Vladimir Putin Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan uchrashdi

Rossiya prezidentining tashrifi chog’ida Qirg’iziston bilan Rossiya o’rtasida 6 mlrd dollar qiymatida 16 ta hukumatlararo shartnoma, investitsiya shartnomasi va protokol imzolandi.

Vladimir Putin Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan uchrashdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin bugun 28 mart payshanba kuni Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan uchrashdi.

Mazkur uchrashuv poytaxt Bishkekdagi  “Ala-Archa” prezidentlik davlat qarorgohida bo’lib o’tdi.

Ikki davlat rahbari tor va keng doiradagi hay’atlararo uchrashuvlardan so’ng matbuotga brifing berdi.

Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov Rossiya Qirg’izistonning eng yaqin ishonchli hamkori va eng muhim strategik sheriklaridan biri ekanligini ta’kidladi.

“Rossiya bilan bo’lgan munosabatlarimizga va strategik hamkorligimizga katta ahamiyat beramiz. Putinning shaxsiy yordamlari natijasida o’zaro hamkorligimiz yuqori darajaga yetdi”,-dedi Qirg‘iziston prezidenti.

Rossiya Qirg’iziston iqtisodiyotiga katta hissa qo’shganligini eslatgan Jeenbekov: “Bugun imzolanadigan hamkorlik shartnomalari ikki davlat xalqlarining farovonligiga hissa qo’shadi degan umiddaman”,-dedi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa, Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan muzokaralar chog‘ida mamlakat hududidagi Rossiya harbiy bazasi haqida gapirdi.

Uning ta’kidlashicha, Qirg’iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan ikki mamlakat o’rtasida harbiy-texnik sohada hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib olingan.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatlar o‘rtasidagi harbiy hamkorlik kuchaytiriladi, Qirg‘iziston hududida joylashtirilgan harbiy baza davlat mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga yordam beradi.

“Rossiya bilan Qirg’iziston o’rtasida harbiy va harbiy-texnik sohada hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldik. Qirg’izistondagi Rossiya harbiy bazasi davlat mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga yordam beradi. Ushbu harbiy bazaning mavjudligi Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikning muhim omili bo’lib hisoblanadi”,-dedi Rossiya prezidenti Vladimir Putin.

Rossiya prezidentining tashrifi chog’ida Qirg’iziston bilan Rossiya o’rtasida 6 mlrd dollar qiymatida 16 ta hukumatlararo shartnoma, investitsiya shartnomasi va protokol imzolandi.

Shu bilan birga, Rossiya kompaniyalari Qirg‘iziston iqtisodiyotiga 1,6 milliard dollarga yaqin sarmoya kiritadi. 

“Qirg’iziston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo’lgach, Rossiya bilan Qirg’iziston o’rtasida savdo hajmi oshdi. Iqtisodiy hamkorligimizni bundan ham yuqori darajaga olib chiqmoqchimiz”,-dedi Putin.

 

 

 

 



Aloqador xabarlar