O'zbekistondan xabarlar 27-qism

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-iyun kuni Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

1445191
O'zbekistondan xabarlar 27-qism

 

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-iyun kuni Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Elboshi Nursulton Nazarboyevga tez orada tuzalib ketishini, mustahkam sogʻlik va kuch-quvvat tiladi.

Muloqotda koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish, shuningdek, Oʻzbekiston va Qozogʻistonning jadal rivojlanib borayotgan ikki tomonlama munosabatlari va iqtisodiyotlariga pandemiya oqibatlarining salbiy taʼsirini kamaytirish borasida ikki mamlakat hukumatlari tomonidan birgalikda koʻrilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi. Bu boradagi saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirishni yana-da kuchaytirish muhim ekani taʼkidlandi.

Koʻp asrlik doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan Oʻzbekiston-Qozogʻiston amaliy hamkorligi kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻzaro manfaatli aloqalarning ustuvor yoʻnalishlarida qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda. Oʻndan ortiq yangi loyihani amalga oshirish nazarda tutilayotgan sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash boʻyicha “yoʻl xaritasi” maʼqullandi.

Boʻlajak uchrashuv va tadbirlar rejasi yuzasidan ham fikr almashildi.

Muloqot soʻngida ikki davlat yetakchilari Oʻzbekiston va Qozogʻiston xalqlariga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.

 

 

Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasida siyosiy-iqtisodiy maslahatlashuvlar boʻlib oʻtdi


Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar, investitsiyalar va tashqi savdo vazirlari oʻrinbosarlari hamda Turkmaniston tashqi ishlar, savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar vazirlari oʻrinbosarlari ishtirokida videokonferensaloqa shaklida Oʻzbekiston-Turkmaniston siyosiy-iqtisodiy maslahatlashuvlari boʻlib oʻtdi.

Soʻnggi yillarda davlatlar rahbarlarining qatʼiy siyosiy irodasi va doimiy qoʻllab-quvvatlashi sababli Oʻzbekiston - Turkmaniston munosabatlari yangi bosqichga koʻtarilib, barqaror rivojlanib borayotgani taʼkidlandi.

Tomonlar davlat tuzilmalari, hududlar va ikki mamlakatning ishbilarmon doiralari oʻrtasida muvaffaqiyatli hamkorlik qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston - Turkmaniston hukumatlararo komissiyasi, Ishbilarmonlik kengashi kabi muloqot shakllari imkoniyatlaridan foydalanish muhimligini taʼkidladi. Ikki mamlakat oʻrtasida chegara oldi savdo zonasini yaratish, almashinayotgan mahsulotlar va xizmatlar turi va miqdorini oshirish zarurligi qayd etildi.
Transport kommunikatsiyalari va tranzit sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, suv-energetika muammolarini hal etishda oʻzaro hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.
Shuningdek, siyosiy, madaniy va gumanitar sohalardagi ikki va koʻp tomonlama hamkorlikning bugungi holati, istiqboli muhokama qilindi.

 

Oʻzbekiston Prezidenti Buyuk Gʻalabaning 75 yilligiga bagʻishlangan tantanada ishtirok etdi

 

Maʼlumki, bu yil Rossiya Federatsiyasi poytaxti Moskva shahrida Buyuk Gʻalabaning 75 yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbir 9-may kuni oʻtkazilishi rejalashtirilgan edi. Ammo koronavirus pandemiyasi sababli uni tashkillashtirish keyingi muddatlarga surildi. Zafarli 1945-yilda Gʻalabaning birinchi markaziy paradi 24-iyun sanasida oʻtkazilgani bois joriy yil ham bunday tantana uchun aynan shu kun tanlandi.

Mazkur tarixan muhim voqeani birgalikda nishonlash maqsadida Rossiya hukumati muzaffar mamlakatlar rahbariyatlari nomiga taklifnomalar yubordi.Oʻzbekiston ham, albatta, oʻsha gʻolib davlatlar sirasida. Oʻzbekistonning oʻsha mashʼum urushda muvaffaqiyat uchun qoʻshgan hissasi, hech mubolagʻasiz, ulkan.

