob qilindi.

O‘zbekiston va Turkiya mudofaa idoralari o‘rtasida o‘rnatilayotgan amaliy hamkorlikning muhim yo‘nalishlari sifatida harbiy kadrlarni o‘qitish bo‘yicha dasturlarni amalga oshirish, ixtisoslashtirilgan oliy ta'lim muassasalari o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish, qo‘shin bo‘linmalarini tayyorlash bo‘yicha tajriba almashish belgilandi.

Mintaqadagi zamonaviy xatarlar va xavfsizlikka tahdidlarga qarshi birgalikda kurashishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Turkiya milliy mudofaa vaziri harbiy va harbiy-texnik sohalarda keng ko‘lamli hamkorlikka tayyor ekanini ta'kidladi.

Hulusi Akar uchrashuvdan so’ng o’zbekistonlik jurnalistlarga bergan intervyusida “ota yurt” deb atalgan zaminga tashrif buyurganidan bahtiyor ekanligini tilga olib, uchrashuvlar juda samarali o’tganligini ma’lum qildi.



Aloqador xabarlar