O'zbekistondan xabarlar 7-qism

O'zbekiston delegatsiyasi ShHTning Milliy koordinatorlari kengashi yig'ilishida ishtirok etmoqda.

O'zbekistondan xabarlar 7-qism

 

 

Joriy yilning  11-14- Fevral kunlari  O'zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Moskva shahrida bo’lib o'tgan Shanhay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar Milliy koordinatorlari kengashi (SHHT MKK) yig'ilishida ishtirok etdi.

Yig'ilish kun tartibida, tashkilot faoliyatining joriy masalalar hamda Sankt-Peretburg shahridagi bo'lajak  SHHT Sammitida qabul qilinishi rejalashtirilayotgan hujjatlar loyihalari ko'rib chiqildi.

Shuningdek, yig'ilish ishtirokchilari SHHTning 2020 yildagi asosiy tadbirlar rejasini kelishib oldi va tasdiqladi.

 

Ravshan Ermatov vazir o‘rinbosari bo‘ldi.

O‘FA vitse-prezidenti Ravshan Ermatov O‘zbekiston sport vaziriga birinchi o‘rinbosar bo‘ldi.  U parallel tarzda O‘FA vitse-prezidenti sifatidagi faoliyatini ham davom ettiradi. Ermatov 2019 yil 14 iyundan buyon O‘FA vitse-prezidenti lavozimida ishlab keladi. O‘tgan yil 27 noyabrda OFKda maxsus tadbir o‘tkazilgan va unda Ravshan Ermatov hakamlik faoliyatini yakunlagani e'lon qilingandi.

Ma'lumot o'rnida  Ravshan Ermatov O‘zbekistonllik futbol hakami. U FIFA tomonidan 2003-yildan beri xalqaro hakamlikka tayinlangan. Ravshan Ermatov Kanadada o'tkazilgan 2007-yilgi FIFA U-20 Jahon Chempionatida hakamlik qilgan.

2008, 2009, 2010 va 2011-yillarda Osiyoning "Eng Yaxshi Hakami", deb baholandi, va 2008-yilgi FIFA Klublararo Jahon Chempionati finalini boshqarish uchun tanlandi.

Uning asosiy ishi ham futbol bilan bog'liq. U futbol instruktori bo'lib ishlaydi. O'zbek tilidan tashqari, rus va ingliz tillarini ham biladi.

Ravshan Ermatov Osiyoning "Eng yaxshi hakam" nominatsiyasida ketma-ket to‘rt marotaba g‘olib bo‘lgan qit'adagi yagona futbol hakamidir. Xalqaro futbol uyushmalari federatsiyasi uni 2011-yilda jahonning eng yaxshi hakami, deb e'tirof etdi. 2014-yilgi jahon chempionatida ham qatnashdi.

 Ravshan Ermatov Guinness rekordlar kitobiga "Jahon chempionatlarini eng ko'p boshqargan hakam" sifatida kiritilgan.

 

 

Koronavirusga qarshi kurash davom etmoqda. O‘zbekiston Xitoyga insonparvarlik yordami yubordi.

 

Xitoyda tarqalgan koronavirusga (nCoV-2019) qarshi kurashish va uning tarqalishini cheklash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Xitoy Xalq Respublikasiga tibbiy buyumlar shaklida insonparvarlik yordami yubordi. 

Xitoy Xalq Respublikasi hukumatining amaliy xatti-harakatlarini yuqori baholagan holda hamda xavfli infeksiya tarqalishiga qarshi kurashish yuzasidan Xitoy tomonining sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash va uni bartaraf etish bo‘yicha birgalikdagi chora-tadbirlarni ta'minlash maqsadida 12 fevral kuni Toshkent xalqaro aeroportida insonparvarlik yordamining dastlabki partiyasi jo‘natildi.

Xitoyga quyidagi tibbiy buyumlar shaklida insonparvarlik yordami yuborildi: Unda bir martalik steril tibbiy qo‘lqoplar, himoya qiluvchi kombinezonlar, yuz uchun filtrlovchi niqoblar, maxsus tibbiy formalar, tibbiy niqoblar va tibbiy doka kabi mahsulotlar o’rin olgan.

