O'zbekistondan xabarlar 6-qism

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni rasmiy tashrif bilan O'zbekistonga kelgan Amerika Qo'shma Shtatlari Davlat kotibi Maykl Richard Pompeoni qabul qildi.

O'zbekistondan xabarlar 6-qism

 

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni rasmiy tashrif bilan O'zbekistonga kelgan Amerika Qo'shma Shtatlari Davlat kotibi Maykl Richard Pompeoni qabul qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev keyingi yillarda barqaror, tizimli tus olgan va o'zaro ishonchga asoslangan ko'p qirrali O'zbekiston-AQSH munosabatlari izchil rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Shuni alohida ta'kidlash lozimki, AQSH va O'zbekiston o'rtasidagi konstruktiv, shu jumladan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar bo'yicha siyosiy muloqot yo'lga qo'yildi. Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, texnologik, moliyaviy, agrar, energetik, ta'lim, huquqni himoya qilish va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik kengaymoqda.

Keyingi bir necha yil davomida tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar ko'paydi. AQSHning yetakchi kompaniyalari ishtirokida O'zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Amerika investitsiyalarining umumiy hajmi 1 milliard dollardan oshdi.

Maykl Pompeo bugungi kunda O'zbekistonda savdo-iqtisodiy hamkorlik ko'lamini bir necha o'n karra oshirish imkonini beradigan biznes tashabbuslari uchun keng imkoniyatlar mavjud ekanini bundan tashqari, AQSH O'zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirish jarayonini jadallashtirishga har tomonlama ko'maklashishi ta'kidladi.

Uchrashuvda mintaqaviy ahamiyatga molik masalalarga alohida e'tibor qaratildi.  Afg'onistonda tinchlikni o'rnatish, shuningdek, ushbu mamlakatni Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikka jalb qilish masalalari yuzasidan batafsil fikr almashildi.

Maykl Pompeo O'zbekistonning tinchlik va barqarorlikka erishish, Afg'onistonni ijtimoiy-iqtisodiy tiklashga doir aniq infratuzilma loyihalarini ilgari surishga qaratilgan faol sa'y-harakatlarini qo'llab-quvvatladi.

AQSH davlat kotibi O'zbekiston Prezidenti tomonidan mamlakatda olib borilayotgan demokratik yangilanishlar va iqtisodiy islohotlarning natijadorligini, mintaqada ishonch, sheriklik va yaxshi qo'shnichilik muhitini shakllantirishda katta natijalarga erishilganini  yuqori baholadi.  

Uchrashuv so'ngida O'zbekiston Respublikasi va Amerika Qo'shma Shtatlari o'rtasidagi strategik sheriklik va amaliy hamkorlik munosabatlarini har tomonlama mustahkamlashga ikki tomonning intilishi qat'iy ekani ta'kidlandi.

AQSH Davlat kotibi, o'z navbatida, ko'rsatilgan samimiy qabul uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevga dildan minnatdorlik bildirdi hamda Donald Trampning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

AQSH tomoni O'zbekistonning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini doimo qo'llab-quvvatlashda qat'iy ekanini yana bir bor tasdiqladi.

 

 

TOSHKENTDA "C5+1" SHAKLİDAGİ UCHRASHUV BO‘LİB O‘TDİ.

3 fevral kuni Toshkent shahrida Markaziy Osiyo va Amerika Qo‘shma Shtatlari Tashqi Siyosat Idoralari rahbarlarining "C5+1" shaklidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. 

Toshkent uchrashuvida Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi, Qirg‘iziston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov, Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Sirojidin Muxriddin, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi o‘rinbosari-Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov hamda AQSh Davlat kotibi Maykl Pompeo ishtirok etdi. 

Delegatsiyalar rahbarlari o‘z nutqlarida 2015 yili Samarqand shahrida boshlangan vazirlar uchrashuvlarining formati o‘zaro manfaatli hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash va kengaytirishning dolzarb va samarali mexanizmi sifatida o‘zini namoyish etgani qayd etishdi.

Shuningdek, vazirlar uchrashuvida dolzarb mintaqaviy muammolar, xususan Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.

 

 

UZBEKİSTAN AİRWAYS 4 FEVRALDAN XİTOYGA AVİAQATNOVLAR TO‘XTATİLİSHİNİ E'LON QİLDİ.

 

Uzbekistan Airways kompaniyasi koronavirus epidemiyasi sababli 4 fevraldan Xitoyga doimiy aviaqatnovlar vaqtinchalik to‘xtatilishi haqida xabar qildi.

4 fevraldan boshlab Uzbekistan Airways aviakompaniyasi koronavirus tarqalishi sababli Xitoyga (Pekin va Urumchi) muntazam reyslarni vaqtincha to‘xtatib qo‘ydi. 

Prezident  Shavkat Mirziyoyev farmoyishi bilan respublika maxsus komissiyasi tuzildi. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Xitoydan qaytarish va mamlakatda koronavirus tarqalishining oldini olish bilan shug‘ullanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning dekabr oyida Xitoyning Uxan shahrida 2019-nCoV koronavirusi tarqala boshladi va shu kunga qadar bu virus yuqishi oqibatida 305 kishi halok bo‘ldi, yana 14 mingdan ortiq kishida virus aniqlanib, ular maxsus sharoitda davolanmoqda. Shuningdek, Xitoydan tashqarida 20dan ortiq davlatda shu virus bilan kasallanganlar qayd etilgan.

Bundan avvalroq, Xitoyda tarqalgan koronavirus O‘zbekistonga kirib kelishining oldini olish va epidemiya tarqalgan hududdan fuqarolarni vatanga qaytarish maqsadida Hukumat komissiyasi tuzilgandi.

 

 

O‘ZBEKİSTON 250 NAFAR FUQAROSİNİ XİTOYDAN OLİB KELDİ.

O‘zbekiston xavfli koronavirus tarqalayotgan Xitoy hududidan fuqarolarini evakuatsiya qilishni boshladi.

4 fevral kuni Toshkent vaqti bilan soat 17:21da Uzbekistan Airways aviakompaniyasining charter reys orqali O‘zbekiston fuqarolarini Xitoydan evakuatsiya qilgan samolyoti Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘ndi. 

Samolyotda 250 nafar yo‘lovchi, ekipaj a'zolari, shuningdek, tibbiyot xodimlari zamonaviy himoya vositalari bilan ta'minlangan virusologiya sohasi mutaxassislari Pekindan olib kelindi.

«Charter reysga Sog‘liqni saqlash vazirligi Virusologiya ilmiy tekshirish institutining yuqumli kasalliklar bo‘yicha tajribali mutaxassis va epidemiolog-shifokorlari hamrohlik qilishdi. Ular tomonidan evakuatsiya qilingan yo‘lovchilar samolyotga chiqish paytida dastlabki tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Lozim bo‘lganda zarur tibbiy yordam ko‘rsatish va parvoz paytida biologik xavfsizlikni ta'minlash uchun barcha zarur vositalar taqdim etildi.

Xitoydan olib kelingan vatandoshlar koronavirusning O‘zbekistonga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish, xavfsiz sanitariya-epidemiologik holatni ta'minlash hamda aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida maxsus tayyorlangan tibbiyot muassasasiga joylashtirildi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga asosan, koronavirus inkubatsiyasi davrini hisobga olgan holda, Xitoydan olib kelingan O'zbekiston fuqarolari ikki hafta davomida xalqaro sanitariya-epedimiologiya talablari asosida qat'iy karantin holatida saqlanadi. Shu davr yakuniga qadar harorati ko‘tarilgan yoki boshqa kasallik alomatlari yuzaga kelganda zudlik bilan alohidalash, maxsus laboratoriya tekshiruvidan to‘liq o‘tkazish hamda davolash ishlarini standartlar bo‘yicha olib borish uchun barcha zarur choralar ko‘rilgan. Shu davrda ularning oila a'zolari bilan uchrashishi taqiqlanadi. Yaqinlari bilan faqat maxsus telefon aloqasi orqali muloqot qilishi mumkin bo‘ladi.

Tashkil etilgan vaqtincha karantin muassasalarida yuqumli kasalliklar bo‘yicha malakali virusolog, epidemiolog va boshqa yetakchi shifokor-mutaxassislar ish olib borishadi. Ular xavfli infeksiyalarga qarshi kurashda tashxis qo‘yish, davolash hamda karantin tadbirlarini tashkillashtirish tajribasiga ega. Shifokorlar karantin muassasasida belgilangan muddat yakuniga yetgunga qadar faoliyat olib borishadi.

Uxanda qolayotgan boshqa vatandoshlarni ham olib kelish uchun yana bir samolyot Xitoyga yuborilgan.

 

MİRZİYOYEV ERDO‘G‘ANGA TA’ZİYA BİLDİRDİ.

5 Fevral kuni Turkiyaning Van viloyatida 38 kishini hayotdan olib ketgan  qor ko‘chkisi  haqida xabarlar tarqalgan edi. Ushbu baxtsiz hodisa munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga ta’ziya bildirdi.  

“O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning sharqidagi Van viloyatida yuz bergan qor ko‘chishi oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani va jarohatlangani munosabati bilan Turkiya Prezidenti Rajab Tayyib Erdo‘g‘anga hamdardlik bildirdi”.

 

ABDULAZİZ KOMİLOV  HAMKASBİ MAVLUD CHAVUSHO'G'Lİ BİLAN UCHRASHDİ.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Ozarbayjonning Baku shahrida Turkiy tilli davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida ishtirok etdi.  

2020 yilning 5 fevral kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (Turkiy kengash) Tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisida ishtirok etish uchun Boku shahriga kelgan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘lu bilan uchrashdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston-Turkiya kun tartibidagi dolzarb masalalar va joriy yilda qo‘shma tadbirlarga tayyorgarlikning borishi yuzasidan fikr almashildi.  

Ko‘p tomonlama shakllardagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Shu munosabat bilan Turkiy kengash doirasida muloqotni kengaytirishga o‘zaro qiziqish tasdiqlandi. 

Uchrashuvda vazirlar xalqaro va mintaqaviy muammolarni ham muhokama qildilar.


Tanlangan kalimalar: Mayk Pompeo , AQSh , Shavkat Mirziyoyev , O'zbekiston

Aloqador xabarlar