O'zbekistondan xabarlar 23-qism

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Mehr-saxovat” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisidagi farmoni...

1427156
O'zbekistondan xabarlar 23-qism

 

“Mehr-saxovat” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida

zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Jahon miqyosida keng tarqalib, global muammoga aylangan koronavirus pandemiyasi davrida, shuningdek, turli tabiiy ofatlar, favqulodda holatlar tufayli el-yurt boshiga tushgan sinovli kunlarda mavjud xavf-xatarlarga qarshi kurashda, ularning oqibatlarini bartaraf etishda mardlik va jasorat namunasini koʻrsatgan, milliy qadriyat va anʼanalarimizni munosib davom ettirib, mehr-oqibat, saxovat, himmat va olijanoblik fazilatlarini ulugʻlab kelayotgan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ularga beminnat koʻmak berish borasidagi ishlarni umumxalq harakati darajasiga koʻtarishga katta hissa qoʻshgan, jamiyatda tinchlik-osoyishtalik, birlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlashda faol ishtirok etib, begʻaraz homiylik yordami hamda ezgu ishlari bilan koʻpchilikka alohida oʻrnak boʻlayotgan yurtdoshlarni taqdirlash maqsadida:

1. “Mehr-saxovat” koʻkrak nishoni taʼsis etilsin.

2. Quyidagilar:

“Mehr-saxovat” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;

“Mehr-saxovat” koʻkrak nishonining tavsifi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda “Mehr-saxovat” koʻkrak nishonlari va ularning guvohnomalarini belgilangan tartibda tayyorlanishini taʼminlasin.

4. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasining

Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 26-may.

 

Shavkat Mirziyoyev Salome  Zurabishvilini tabrikladi

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Gruziyaning Mustaqillik kuni munosabati bilan Prezident Salome Zurabishviliga tabrik yoʻlladi.

 

Oʻzbekiston Prezidenti Iordaniya Podshohiga tabrik yoʻlladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Mustaqillik kuni munosabati bilan Podshoh Abdulla II ibn Husaynal-Hoshimiyni tabrikladi.

 

Shavkat Mirziyoyev Alberto Fernandesni tabrikladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-may kuni Argentina Respublikasining milliy bayrami - May inqilobi kuni munosabati bilan Prezident Alberto Anxel Fernandesga tabrik yoʻlladi.

 

Shavkat Mirziyoyev Ilhom Aliyevni tabrikladi

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonning milliy bayrami – Respublika kuni munosabati bilan Prezident Ilhom Aliyevga tabrik yoʻlladi.

 

Abdulla Aripovva Mixail Mishustin Oʻzbekiston va Rossiya hamkorligiga oid bir qator masalalarni muhokama qildi

 

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Rossiya Federatsiyasi Bosh vaziri Mixail Mishustin oʻrtasida telefon orqali muloqot boʻlib oʻtdi. RF hukumati matbuot xizmati xabariga koʻra, suhbat davomida ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik doirasidagi qator masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, muloqot chogʻida bugun videokonferensiya shaklida boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan MDHga aʼzo mamlakatlar Hukumat rahbarlari kengashining majlisi munosabati bilan fikr almashilgan.

Mixail Mishustin va Abdulla Aripov ikki va koʻp tomonlama hamkorlik kun tartibi boʻyicha ham gaplashib oldilar.

 

MDH Hukumat rahbarlari kengashining majlisi

2020-yil 29-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi raisligi doirasida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo mamlakatlar Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.
Videokonferensaloqa shaklida tashkil etilgan majlisga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov raislik qildi.

Tadbirda Belarus Respublikasi Bosh vaziri Sergey Rumas, Moldova Respublikasi Bosh vaziri Ion Kik, Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri Ali Asadov, Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Mixail Mishustin, Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda, Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri Asqar Mamin, Armaniston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Mger Grigoryan, Qirgʻiziston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Erkin Asrandiyev, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov va MDH Ijroiya qoʻmitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev ishtirok etdi.

Majlis qatnashchilari asosiy eʼtiborni MDH doirasidagi iqtisodiy hamkorlikning dolzarb masalalariga, shuningdek, koronavirus pandemiyasi sharoitida koʻrilayotgan birgalikdagi chora-tadbirlarga qaratdi.

Muhokamalar natijasida yangi koronavirus infeksiyasi “COVID-19” tarqalishi munosabati bilan MDHga aʼzo mamlakatlar Hukumat rahbarlarining Bayonoti qabul qilindi. Kengash qaroriga koʻra, mazkur hujjat matni BMT, JSST va boshqa yirik xalqaro tashkilotlarga ham tarqatiladi.

Barqaror iqtisodiy rivojlanish uchun qulay shart-sharoit yaratish, MDHga aʼzo mamlakatlar fuqarolari turmush tarzi va farovonligini oshirish maqsadida tomonlar 2030-yilgacha boʻlgan davrda Hamdoʻstlikni iqtisodiy rivojlantirish strategiyasini tasdiqladilar. MDH mamlakatlari savdo-iqtisodiy hamkorligining bazaviy tamoyillari va asosiy yoʻnalishlarini belgilab beradigan ushbu hujjat Hamdoʻstlikka aʼzo davlatlar iqtisodiyoti raqobatbardoshligini oshirish, shuningdek, oʻzaro manfaatli sheriklikka koʻmaklashishga qaratilgan.

Muloqotlar davomida karantin cheklovlari sharoitida savdo-iqtisodiy va transport-kommunikatsiya sohalarida yoʻlga qoʻyilgan mavjud mexanizmlarni, shuningdek, MDH hududidagi erkin savdo zonasining toʻlaqonli ishlashini saqlab qolish muhimligi qayd etildi.

MDH mamlakatlari aholisi hayot darajasi va sifatini oshirish maqsadida yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro hurmat va manfaatlarni hisobga olgan holda hamkorlikni yana-da kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.

MDH Hukumat rahbarlari kengashi majlisi yakunlari boʻyicha transport, energetika, qurilish, taʼlim, madaniyat, turizm, jismoniy tarbiya va sport sohalarini, shuningdek, yoshlar siyosatini rivojlantirishga oid jami 14 ta hujjat imzolandi.

Tomonlar MDH Ijroiya qoʻmitasining Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo mamlakatlar Hukumat rahbarlari kengashi navbatdagi majlisini joriy yil noyabr oyida Oʻzbekistonda oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifini qoʻllab-quvvatladilar.



Aloqador xabarlar