Xitoyga tibbiy buyumlarning ikinchi partiyasi joriy yilning 1 martigacha jo‘natiladi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi insonparvarlik yuki shakllantirilishi va yetkazib berilishi uchun mas'ul etib belgilandi. Mudofaa vazirligi ushbu insonparvarlik yordamini Xitoy Xalq Respublikasiga yetkazib berish uchun yuk samolyotini ajratgan.

 

 

O'zbekiston va Rossiya Prezidentlari telefon orqali muloqot qildi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-fevral kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. 

Suhbatda davlat rahbarlari ko'p qirrali O'zbekiston-Rossiya hamkorligi jadal rivojlanib borayotgani hamda strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil mustahkamlanayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar. 

2019-yilda o'zaro hamkorlikda salmoqli amaliy natijalarga erishilgani va barcha darajalardagi muloqotlar sezilarli faollashgani alohida qayd etildi.

Xususan, ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi yuqori sur'atlar bilan barqaror oshib bormoqda. Bir yilning o'zida 500 qo'shma korxona tashkil etildi, Rossiyaning yetakchi kompaniya va baknlari ishtirokida iqtisodiyotning muhim tarmoqlarida ustuvor investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Ta'lim va madaniy-gumanitar sohalardagi almashinuvlar kengaymoqda. 
Muloqot chog'ida oliy darajadagi tadbirlar rejasi muhokama qilindi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi kun tartibini tayyorlash, jumladan, tashrif doirasida navbatdagi hududlar anjumanlarini, media-forum va boshqa tadbirlarni o'tkazishga alohida e'tibor qaratildi. 

O'zbekistonning Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligiga raisligi yilida O'zbekiston va Rossiya hamkorligining istiqbollari ko'rib chiqildi.  Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

 

 

Sevara Baratova “Caspian Cup-2020” g‘olibi

Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti iqtisodiyot fakulteti “Buxgalteriya hisobi va audit” ta’lim yo‘nalishi 3-bosqich talabasi Sevara Baratova 8-9 fevral kunlari Ozarbayjonning Baku shahrida mental arifmetika bo‘yicha o‘tkazilgan “Caspian Cup-2020” xalqaro musobaqasida ishtirok etib, instruktorlar o‘rtasida 1-o‘rinni egalladi. Mazkur xalqaro musobaqada Rossiya, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Ukraina, O‘zbekiston va Ozarbayjondan turli yosh toifalarida 300 nafardan ortiq mental arifmetikachi yoshlar ishtirok etdi.

Ta’kidlash lozimki, Sevara Baratova talaba bo‘lish bilan bir qatorda, Qarshi shahridagi “Global Education” innovatsion o‘quv markazida mental arifmetika o‘qituvchisi sifatida ham faoliyat olib boradi. Ayni paytda uning guruhida 30 nafar o‘quvchi mental arifmetika saboqlarini olmoqda. 2018 yil Toshkent shahrida, 2019 yil Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan respublika birinchiliklarida shogirdlari bilan ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan.

 

 

Toshkentda Osiyo Chempiyonati boshlandi.

 

‘O'zbekiston’ sport majmuasida og'ir atletika bo'yicha o'smirlar va yoshlar o'rtasida Osiyo Chempiyonati boshlandi.

O'zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo'mitasi hamda Osiyo o'gir atletika federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan musobaqada qit'amizning 20 davlatidan kelgan 200 nafarga yaqin atlet g'oliblik uchun kuch sinashadi.

Musobaqaning dastlabki kunida qizlar 40, 45, 49 va 55 kilogramgacha vazn toifasida, o'g'il  bolalar esa 49 kilogramgacha vaznda bahs olib boradi.

İlk g'oliblar ham ma'lum bo'ldi. 40 kg. vazn toifasida kurashga kirishgan O'zbekistonlik sportchi Diyoraxon Turg‘unova dast ko‘tarish mashqlarida oltin medalga sazovor bo‘ldi. Siltab ko‘tarish mashqlarida kumush medal bilan chegaralandi.

Shunday qilib, 2005 yilda tavallud topgan Diyoraxon Turg‘unova 1 ta oltin va 2 ta kumush medalga ega bo‘ldi.

 

 

 

 

 

 

 



Aloqador xabarlar