Qozog'istonda muddatidan oldin prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi

Qozog‘iston prezidenti lavozimiga kirishgan Qosim-Jo‘mart To‘qayev 9 iyunda mamlakatda muddatidan ilgari prezidentlik saylovlari o‘tkazilishini e'lon qildi.

1179806
Qozog'istonda muddatidan oldin prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi

Qozog‘iston prezidenti lavozimiga kirishgan Qosim-Jo‘mart To‘qayev 9 iyunda mamlakatda muddatidan ilgari prezidentlik saylovlari o‘tkazilishini e'lon qildi. 

To’qayev bu haqda televideniye orqali xalqqa murojaatida ma’lum qilgan.

“Men 2019 yil 9 iyunda prezidentlik saylovlarini o’tkazish to’g’risida qaror qabul qildim”,-dedi mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev.

Prezidentning ta’kidlashicha, bu masala bo’yicha xalq yetakchisi Nursulton Nazarboyev bilan maslahatlashilgan.

“Qozog’iston xalqaro hamjamiyatda muhim o’rin egalladi. Davlatimizni butun dunyo tan oldi. Endilikda, biz tarixiy voqeaga guvoh bo’lib turibmiz. Qozog’istonda hukumat barqaror muhitda konstitutsiyaga mos ravishda o’zgartirildi. Bu tashabbus xalqaro hamjamiyatning Qozog’istonga bo’lgan hurmatini yana-da oshiradi”,-deb aytgan mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev.

Muddatdan avvalgi saylovlarni o’tkazish mutlaqo shart ekanligini ta’kidlagan To’qayev: “Siyosiy va ijtimoiy uyg’unlik, ijtimoiy va iqtisodiy maqsadlarga erishish yo’lida shaxdam qadamlar bilan oldinga intilish darkor. Dunyoda vaziyat kun sayin yaxshi tomonga o’zgarmayotir. Mamlakatimizning ichki va tashqi siyosatining bardavomligini, oldindan ko’ra olish qobiliyatini va barqarorligini amalda isbotlashimiz kerak”,-dedi.

Prezidentning ta’kidlashicha, Qozog’iston demokratik bir davlat. Shuning uchun, prezident xalqning irodasi bilangina saylanishi mumkin.

“Prezident sifatida saylovlarning haqqoniy, shaffof va adolatli o’tkazilishiga kafolat beraman”,-deb aytgan To’qayev.

Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev o’z murojaatidan so’ng, Qozog’istonda prezidentlik saylovini 2019 yil 9 iyunda o’tkazish to’g’risidagi qarornomani imzoladi.

To‘qayev o‘z murojaatida saylovlarda ishtirok etishi masalasiga oydinlik kiritmagan.

Eslatish joizki, Qozog’istonni 28 yil boshqargan Nursulton Nazarboyev 19 mart kuni muddatidan avval iste'foga chiqishini ma'lum qilgandi.

Uning vakolati qonunchilikka ko‘ra, parlament spikeri bo‘lgan Qosim-Jo‘mart To‘qayevga o‘tgandi.

20 mart kuni o’tkazilgan inauguratsiya marosimida vaqtinchalik Qozog‘iston prezidenti lavozimiga kirishgan To’qayev vazifasini 2020 yilning apreliga qadar o’taydi.



Aloqador xabarlar