AQSh Qurolli Kuchlari qo‘mondoni general Jozef Votel O‘zbekistonga tashrif buyurdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 20 fevral chorshanba kuni AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni general Jozef Votelni qabul qildi.

1149904
AQSh Qurolli Kuchlari qo‘mondoni general Jozef Votel O‘zbekistonga tashrif buyurdi

AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni general Jozef Votel O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 20 fevral chorshanba kuni AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni general Jozef Votelni qabul qildi.

Shavkat Mirziyoyev mehmonni samimiy qutlar ekan, o‘tgan yili may oyida AQShga rasmiy tashrif davomida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi samarali muzokaralar ikki davlat o‘rtasidagi keng ko‘lamli strategik sheriklikda yangi davrni boshlab berganini qayd etdi.

Ma’lumki, bugungi kunda ko‘p qirrali O‘zbekiston - AQSh munosabatlari izchil mustahkamlanib bormoqda, innovatsiyalar, sanoat, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va boshqa tarmoqlarda qo‘shma dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda. 2018 yilda o‘zaro savdo hajmi ikki barobar ko‘paydi. 

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi harbiy va harbiy-texnik hamkorlik hamda xavfsizlik sohasidagi sheriklik masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Prezident Mirziyoyev AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi tomonidan tashkil etilayotgan Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari Qurolli kuchlari shtablari boshliqlarining konferensiyasi ilk bor poytaxt Toshkentda o‘tkazilayotgani hamda bugungi davrning eng o‘tkir muammolaridan biri – Afg‘onistondagi qurolli mojaroni muhokama qilish va uni hal etishga yondashuvlarni birgalikda ishlab chiqish uchun maydon ekanini ta'kidladi.

Jozef Votel ham prezident Mirziyoyevga samimiy qabul va konferensiyani Toshkentda o‘tkazish imkoniyati bergani uchun minnatdorlik bildirdi.

AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni Votel ushbu tadbir yakunida tomonlar mintaqada tinchlik va farovonlikni ta'minlash yo‘lida konstruktiv sheriklikni rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan strategiyani ishlab chiqishlariga ishonch bildirdi.

Votel tashrif doirasida O‘zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov bilan ham uchrashdi.

O’zbekiston Qurolli kuchlari akademiyasida ham bo’lgan Votel akademiya faoliyatlari haqida ma’lumot oldi.

Jozef Votel bugun, 21 fevral kuni poytaxt Toshkentda bo’lib o’tayotgan Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari Bosh shtab boshliqlarining navbatdagi anjumanida ishtirok etmoqda.



Aloqador xabarlar