O'zbekistondan xabarlar 25-qism

O'zbekistonda “Faxriy murabbiy” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.

1436272
O'zbekistondan xabarlar 25-qism

 

Oʻzbekistonda yana bir orden taʼsis etildi.

“Faxriy murabbiy” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.

Qonun bilan “Faxriy murabbiy” ordeni taʼsis etildi va orden toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

“Faxriy murabbiy” ordeni bilan yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, ularni yot gʻoyalardan asrash, yosh avlod vakillarida faol fuqarolik pozitsiyasi va mafkuraviy immunitetni, tashabbuskorlik, fidoyilik va axloqiy fazilatlarni shakllantirishga hissa qoʻshgan Oʻzbekiston fuqarolari mukofotlanadi.

Ushbu orden bilan mukofotlangan shaxslar BHMning 40 barobar (8 mln 920 ming soʻm) miqdoridagi bir martalik pul mukofotini oladi va qonun hujjatlarida belgilangan imtiyozlardan foydalanadi.

 

AQSh Prezidentining Oʻzbekiston Prezidentiga maktubi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Prezident Janoblari!

Sizga va 2020-yil 1-may kuni Sardoba suv omborining toʻgʻoni qisman qulashi oqibatida jabrlanganlarga hamdardlik bildiraman. Suv ostida qolgan uylar, koʻchirilgan aholi, vayron boʻlgan yoʻllar va fermer xoʻjaliklari tasvirlarini koʻrish qalbni larzaga soladi.

Shaxsiy eʼtibor va tezkor choralar koʻrish orqali Siz liderlik xususiyatlarni namoyish etdingiz. Davlat departamenti va AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi ham ushbu fojiaga javoban darhol chora koʻrdilar va koʻmak koʻrsatishga qaratilgan saʼy-harakatlarimiz uchun mablagʻ ajratdilar.

Amerika Qoʻshma Shtatlari ushbu mushkul paytda Oʻzbekiston va uning xalqiga yelkadoshdir.

Shu bilan birga, koronavirusga qarshi kurashda birgalikda ish olib borar ekanmiz, ushbu mudhish pandemiyaga qarshi chora-tadbirlar uchun yordam boʻyicha soʻrovingiz tez fursatlarda koʻrib chiqilishini taʼminlash uchun maʼmuriyatimga koʻrsatma berdim.

Hurmat bilan,

Donald Tramp,

Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti

 

Jahon banki yana bir bor Oʻzbekistonni eʼtirof etdi

2020-yil koronavirus epidemiyasi sharoitida retsessiya emas, balki iqtisodiy oʻsish taxmin qilinayotgan Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyodagi yagona mamlakat Oʻzbekiston boʻlib qolishi bashorat qilinmoqda. Bu haqda Jahon bankining Iyun oyida chiqqan “Jahon iqtisodiyoti istiqbollari” maʼruzasida soʻz yuritilgan.

COVID-19 pandemiyasi tufayli jahon bozorlarida xom ashyo mahsulotlari narxi tushib ketgani, global va mintaqaviy ishlab chiqarish-sotish zanjirida roʻy bergan uzilish hamda moliyaviy bozorlarda tahlikaga dosh bermaslik darajasi oshishi Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotiga halokatli taʼsir koʻrsatgan.

Jahon banki prognoziga koʻra, 2020-yil jahon iqtisodiyotida 5,2 foizlik pasayish kutilmoqda. Bu Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrdagi eng salbiy holatdir. Maʼruzada aytilishicha, aholi jon boshiga ishlab chiqarish hajmi 1870-yildan boshlab mamlakatlarning eng katta ulushiga toʻgʻri keladi.

Inqirozga javoban, mintaqadagi koʻplab mamlakatlar markaziy banklari pul-kredit tizimini qoʻllash koʻlamini kengaytirmoqda. Qozogʻiston rasmiylari valyutalarni barqarorlashtirish hamda volatillik (oʻzgaruvchanlik)ni pasaytirish uchun valyuta bozorlarida intervensiya oʻtkazmoqda, Rossiya rasmiylari esa ayni maqsadda suveren jamgʻarmalardan foydalanmoqda.

Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi iqtisodiyotida 4,7 foizlik pasayish taxmin qilinmoqda, deyarli barcha mamlakatlar iqtisodiy retsessiyani boshidan kechiradigan boʻlib turibdi. Mintaqadagi yigirma toʻrt davlat orasida birgina Oʻzbekiston 2020-yilda 1,5 foizlik oʻsishga erishishi kutilmoqda.

Ekspertlar tahliliga koʻra, Rossiya, Qozogʻiston va Ozarbayjondagi iqtisodiy oʻsishni neftga boʻlgan past narx cheklab turibdi. Rossiyada COVID-19 koronavirus infeksiyasi tarqalishidagi sakrash va neft narxi tushib ketishi ortidan iqtisodiy pasayish 6 foizni tashkil etadi.

Pandemiya xususiy isteʼmol va investitsiyalarni cheklayotgani bois, iqtisodiy faollik Markaziy Yevropada 5, Gʻarbiy Bolqon yarim oroli mamlakatlarida – 3,2, Janubiy Kavkazda – 3,1, Sharqiy Yevropada 3,6, Markaziy Osiyoda – 1,7 foizga qisqaradi.

Jahon banki ekspertlarining qayd etishicha, “koʻpchilik mamlakatlar, garchi cheklangan soliq-byudjet imkoniyatlariga ega boʻlsalar ham, direktiv organlar mavjud zaxiradan foydalanmoqda yoki ustuvorlik sogʻliqni saqlash, ijtimoiy himoya, xususiy sektorni qoʻllash hamda moliyaviy bozordagi uzilishning oldini olishga qaratilmoqda”.

Bir qator mamlakatlar soliq-byudjet choralari paketlari joriy etilishini eʼlon qildi, biroq sogʻliqni saqlash tizimi salohiyati cheklanganini hisobga olganda, koʻpchilik mamlakatlar iqtisodiyoti pandemiyaga yaxshi tayyorgarlik koʻrmagani maʼlum boʻlib qoldi. Tojikistonda retsessiya 2, Turkiyada – 3,8, Qozogʻistonda – 3, Qirgʻizistonda – 4 va Turkmanistonda 0 foizni tashkil etadi.

Ushbu kutilma (prognoz) mamlakatlar hukumatlari tomonidan ikkinchi yarim yillik boshlanishida cheklov choralarini bosqichma-bosqich bekor qilishi toʻgʻrisidagi taxminlardan kelib chiqqan holda tuzilgan. Pandemiya oqibatlarini asta-sekin bartaraf etish hamda savdo va investitsiyalarni qayta tiklashni koʻzda tutuvchi ssenariyga koʻra, 2021-yilda mintaqa iqtisodiyoti jonlanib 3,6 foizlik oʻsish kuzatilishi mumkin.

Oldinroq Jahon banki 2020-yilda mehnat muhojirlari uylariga joʻnatayotgan pullar miqdori 20 foizga qisqarishini oldindan bashorat qilgandi. Xalqaro mehnat tashkiloti may oyi oxirida inqirozning yosh yigit-qizlarga kuchli salbiy taʼsir koʻrsatishi hamda ularning taʼlim olish va ishga joylashish imkoniyatlari pasayishi mumkinligi haqida soʻz yuritilgan maʼruzasini eʼlon qilgandi. “Karantin avlodi” uchun salbiy taʼsir uzoq vaqt davom etishi mumkin, deya taxmin qilishyapti ekspertlar.