Masalan, soʻnggi paytlarda olib borilgan tadqiqotlar natijasida Oʻzbekistondan 2 millionga yaqin kishi urushga safarbar etilgani aniqlandi. Front ortida ham Oʻzbekistonliklar koʻrsatgan matonat kelajak avlodlarga cheksiz faxr va iftixor bagʻishlaydi.

Shu bois Oʻzbekistonvakillari Gʻalabaning 75 yillik shonli sanasi munosabati bilan Moskva shahrida oʻtkaziladigan tantanaga taklif etildi.

Taʼkidlash joiz, pandemiya butun dunyoga oʻz taʼsirini koʻrsatayotgan hozirgi ogʻir sharoitda davlat rahbarining bunday tadbirda ishtirok etishining oʻzi ajdodlarga xos qahramonlik ifodasidir. Ekspertlar fikriga qaraganda, mustaqil Oʻzbekiston Prezidentining ilk bor qatnashishi paradning nufuzini sezilarli darajada oshiradi.

Harbiylar ham mazkur tadbirda Oʻzbekiston istiqlolga erishganidan keyin birinchi bor ishtirok etishlari. Zero, davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev 23 iyun kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Kremlda boʻlib oʻtgan uchrashuvida taʼkidlanidek, bu bizning umumiy tariximiz, umumiy gʻalabamizdir. Xalqlarimiz namoyish etgan jasorat barchamiz uchun cheksiz gʻurur manbai boʻlib xizmat qiladi.

Shavkat Mirziyoyev Moskvaning Qizil maydonida boʻlib oʻtgan tantanali tadbirda oʻz ishtiroki bilan Oʻzbekiston elining shonli Gʻalabaga erishishdagi umum eʼtirof etilgan buyuk xizmatiga hurmat bajo keltirdi.

Moskvada boʻlib oʻtgan paradda Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari vakillari ham ulugʻ ajdodlarga munosib tarzda ishtirok etdi.Umumiy hisobda, tantanada 13 ta davlatdan 225 ta harbiy texnika, 14 ming askar va ofitser qatnashdi. Rossiya poytaxti osmonidan 55 samolyot va 20 ta vertolyotning uchib oʻtishi bayramga oʻzgacha ruh bagʻishladi.

 

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi Turizm vazirlarining V yigʻilishi

 

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (TTDHK) Turizm vazirlarining V yigʻilishi videokonferensiya shaklida boʻlib oʻtdi.

Mazkur onlayn uchrashuvda TTDHK Bosh kotibi Bagdad Amreyev, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov, Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Ersoy, shuningdek, kengash tarkibidagi boshqa mamlakatlar turizm sohasi rahbarlari qatnashdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 14 senyabr kuni “Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining tuzilishi toʻgʻrisidagi Naxichevan bitimini ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida”gi qonunni imzolagan edi. 2019-yil 15-oktyabr kuni Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida boʻlib oʻtgan TTDHK sammitida Oʻzbekiston Respublikasi toʻlaqonli aʼzo sifatida qatnashdi va tadbirda davlat rahbari ishtirok etdi.

Videoanjuman ishtirokchilari turizm sohasining “COVID-19” pandemiyasi sharoitidagi holati, Kengash mamlakatlarining turizm sektorini jonlantirishga doir tajribasi, Turk kengashiga aʼzo davlatlar oʻrtasida sayyohlik almashinuvini tiklashga oid chora-tadbirlar hamda davlatlarning sayyohlik yoʻnalishlarini ilgari surishga qaratilgan turli loyiha va tashabbuslarni muhokama qilishdi.

TTDHK Bosh kotibi Oʻzbekiston Respublikasi rahbariyatiga Tashkilotga aʼzo davlatlarning turistik shaharlari boʻylab tayyor turpaketlar tizimini koʻzda tutuvchi “Zamonaviy Ipak yoʻli” loyihasidagi ishtiroki uchun alohida minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, u Oʻzbekistonning boy tarixiy madaniy merosi va ulkan turistik salohiyatini eʼtirof etib, koʻp tomonlama turistik loyihalarni rivojlantirishga turtki berishiga ishonch bildirdi.

