O'zbekistondan xabarlar 51-qism

O`zbekiston Prezidenti Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosining Saylovlarni kuzatish bo`yicha missiyasi rahbarini qabul qildi.

1326068
O'zbekistondan xabarlar 51-qism

 

Lazgi raqsi UNESCOning Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro`yxatiga kiritildi.

Birlashgan Millatlar Taʼlim, Bilim va Madaniyat Tashkiloti - UNESCO Xorazm lazgi raqsini Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro`yxatiga kiritdi.

Xorazm lazgi raqsi O`zbekistonning madaniy yodgorligining bir qismi sifatida Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro`yxatiga kiritildi. Bu haqda O`zbekiston bosh vaziri o`rinbosari Aziz Abduhkamov Facebook ijtimoiy tarmog`ida ma`lum qildi.

Bu haqdagi qaror 12 dekabr kuni Kolumbiya poytaxti Bogotada UNESCO Nomoddiy madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish hukumatlararo qo`mitasining 14-sessiyasida qabul qilindi.

O`zbekistonning UNESCOdagi elchisi Umid Shodiev boshchiligidagi mamlakat delegatsiyasi "Lazgi" nominatsiyasi taqdimotini o`tkazdi.

Unda O`zbekiston boy tarix va beqiyos madaniy merosga ega davlat sifatida UNESCOning Reprezentativ ro`yxatiga o`zbek xalqining yana ko`plab nomoddiy madaniy merosining noyob elementlarini taklif qilishi mumkinligi ta`kidlandi.

Jumladan, o`zbek tomoni baxshichilik san`ati hamda etnik sport turlarini kelgusi yillarda ushbu ro`yxatga kiritish bo`yicha harakatlarini boshlashini ma`lum qildi.

UNESCO Nomoddiy madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish hukumatlararo qo`mitasi lazgini Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro`yxatiga kiritishga qaror qildi.

Shunday qilib, UNESCO Xorazm raqsini saqlab qolish, rivojlantirish va ommalashtirish bo`yicha zarur choralarni ko`rish majburiyatini zimmasiga oldi.

Bunga qadar esa O’zbekistondan "Shashmaqom" va "Boysun tumanining madaniy makoni" (2008), "Katta ashula" (2009), "Askiya" (2014), "Palov madaniyati va urf-odatlari" hamda "Navro`z" (2016) mazkur ro`yxatdan joy olgan edi.

           

O`zbekiston va Eron aviaqatnovlarni qayta tikladi.

Eronning Zagros Airlines aviakompaniyasi 9 dekabr kuni Airbus A320 samolyotida "Tehron-Toshkent-Tehron" yo`nalishi bo`yicha birinchi parvozni amalga oshirdi.

Shunday qilib, O`zbekiston va Eron 2016 yil o`rtasidan buyon ilk bor muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirishni boshladi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida reys yo`lovchilari tantanali ravishda kutib olindi.

O`zbekiston Transport vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, mazkur yo`nalishdagi parvozlar haftada bir marta amalga oshiriladi. Keyinroq ular chastotasi haftasiga ikki martagacha oshirilishi mumkin.

"O`zbekiston va Eron o`rtasida muntazam parvozlarning tiklanishi ikki mamlakat o`rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va sayyohlik sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga turtki beradi" - deyiladi Transport vazirligi xabarida.

Ma'lumki, O'zbekiston Transport vazirligi huzuridagi Fuqarolik aviatsiyasi agentligi noyabr oyida Zagros Airlines aviakompaniyasiga Tehron va Toshkent orasida parvozlarni amalga oshirishga ruxsat bergan edi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi ma`lumotlariga ko`ra, joriy yilning yanvar-noyabr oylarida O`zbekistonga 3 ming 124 nafar Eron fuqarosi tashrif buyurdi. Bu o`tgan yilning xuddi shu davriga nisbatan 25 foizga ko`p demakdir.

O`zbekiston prezidenti Konstitutsiya kuni munosabati bilan 92 nafar fuqaroni afv etish to`g`risidagi farmonni imzoladi.

O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Jazo muddatini o`tayotgan, qilmishiga chin ko`ngildan pushaymon bo`lgan va tuzalish yo`liga qat`iy o`tgan bir guruh shaxslarni afv etish to`g`risida"gi Farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq O`zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 27 yilligi munosabati bilan hamda O`zbekiston Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, hozirgi vaqtda qilmishiga chin ko`ngildan pushaymon bo`lgan va tuzalish yo`liga qat`iy o`tgan jazo muddatini o`tayotgan 92 nafar fuqaro afv etildi.

Afv etilgan shaxslarning 20 nafari jazodan to`liq ozod qilinadi, 37 nafari jazoni o`tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinadi, 16 nafariga tayinlangan jazo engilroq jazo bilan almashtiriladi, bir so`z bilan aytganda, 73 nafar shaxs jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinadi.

Shuningdek, 19 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartiriladi.

Afv etilganlarning 3 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar, 3 nafarini ayollar hamda 79 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.

Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag`riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug`ullanishlari, sog`lom turmush tarzini yo`lga qo`yib, jamiyatda munosib o`rin topishlari uchun ularga ko`mak berish yuzasidan mas`ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.

 

O`zbekiston Prezidenti Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosining Saylovlarni kuzatish bo`yicha missiyasi rahbarini qabul qildi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 13 dekabr kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosining Saylovlarni kuzatish bo`yicha missiyasi rahbari Kaetana de Zulueta Outramni qabul qildi.

Shavkat Mirziyoev, mehmonni samimiy qutlar ekan, O`zbekiston bilan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti va uning tuzilmalari o`rtasidagi konstruktiv hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Uchrashuvda hamkorlikning istiqbolli yo`nalishlari xususida batafsil fikr almashildi, milliy qonunchilikni yanada takomillashtirish, saylov va boshqa sohalarda qo`shma tadbirlar o`tkazish masalalari muhokama qilindi.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosining Saylovlarni kuzatish bo`yicha missiyasi rahbari Kaetana de Zulueta, Prezident Mirziyoevga samimiy qabul hamda O`zbekistonning Yevropada xav

fsizlik va hamkorlik tashkiloti bilan har tomonlama hamkorlik qilishga tayyorligi uchun minnatdorlik bildirdi.

Kaetana de Zulueta O`zbekistondagi saylovlar mutlaqo yangi siyosiy muhitda, salmoqli darajada takomillashtirilgan huquqiy normalar asosida o`tayotgani, shu sababli Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosining Saylovlarni kuzatish bo`yicha missiyasining saylov jarayonlarini katta qiziqish bilan kuzatayotganini ta`kidladi.

Ma'lumki, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti  O'zbekistondagi parlament saylovlariga 1999 yildan buyon ilk bor to`laqonli missiyani yubordi.

           

 



Aloqador xabarlar