O'zbekiston-Tojikiston aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan jami 27 ta hujjat imzolandi

Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon Do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlash to‘g‘risida qo‘shma bayonot, O‘zbekiston-Tojikiston davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar.

927033
O'zbekiston-Tojikiston aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan jami 27 ta hujjat imzolandi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Dushanbedagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha Do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlash to‘g‘risida qo‘shma bayonot, O‘zbekiston-Tojikiston davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar.

Savdo, iqtisodiyot, investitsiya, moliya, transport va tranzit, qishloq xo‘jaligi, suv-energetika, soliq, bojxona, turizm, fan-ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, xavfsizlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohalaridagi hamkorlik hamda hududlararo aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan jami 27 ta hujjat imzolandi.

Ushbu salmoqli hujjatlar to‘plami mamlakatlar va qardosh xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish uchun yangicha huquqiy asos bo'lib hisoblanadi.

Matbuot anjumanida Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon muzokaralar do‘stona, ochiq va amaliy ruhda o‘tganini, muloqotlar natijasidan mamnunligini ta’kidladilar.

“Biz O‘zbekiston va Tojikistonning siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika va boshqa ustuvor sohalardagi munosabatlarini mustahkamlashga doir dolzarb masalalarni muhokama qildik. Buning natijasi sifatida muhim hujjatlar — Davlat chegarasi bo‘yicha shartnoma va Fuqarolarning o‘zaro qatnovi to‘g‘risida bitim imzolandi. Bugun erishilgan tarixiy kelishuvlar nafaqat xalqlarimiz, balki butun mintaqa uchun ulkan ahamiyatga ega”,-dedi O‘zbekiston prezidenti.

Ikki davlat o’rtasida imzolangan hujjatga muvofiq, ikki davlat fuqarolari qo‘shni davlatga 30 kungacha muddatga borishlari, kelishlari, tranzitni amalga oshirishlari va vaqtincha ushbu mamlakat hududida bo‘lib turishlari mumkin.

Xabar qilinganidek, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini avvaliga 500 million dollarga yetkazish haqida so‘z borgan edi. Davlat rahbarlarining samarali muzokaralari, ishbilarmon doiralarning bevosita muloqoti natijasida bu ko‘rsatkich 1 milliard dollarga olib chiqiladigan bo‘ldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida hal qilinmagan masalalar qolmaganini ta’kidladi. Prezident Imomali Rahmon bu fikrni to‘la qo‘llab-quvvatladi.

Tomonlar mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni o‘zaro ishonch, do‘stlik va yaxshi qo‘shnilik asosida yanada mustahkamlashga intilishini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga safari tarixda O‘zbekiston prezidentining ushbu mamlakatga amalga oshirgan birinchi davlat tashrifi bo‘ldi.

 

 



Aloqador xabarlar