– Oʻzbekiston oʻzining turizm sohasidagi yoʻnalishlari va qadimiy obidalari bilan dunyoga tanilgan, – dedi Bagdad Amreyev. – Mamlakat bebaho tarixiy merosga ega.

Aziz Abduhakimov ishtirokchilarga Oʻzbekistonda turizm sohasini qoʻllab-quvvatlovchi chora-tadbirlar va dasturlar haqida soʻzlab berdi. Prezidentning joriy yil 28-maydagi “Koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini kamaytirish uchun turizm sohasini qoʻllab-quvvatlashga doir kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni va “Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qatʼiy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori mohiyati bilan batafsil tanishtirdi.

– Bugungi kunda epidemiologik jihatdan barqaror davlatlarning aksariyati bilan parvozlar va sayyohlar qabulini tiklashga doir muzokaralar boshlangan, – dedi A.Abduhakimov. – Xususan, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Xitoy va Isroil davlatlari turistik biznes vakillari zarur tashkiliy masalalar ishlab chiqilgan taqdirda, yaqin oylarda oʻz sayyohlarini Oʻzbekistonga yuborishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

“Uzbekistan. Safe travel guaranteed” xavfsizlik tizimi doirasida xorijiy turistlar Oʻzbekiston hududidagi sayohati davomida koronavirus yuqtirib olgan taqdirda, 3000 AQSH dollari miqdorida kompensatsiya toʻlanadi.

Ularning davolanishi qoplanishi, qolaversa, har bir olib kelingan xorijiy sayyoh uchun mahalliy turistik kompaniyalarga 15 AQSH dollari miqdorida subsidiya berilishi hamda turizm sohasi subyektlari tomonidan olingan kreditlar foiz toʻlovlarining subsidiyalanishi, asosiy qarz toʻlov muddati 1,5-2 yilga uzaytirilishi, turli soliq imtiyozlari berilishi va shu kabi boshqa tashabbuslar amalga oshirilayotgani ham aytib oʻtildi.

Anjuman qatnashchilari eʼtiboriga “oʻz vaqtida  Abu Ali ibn Sino ilmiy asoslangan “Fi tadbiri al-musofirin” – “Sayohatchilar uchun tadbirlar” metodik qoʻllanmasida xavfsiz sayohatga oid tadbirlar, sanitar-gigenik qoidalar haqida soʻz yuritgani va shu tariqa karantin rejimi hamda sanitariya qoidalariga asos solgani" toʻgʻrisidagi qimmatli maʼlumotlar ham havola etildi.

Tadbir ishtirokchilari turizm sohasini tezkor tiklashga doir choralar hamda sohani rivojlantirishda foydalanilayotgan yangi jihozlar, xususan, “Uzbekistan. Safe travel guaranteed” sanitar-epidemiologik xavfsizlik tizimi hamda Andijon, Buxoro va Urganch aeroportlarida “Ochiq osmon” rejimining kengaytirilishi, shuningdek, respublika boʻyicha turli turistik zonalarning rivojlanish mexanizmlarini yuqori baholashdi.

Bundan tashqari, Bosh vazir oʻrinbosari turizmni raqamlashtirishni yaxshilashga doir loyihani amalga oshirish zarurati haqida soʻz yuritdi.

Shuningdek, Qoʻmita rahbari 2020-yilda Xiva shahri Turk dunyosining madaniy poytaxti, deb eʼlon qilinganini ham alohida taʼkidlab oʻtdi.

Tadbir yakuniga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi tashabbusi hamda konferensiya ishtirokchilarining qoʻllab-quvvatlashi bilan TTDHK turizm masalalari vazirlarining keyingi – VI yigʻilishini 2021-yil Oʻzbekistonda oʻtkazishga doir kelishuvga erishildi.

 

Turkiyalik ekspertlar: Oʻzbekiston rahbari tarixiy adolat tarafdori ekanini namoyish etdi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning fashizm ustidan qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligi munosabati bilan tashkil qilingan tadbirlarda ishtirok etish uchun Rossiyaga qilgan tashrifi Turkiyalik ekspertlar tomonidan eʼtirof etilmoqda. Mazkur tashrif Oʻzbekistonning faol tashqi siyosati, Oʻzbekiston – Rossiya siyosiy muloqoti yuqori darajada rivojlanib borayotgani va Buyuk gʻalabaga hissa qoʻshgan barchaga yuksak hurmat sifatida baholanyapti, deb xabar bergan “Dunyo” AA.

Xususan, Turkiyaning Strategik fikrlar instituti direktori, professor Muhammad Savashli Kavkasali Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ushbu safari qator sabablarga koʻra alohida ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi. Uning bildirishicha, Oʻzbekiston birinchi navbatda Ikkinchi jahon urushi va unda qozonilgan Gʻalabani nishonlash mavzusiga yangicha munosabatda boʻlmoqda. Ikkinchidan, bu tashrif Rossiya Federatsiyasi bilan strategik hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi.

“Shuningdek, Oʻzbekistonning Moskvadagi tadbirlarda ishtiroki ikki jihatdan muhim ahamiyat kasb etadi – birinchidan Oʻzbekiston muhim sherik-davlatdir, ikkinchidan esa mamlakat joriy yilda MDHga raislik qilmoqda.Yana bir jihat, mamlakatning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi davlat sifatida ishtirok etishdan manfaatdorligi ham katta ahamiyatga ega.Ushbu omillarning barchasi birgalikda tarixiy ahamiyatga ega”, deya qayd etadi turkiyalik ekspert.

“Sahipkiran” strategik tadqiqotlar markazi direktori (Anqara) Mesut Emre Karakose fikricha, Oʻzbekiston Prezidenti oʻzining samimiy va qatʼiyatli harakatlari, tarixiy adolatga sodiqlik yoʻlidagi amaliy qadamlari bilan nafaqat oʻz davlati tinchligi va farovonligi haqida qaygʻuradigan haqiqiy davlat yetakchisi, balki butun xalqaro hamjamiyat arbobi ekanini namoyish etdi.

— Prezident Shavkat Mirziyoyevning oʻzbek xalqining fashizm ustidan qozonilgan Buyuk gʻalabaga qoʻshgan hissasi haqidagi samimiy soʻzlari menda katta taassurot qoldirdi, — deydi u. — Shu nuqtayi nazardan, oʻzbek askarlari Rossiya va boshqa davlatlarning harbiy xizmatchilari bilan birga Moskvadagi Gʻalaba paradida ishtirok etgani mantiqan toʻgʻri, deb hisoblayman.

Toshkent shahri markazida taniqli temirchi Shoahmad Shomahmudovlar oilasiga oʻrnatilgan yodgorlikni qayta tiklash toʻgʻrisidagi qarorni yaxshi eslayman. Bu yil yana bir yangi qadam tashlandi – Prezident Shavkat Mirziyoyev Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Buyuk gʻalabaning 75 yilligi munosabati bilan Moskvada tashkil qilingan tadbirlarda ishtirok etdi.

Aslida, Oʻzbekiston rahbarining oʻziga xos murojaati nafaqat oʻz xalqiga, balki xalqaro jahon hamjamiyatga qaratilgan.Darhaqiqat, urush insoniyat uchun dahshatli falokat, urushning oldini olish, tinchlik hamda osoyishtalikni saqlash har birimizning burchimiz. Tegishli voqealar va yodgorliklar bizni notoʻgʻri qadamlardan ogohlantiradigan koʻrgazmali vositalardan biri boʻlib, tinchlik va osoyishtalik barcha ijodiy yutuqlar asosi ekanini doim eslatib turadi.

Shu bois, aytish mumkinki, Oʻzbekistonda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlar mamlakat rahbarining nafaqat xalqaro munosabatlardagi zamonaviy murakkab jarayonni, voqealarning kelgusi rivojini chuqur anglashi, balki har bir ishga javobgarlik hissi bilan yondashishi, muammolarni hal qilishda chinakam xohish namoyon etishidan darak beradi.


Tanlangan kalimalar: #Shavkat Mirziyoyev , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar