O’zbekistondan xabarlar 12-qism

O'tgan hafta O'zbekiston poytaxti Toshkent shahrida Markaziy Osiyo birinchi iqtisodiy forumi boʻlib oʻtdi.

O’zbekistondan xabarlar 12-qism

 

 

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 mart kuni Qozog`iston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishgan Kasim-Jomart Tokaev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Kasim-Jomart Tokaevni Qozog`iston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishgani munosabati bilan samimiy tabriklab, davlat rahbari lavozimidagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

Qardosh mamlakatlar va xalqlar o`rtasidagi ko`p asrlik do`stlik va yaxshi qo`shnichilik rishtalari izchil mustahkamlanayotgani, strategik sheriklik munosabatlari yangi bosqichda rivojlanib, ko`p qirrali amaliy hamkorlik kengayib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Muloqotda davlat rahbarlari oliy darajada erishilgan kelishuvlarni keng miqyosda amalga oshirish muhim ekanini qayd etdilar.

Mintaqaviy va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Kasim-Jomart Tokaev samimiy tilaklar uchun chuqur minnatdorlik bildirdi va oliy darajadagi faol muloqotni davom ettirishga tayyor ekanini ta`kidladi.

Muloqot so`ngida davlat rahbarlari bahor ayyomi – Navro`z munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va o`zaro ishonch ruhidagi munosabatlarni mustahkamlash, shuningdek, qardosh mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi, butun mintaqa tinchligi va ravnaqi yo`lida keng ko`lamli hamkorlikni rivojlantirish borasida intilishlari qat`iy ekanini tasdiqladilar.

    

Shavkat Mirziyoyev Navro’z bayrami arafasida 40 kishini afv etdi.

O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Navro`z bayrami arafasida "jazo muddatini o`tayotgan, qilmishiga chin ko`ngildan pushaymon bo`lgan vatuzalish yo`liga qat`iy o`tgan bir guruh shaxslarni afv etish to`g`risida"gi Farmonni imzoladi.

Bu xaqda O’zbekiston Prezindenti matbuot xizmati xabar qildi.

"2019 yil 19 martda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Navro`z umumxalq bayrami arafasida xalqimizga xos ezgulik, bag`rikenglik, insonparvarlik, mehr-oqibat va kechirimli bo`lish kabi olijanob fazilatlarning yorqin ifodasi sifatida “jazo muddatini o`tayotgan, qilmishiga chin ko`ngildan pushaymon bo`lgan va tuzalish yo`liga qat`iy o`tgan bir guruh shaxslarni afv etish to`g`risida”gi Farmonni imzoladi", - deyiladi xabarda.

Farmonga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan sodir etgan jinoyati uchun jazoni ijro etish muassasalarida jazo o`tayotgan hamda qilmishiga chin ko`ngildan pushaymon bo`lgan va tuzalish yo`liga qat`iy o`tgan 44 nafar fuqaro afv etildi.

Farmonga ko’ra, avf etilgan shaxslarning 7 nafari jazodan to`liq ozod qilinadi, 11 nafari jazoni o`tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinadi, 12 nafariga tayinlangan jazo engilroq jazo bilan almashtiriladi.

Shuningdek, 13 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi va 1 nafar shaxs qo`shimcha jazodan ozod qilindi.

Afv etilganlarning 2 nafarini 60 yoshdan oshganlar, 5 nafarini ayollar, shuningdek, 23 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan fuqarolar tashkil etadi.

 

Toshkent shahrida o'tgan hafta Markaziy Osiyo birinchi iqtisodiy forumi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilk bor tashkil etilgan mazkur yirik forumda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston va Turkmaniston hukumatlari vakillari mintaqa davlatlari oʻrtasida iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, oʻzaro savdo hajmi va turizm jozibadorligini oshirish masalalarini muhokama qildi.

Forum ochilishida Markaziy Osiyo mamlakatlarida iqtisodiy barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlash, eksportni diversifikatsiya qilish, yetakchi tarmoqlarda texnologik va innovatsion yechimlarni topish kabi dolzarb masalalarni hal etishda mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Forumning ochilishida so'z olgan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Elyor Gʻaniyev, jumladan shunday dedi:

– Soʻnggi yillarda Markaziy Osiyoda oʻzaro ishonch va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari kuchaydi. Transport-kommunikatsiya, energetika sohalaridagi aloqalar rivojlanmoqda. Xususan, 2018 yilda mintaqada oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 35 foizga oʻsgan. Shunga qaramay, savdo-iqtisodiy sohada erishilgan natijalar mamlakatlarimiz salohiyatiga mos emas.

Forumda, mintaqa mamlakatlari oldida savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash, tranzit imkoniyatlarini kengaytirish va transport markazlarini rivojlantirish uchun yanada qulay shart-sharoit, zarur infratuzilmalarni yaratish kabi vazifalar turganligi qayd etildi.

Forumda mintaqa davlatlariga dengiz portlari va xalqaro bozorlarga chiqish imkonini beradigan transport va logistika tizimlarini takomillashtirish, mavjud turistik salohiyatdan samarali foydalanish hisobiga sayyohlik tarmogʻining iqtisodiyotdagi ulushini oshirib borish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Forum shuʼba majlislarida koʻp tomonlama savdo-investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, Markaziy Osiyoning sayyohlik jozibadorligi, transport va tranzit salohiyatini oshirish boʻyicha takliflar oʻrganildi.

Forumda mintaqadagi mavjud erkin iqtisodiy zonalarda qoʻshma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarida qoʻshma korxonalar ochish, xalqaro transport yoʻlaklarini kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar ilgari surildi.

Markaziy Osiyo birinchi iqtisodiy forumi doirasida mintaqa mamlakatlari ishbilarmon doiralari kooperatsion birjasi, shuningdek, “Oʻzekspomarkaz”da milliy ishlab chiqaruvchilar koʻrgazmasi tashkil etildi.

Forum yakuni boʻyicha tomonlar qoʻshma bayonot imzoladi.

        

 



Aloqador xabarlar