 

BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha Mintaqaviy markazi videokonferensiyasi toʻgʻrisida


Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Sherzod Asadov boshchiligidagi delegatsiya BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha Mintaqaviy markazi MOPDMM tomonidan tashkil etilgan videokonferensiyada ishtirok etdi.
Tadbirda BMT Bosh kotibining siyosiy masalalar boʻyicha yordamchisi Miroslav Yencha, MOPDMM rahbari Natalya German, Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari va Afgʻoniston tashqi siyosat idoralari rahbarlari oʻrinbosarlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va YEXHT vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuv chogʻida mintaqaviy va xalqaro miqyosda SOVID-19 koronavirusi pandemiyasiga qarshi kurashda saʼy-harakatlarni birlashtirish masalalari muhokama qilindi. Inqirozdan keyingi davrda Markaziy Osiyo davlatlarining oʻzaro hamkorligini kuchaytirish, shuningdek, ushbu yoʻnalishda birgalikdagi saʼy-harakatni qoʻllab-quvvatlashda BMTning roli yuzasidan fikr almashildi.

 

Akmal Saidov Parlamentlararo ittifoqning ijroiya qoʻmitasi yigʻilishida ishtirok etdi


 

Shu yilning 11-iyunida onlayn-rejimda Parlamentlararo ittifoq ijroiya qoʻmitasining yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Uning ishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, bundan avval 2029-2023-yillarga PAI Ijroiya qoʻmitasi raisining oʻrinbosari etib tayinlangan Akmal Saidov ishtirok etdi.

Eslatib oʻtamiz, PAI eng keksa xalqaro tashkilotlardan biri boʻlib, parlamentlararo muloqotning eng yirik maydonchasi hisoblanadi.1889-yilda tashkil qilingan ushbu tuzilma hozirgi kunda 179 ta mamlakatni, shuningdek mintaqaviy parlament birlashmalaridan 13 ta aʼzoni qamrab oladi.
PAI ning Ijroiya qoʻmitasi 18 ta aʼzodan iborat boʻlib, ular Tashkilot doirasida barcha 6 ta geosiyosiy guruhlarni birlashtiradi va uning maʼmuriy organi vazifasini bajaradi.


Ijro qoʻmitasining videokonferensiya shaklida oʻtgan ushbu yigʻilishining kun tartibi oʻz ichiga quyidagi bandlarni qamrab olgan:

- PAI raisi va bosh kotibining faoliyati yakunlari toʻgʻrisidagi hisobotlarini tinglash;
- Parlamentlararo ittifoqning 2017-2021-yillarga moʻljallangan Strategiyasini implementpatsiya qilish jarayoni;

-BMT institutlari bilan oʻzaro hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari;

- moliyaviy masalalar va PAI faoliyatining oshkoraligini taʼminlash choralari.
Shuningdek, koronavirus infeksiyasi nuqtayi nazaridan vujudga kelgan vaziyatni hisobga olgan holda PAI liniyasi boʻyicha rejalashtirilgan parlamentlararo hamkorlikning xalqaro tadbirlari muhokama qilindi.

Kun tartibi bandlari boʻyicha A.Saidov soʻzga chiqdi va u ishtirokchilar eʼtiborini qonunchilik organlarini pandemiyani tizginlash boʻyicha xatti-harakkatlarga amaliy jalb qilishning ahamiyatiga qaratdi.

Misol tariqasida Oliy Majlis faoliyatining tajribasi keltirildi, zero u mamlakatning ichki siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid muhim ustuvor masalalarni hal qilish barobarida xalqaro hamkorlar bilan oʻzaro aloqalarni qoʻllab-quvvatladi va faol rivojlantirdi. Xususan, Oʻzbekistonda koronavirusning tarqalishiga va uning salbiy oqibatlariga qarshi kurash choralari ishtirokchilar tomonidan ijobiy baholandi.

Ijroiya qoʻmitasi raisining oʻrinbosari A.Saidov tomonidan PAI doirasida oshkoralikni kuchaytirish boʻyicha ishlarni davom ettirish zarurligi shuningdek boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan ushbu yoʻnalishda toʻplangan amaliy tajribadan foydalanish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.
Ayni paytda, joriy yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusiga koʻra Inson huquqlari boʻyicha Samarqand anjumani haqidagi xabar yetkazildi.Ushbu anjumanning asosiy mavzusini yoshlarning huquqlarini, ularning BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlidagi oʻrnini taʼminlash va himoyalash tashkil etadi.


Tanlangan kalimalar: #orden , #Shavkat Mirziyoyev , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar