O'zbekistondan xabarlar 15-qism

Termiz shahrida Xalqaro baxshichilik san`ati festivali bo'lib o'tdi.

O'zbekistondan xabarlar 15-qism

            Termiz shahrida Xalqaro baxshichilik san`ati festivali bo'lib o'tdi.

            Bu yil birinchi marta tashkil etilgan anjumanga jahonning 74 davlatidan 160 dan ziyod ishtirokchi va UNESCO, Islom hamkorlik tashkilotining Ta`lim, fan va madaniyat masalalari bo`yicha tuzilmasi – ISESCO kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek, Qirg`iziston, Qozog`iston, Tojikiston, Turkmaniston, Afg`oniston kabi davlatlardan faxriy mehmonlar qatnashdi.

            Festival doirasida o`tkazilgan baxshi-shoirlar, oqin va jirovlar, folklor jamoalarining xalqaro ko`rik-tanlovida Turkiya, Rossiya, Eron, Belgiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Mo`g`uliston, Isroil, Yaponiya, Finlyandiya, Afg`oniston kabi 20 dan ortiq mamlakat vakillari o`z iste'dodini namoyish etdi.

            Ularning ijrochilik mahoratini Frantsiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Turkiya, Mo`g`uliston, O`zbekiston, Qozog`istonning taniqli san`at va madaniyat namoyandalari, olimlar, malakali mutaxassislardan iborat nufuzli hakamlar hay`ati kuzatdi va munosib baholab bordi.

Festival doirasida Xalqaro baxshichilik san`ati festivali ochilishiga bag`ishlangan tantanali marosimi bo'lib o'tdi.

            Unda O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq so'zladi.

Mirziyoyev o'z nutqida, insoniyat yaratgan bebaho madaniyat durdonalari eng avvalo har qaysi millatning folklor san`atida mujassam topganligini aytar ekan, turli xalqlarning milliy o`zligini, ularning tili va hayot tarzini, an`ana va urf-odatlarini ifoda etadigan baxshichilik san`ati umumbashariy madaniyatning uzviy qismi sifatida qadrli ekanligini ta`kidladi.

            Shavkat Mirziyoyev, hozirgi globallashuv davrida, tijorat vositasiga aylangan «ommaviy madaniyat», shou-biznesning salbiy ta`siri tobora kuchayib borayotgan murakkab zamonda har qanday milliy madaniyatning bulog`i bo`lgan folklor san`atiga e`tibor va qiziqish susayib borayotganini bildirdi.

Folklor san`ati, ta`bir joiz bo`lsa, insoniyatning bolalik qo`shig`i ekanligini ta'kidlagan Mirziyoyev, jumladan shunday dedi:

            “Yurtimizda birinchi bor o`tkazilayotgan ushbu san`at bayramida dunyoning 74 ta davlatidan 160 dan ziyod vakillar qatnashmoqda. Ularning orasida atoqli madaniyat arboblari, folklor san`ati namoyandalari, ommaviy axborot vositalari xodimlari borligi bizga katta mamnuniyat yetkazadi.

Jahon madaniy merosining bu o`lmas asarlari bizga insoniyatning naslu nasabi, tarixiy ildizlari, olijanob ideallari bir ekanini, binobarin, turli millat va elat vakillarining kelajak sari intilishlari ham mushtarak ekanini anglatadi.

            Ayni vaqtda hozirgi globallashuv davrida, tijorat vositasiga aylangan “ommaviy madaniyat”, shou-biznesning salbiy ta`siri tobora kuchayib borayotgan murakkab zamonda har qanday milliy madaniyatning bulog`i bo`lgan folklor san`atiga e`tibor va qiziqish, afsuski, susayib borayotgani ham sir emas. Holbuki, folklor san`ati, ta`bir joiz bo`lsa, bu – insoniyatning bolalik qo`shig`idir.

            Mana shunday noyob va buyuk san`at bugungi kunda shunchaki madaniy yodgorlik namunasiga aylanib, ko`p joylarda unutilib ketayotgani, himoya va muhofazaga muhtoj bo`lib turgani – bu ham davrimizning achchiq haqiqatidir.

            Bu noyob san`atni saqlab qolish uchun bugun barchamiz birgalikda harakat qilmasak, ertaga, afsuski, kech bo`ladi, kelgusi avlodlar, tarix bizni kechirmaydi”.

 

            10 aprel kuni Toshkent shaxrida O`zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari hukumatlari delegatsiyalari o`rtasida yig`ilish bo'lib o'tdi.

            O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Oripov va Birlashgan Arab Amirliklari hukumat va kelajak ishlari vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Qarqaviy raisliğida bo'lib o'tgan yig`ilishda ikki mamlakatning mas`ul vazirlik va idoralari rahbarlari ishtirok etdi.

