Turk olamidan xabarlar 38-qism

Turkmanistonning poytaxti Ashxabodda Jang san’ati va yopiq inshootlardagi V Osiyo o‘yinlari boshlandi.

809693
Turk olamidan xabarlar 38-qism

 

Birinchi xabarimiz Turkmanistondan olingan.

Turkmanistonda 5-Osiyo o’yinlari boshlandi.  17 sentyabr yakshanba kuni poytaxt Ashxabodda bo’lib o’tgan tantanali ochilish marosimiga 7000 ga yaqin mehmon ishtirok etdi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham 17 sentyabr kuni Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida V-Osiyo o‘yinlarining ochilish marosimida ishtirok etdi.

Ushbu nufuzli xalqaro sport anjumanini yuksak saviyada o‘tkazish uchun poytaxt Ashxabodda puxta tayyorgarlik ko‘rildi.

Olimpiya shaharchasida ishtirokchi davlatlar delegasiyalari, murabbiy va sportchilarning yashashi, musobaqaga tayyorlanishi, mashg‘ulotlar o‘tkazishi va madaniy hordiq chiqarishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. 

45 ming tomoshabinga mo‘ljallangan muhtasham inshootda ko‘plab mamlakatlardan kelgan davlat va hukumat rahbarlari, Osiyo olimpiya kengashi rahbariyati, faxriy mehmonlar, minglab sport ishqibozlari to‘plandi. 

Aytib o’tish joizki, 2010 yilning 5 noyabrida Turkmaniston poytaxtida mamlakat prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ishtirokida Olimpiya shaharchasining qurilishiga start berilgan edi.

Hozirda mazkur muhtasham sport  shaharchasi qit’adagi eng yirik olimpiya maskanlaridan biriga aylandi.

Olimpiya shaharchasining qurilishi uch bosqichdan iborat bo‘lib, uning umumiy maydoni 157 gektar hududni qamrab olgan.  Mazkur shaharchada 30 ta sport majmuasi bunyod etilgan.

E’tiborlisi shuki, qurilayotgan ob’ektlar jahon talablariga to‘la javob bera oladi.

Jang san’ati va yopiq inshootlardagi V Osiyo o‘yinlarida 62 davlat vakillari ishtirok etadi.

Ularning 45 tasini Osiyo davlatlari tashkil etsa, Okean orti mintaqasidan 17 ta mamlakatni o’z ichiga oladi. Bundan tashqari, muhojir jamoalari ham o’yinlarda ishtirok etadi.

Yopiq inshootlarda va jang san’atlari bo‘yicha V Osiyo o‘yinlarida 65 nafar terma jamoaning sportchilari o’zaro bellashadi.

O’yinlarda taxminan 6 ming sportchi sportning 20 turi bo‘yicha musobaqalarda ishtirok etadi.
12 kun davom etadigan V Osiyo o‘yinlariga 700 mingta bilet sotildi.

Olimpia shaharchasidagi musobaqa mash’alasi yonib turgan inshoat dunyoda “ot boshi haykali” ko’rinishidagi eng ulkan arxitektura namunasi deb tan olindi va Gennes rekordlar kitobiga kiritildi.



Navbatdagi xabarimiz Qozog’istondan olingan.

Qozog’istonda lotin alifbosiga o’tish to’g’risidagi qonun taklifi majlisga havola qilindi. Qozog’istonning kiril alifbosidan lotin alifbosiga o’tish masalasi muhokama qilingan majlis yig’ilishiga vazirlar mahkamasi a’zolari, olimlar va ko’plab tilshunoslar ishtirok etdi.

Yig’ilishda so’zga chiqqan Qozog’iston majlis raisi Nurlan Nigmatulin milliy ong, ma’naviy qadriyatlar va iqtisodiy taraqqiyot yo’li lotin imlosiga asoslangan qozoq alifbosiga o'tish bilan takomillashishini aytib o’tdi.

Uning fikricha, lotin imlosiga asoslangan qozoq alifbosi mamlakatni dunyo bilan birlashtirgan eng muhim omil bo’lib hisoblanadi.

“Lotin alifbosiga o’tishimiz nabiralarimizning ingliz tili va boshqa xalqaro tillarni yana ham yaxshi o’rganishiga zamin yaratadi”,-deydi Nurlan Nigmatulin.