            Yig`ilishda Birlashgan Arab Amirliklarining davlat boshqaruvi tizimidagi erishgan yutuqlarini O`zbekistonda tatbiq etish masalasi ko`rib chiqildi. Ikki davlat o`rtasida O`zbekiston davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va mamlakat taraqqiyotining milliy strategiyasini yaratish yuzasidan o`rta va uzoq muddatlarga mo`ljallangan hamkorlik dasturi loyihasini ishlab chiqish va uni amalga oshirish masalasi muhokama qilindi.

            Yig'lishda so'z olgan Muhammad bin Abdulloh al-Qarqaviy, O`zbekistonga jahon sivilizatsiyasiga katta hissa qo`shgan va bugungi kunda ham jadal rivojlanayotgan mamlakat sifatida qarashlarini aytar ekan, O'zbekistonda keyingi yillarda iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiya muhitini yaxshilash va davlatning xalqaro miqyosdagi obro`sini mustahkamlash borasida erishayotgan yutuqlari bundan dalolat berishini ta'kidladi.

            Al-Qarqaviy, Shavkat Mirziyoyevning yaqinda Birlashgan Arab Amirliklariga amalga oshirgan tashrifi ikki mamlakat munosabatlarida tarixiy sahifa ochganligini va ikki davlat ko`plab sohalarda hamkorlik qilishga kelishib olganligini eslatdi.

            Tadbirda ikki mamlakat o`rtasidagi istiqbolli hamkorlikni yanada kengaytirish, ishchi guruhlar tuzish va ularning faoliyatini samarali tashkil etish yuzasidan fikr almashildi va ikki tomonlama hamkorlik uchun keng imkoniyatlar mavjudligi ta`kidlandi.

            Yig'ilish doirasida shuningdek Birlashgan Arab Amirliklarining davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish borasidagi islohotlariga bag`ishlangan taqdimot o`tkazildi.

           

            9 aprel kuni Toshkent shaxrida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo`yicha O`zbekiston – Avstriya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi.

            Tadbirda ikki mamlakatning iqtisod, savdo-sanoat, sarmoya, fan, ta`lim, qishloq va suv xo`jaligi, energetika, engil va kimyo sanoati kabi qator sohalar uchun mas`ul vazirlik va idoralari, kompaniya rahbarlari ishtirok etdi.

            Majlis O`zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov, Avstriyaning raqamlashtirish va iqtisodiy ishlar Federal vazirligining tashqi iqtisodiy aloqalar bo`yicha bosh direktori Frants Vessing raisligida o'tkazildi.

            Hukumatlararo komissiya majlisida o`zaro tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirishdan har ikki tomon birdek manfaatdor ekani qayd etildi xamda ikki tomonlama hamkorlik ko`plab yo`nalishlarda, xususan, savdo-iqtisodiy sohalarda rivojlanib borayotganini ta`kidlandi.

            Yig'ilishda, xar ikki mamlakatning farmatsevtika, kimyo, engil sanoat, ilm-fan, texnologiyalar, turizm, standartlashtirish va ekologiya kabi sohalarda hamkorlikni rivojlantirish bo`yicha ulkan salohiyatga ega ekanligi ta'kidlandi.

            Yig'ilishda shuningdek O`zbekistonda avstriyalik iste`molchilarni yuqori sifatli tekstil, sarxil va quritilgan, qayta ishlangan meva-sabzavotlar kabi talab yuqori bo`lgan mahsulotlar bilan ta`minlash imkoniyati mavjudligi aytib o'tildi.

            Tadbir doirasida "Angren" erkin iqtisodiy zonasida metall konstruktsiyalar ishlab chiqarish, metallni ruxlashga ixtisoslashgan zavodlar bunyod etish, Surxondaryo viloyati poliz ekinlari etishtirishga ixtisoslashgan zamonaviy issiqxonalar qurish borasida kelishuvlarga erishildi.

            Shu kuni Toshkentda O`zbekiston – Avstriya ishbilarmonlari biznes-forumi ham tashkil etildi.

            Forumda Avstriyaning tibbiyot, farmatsevtika, oziq-ovqat, kimyo sanoati, transport, logistika, sayyohlik, qurilish, energetika, turizm, qishloq xo`jaligi kabi sohalarga ixtisoslashgan 30 ga yaqin kompaniya vakillari ishtirok etdi.

            Tadbir doirasida mehmonlar mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash, iqtisodiyotni erkinlashtirish, tadbirkorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan ishlar mazmuni bilan tanishtirildi.

            Tadbirda o`zaro hamkorlikda qo`shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

            O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi, "O`zkimyosanoat" aktsiyadorlik jamiyati, "O`zto`qimachiliksanoat" uyushmasi, Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmoqlarini rivojlantirish agentligi vakillari tomonidan yangi investitsiyaviy loyihalar bo`yicha taqdimotlar o`tkazildi.

            Forumda ikki mamlakat ishbilarmonlari o`rtasida ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etildi.

           

 



Aloqador xabarlar