Yig’ilishda so’zga chiqqan Qozog’iston madaniyat va sport vaziri Aristanbek Muhamediuli lotin alifbosiga o’tish uchun tayyorgarliklar 6 yil oldin boshlanganini va bugungacha bo’lgan jarayonda turli tadbirlar o’tkazilganini ma’lum qildi.

Uning aytishicha, lotin alifbosiga o’tish uchun olimlar va tilshunoslar ishtirokida maxsus komissiya tuzilgan. Ular ushbu loyihada ehtiyotkor bo'lib harakat qilish, xatoga yo'l qo'ymaslik uchun faol ish olib bordilar.  Lotin imlosiga asoslangan qozoq alifbosiga o'tishda barcha fikrlarni diqqatga oldilar.

Ta’kidlash joizki, bu boradagi tayyorgarliklar davomida xalqning aksariyati lotin alifbosiga o’tish qarorini qo’llab quvvatlaganlar.

Lotin imlosiga asoslangan qozoq alifbosini tuzishda mehnati beqiyos bo’lgan “Baytursinov” nomidagi tilshunoslik instituti direktori Kajibek Erden Zadauli lotin alifbosiga o’tish jarayoni bosqichma-bosqich amalga oshirilishini va bu jarayonda hech qanday qiyinchilik bo’lmasligini aytdi.

Turk akademiyasi rahbari Darxon Xidirali ham qardosh davlatlarning tajribalarini birma-bir ko’zdan kechirganini, natijada lotin harflari mushtarak turkologiya alifbosi ekanini, shuningdek lotin alifbosi qozoq tili fonetikasiga eng yaqin til ekanini ta’kidladi.

Kiril alifbosidan lotin alifbosiga o’tishga tayyorlangan Qozog’iston 2018 yildan e’tiboran maktablarda darslik kitoblarnilotin alifbosida bosilishini rejalashtirmoqda.

Qozog'iston prezidenti Nursulton Nazarboev qozoq tilini lotincha imloga o'tkazishni cho'zib o'tirishdan ma'ni yo'qligini e'lon qilgan edi.

“Biz lotin alifboga o’tish uchun ishga kirishdik. Qozoq tilini lotinchaga o'tkazish bizni yanada jipslashtiradi. Men o'z murojaatimda 2025 yilgacha muddat belgilagan edim, lekin bu jarayonni cho'zish uchun asos ko'rmayapman”, — degan edi Qozog'iston prezidenti.

 

Dasturimizni madaniyat va san’at xabari bilan yakunlaymiz.

Turk dunyosining 2017 yildagi madaniy poytaxti Turkiston shahrida bo'lib o'tgan “Turk dunyosi adabiy nashrlari muharrirlarining 7-kongressi”da Yevrosiyo Yozuvchilar uyushmasining “Turk dunyosida yilning adabiyot kishisi 2016” mukofoti buyuk o'zbek shoiri va yozuvchisi Shukrulloga taqdim etildi.

“Turk dunyosida yilning adabiyot kishisi” mukofoti har yili turkiy xalqlarning  eng hurmatli va usta shoir-yozuvchilariga taqdim etiladi.

Bu mukofotga 2011 yili Turkiyadan Ali Oqbosh, 2012 yili Ozarbayjondan Anar, 2013 yili Qozog'istondan To'len Abdik, 2014 yili Shimoliy Kipr Turk Respublikasidan Ismoil Bo'zqurt, 2015 yili Qirg'izistondan Umar Sultonov sazovor bo'lgan.

Adibning ilk she`rlar to'plami — “Birinchi daftar” 1949-yilda nashr qilingan. U “Qalb qo'shiqlari” (1949), “Hayot ilhomlari” (1959), “Umrim boricha” (1960), “Inson va yaxshilik” (1961), “Zarralar” (1973), “Suyanchiq” (1977), “Yashagim keladi” (1978), “Sening baxting” (1988), “To'qilgan dardlarim” (2001), “Shafaq” (2007) va boshqa she`riy asarlar muallifidir. 

Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati bo’lgan adib “Do'stlik” (1994) va “El-yurt hurmati” (1999) ordenlari bilan taqdirlangan.

 



Aloqador xabarlar