Turk olamidan xabarlar 37-qism

Tataristonda Bolgar islom akademiyasi ochildi.

803494
Turk olamidan xabarlar 37-qism

 

Birinchi xabarimiz Tataristondan olingan.

Tataristonda Bolgar islom akademiyasi ochildi.

Akademiya bu yilgi yangi o’quv yilida talaba qabul qila boshladi.

Kuni kecha Bolgar islom akademiyasining rasmiy ochilish marosimi bo’lib o’tdi.

Marosimga Tatariston prezidenti Rustam Munnihanov, Rossiyaga qarashli İdil bo’yi hududi rahbari Mihail Babich, Tatariston parlament raisi Ferit Muhametshin, Turkiyaning Qozon shahridagi konsuli Turxon Dilmach, Islom tarix, san’at va madaniyat tadqiqotlari markazi direktori Halit Eren, Rossiya musulmonlari markazi diniy boshqaruv raisi muftiy Talgat Tajetdin, Rossiya federatsiyasi musulmonlari diniy idorasi va muftiylar kengashi raisi Ravil Gaynutdin, Tatariston muftiyi Komil Semigullin, tataristonlik vazirlar va ko’plab deputatlar ishtirok etdi.

Tatariston prezidenti Rustam Munnihanov ochilishda so’zlagan nutqida ushbu akademiyaning tashkil topishiga hissa qo’shgan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga katta minnatdorchilik bildirdi.

U akademiyaning ochilishini nafaqat Rossiya uchun, balki Tatariston uchun ham tarixiy voqea deb baholadi.

Marosimda Rossiyaga qarashli İdil bo’yi hududi rahbari Mihail Babich prezident Vladimir Putinning yo’llagan maktubini o’qib eshittirdi.

Mihail Babichning ta’kidlashicha, ushbu akademiya Rossiyada madrasa va universitetdan tashkil topgan ikki bosqichli diniy ta’lim sistemasining uchinchi halqasi bo’lib hisoblanadi.

Bugungacha Rossiyada bunday ta’lim sistemasi yo’q edi, endilikda Rossiyada yashagan musulmonlar xorij davlatlarga bormasdanoq o’z vatanida oliy saviyada diniy tahsil olish imkoniyatiga ega bo’ladi.

Turkiyaning Qozon shahridagi konsuli Turxan Dilmach Anadolu axborot agentligiga bergan bayonotida, Bolgar islom akademiyasining bir bilim dargohi sifatida, ayni paytda ochilgan joyi jihatidan ham ramziy qiymatga ega ekanini aytdi.

“Bolgar shahri turk xalqining birinchi marta musulmonlikni qabul qilgan shahar bo’lib hisoblanadi. Bu akademiya kunimizda Rossiyada diniy kamchilikni to’ldiradi va talabga javob beradigan diniy ta’lim maskani bo’ladi. Turkiya ham Bolgar islom akademiyasi bilan yaqindan hamkorlik qiladi”,-dedi Turxan Dilmach.

Islom tarix, san’at va madaniyat tadqiqotlari markazi direktori Halit Eren Bolgar islom akademiyasi kutubxonasiga Kur’onning birinchi bosmasini sovg’a qildi.

Ushbu akademiyaga (2017-2018) yangi o’quv yilida 100 ta talaba murojaat qilishi mumkin. Bundan tashqari, 27 nafar asperantura va 9 nafar doktorantura talabasi uchun o’rin ajratilgan.

 

Navbatdagi xabarimiz Qozog’istondan olingan.

Shu yilning 14-15 sentyabr kunlari Qozog’istonning poytaxti Astanada Suriyaga bag’ishlangan sammit o’tkaziladi.

Bu haqda Qozog’iston tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi.

“Sammitda urush to’xtatilgan hududlardagi xavfsizlik kuchlarining faoliyatini tartibga soluvchi hujjatlar muhokama qilinadi va Idlibda nazorat kuchlarini tashkil qilish bo’yicha faoliyatlar davom etadi”,-deyiladi bayonotda.

Sammit chog’ida ishtirokchi davlatlar Idlib, Humus va sharqiy Guta viloyatlaridagi urush to’xtatilgan hududlarning chegaralari belgilanib tasdiqlanadi.

Kordinatsiya markazi, mahkum va asirlarni ozod qilish masalasi bilan shug’ullanuvchi komissiya tuzish, janozalarni o’z egalariga topshirish va bedarak yo’qolgan kishilarni qidiruvga berish bilan bog’liq hukm matni tasdiqlanadi.

Sammitda tomonlar Suriyada UNESCO madaniyat merosi ro’yxatiga kiritilgan hududlarni minadan tozalash bo’yicha bayonotni qabul qiladi.

Bundan tashqari, Turkiya, Eron va Rossiyadan tashkil topgan kafolatchi davlatlarning vakillari 13 sentyabr kuni uchrashib, sammitga tayyorgarlik ishlarini ko’zdan kechiradi.

 

Tataristondan olingan madaniyat xabari bilan dasturimizni yakunlaymiz.

Tataristonda 13-Qozon musulmon kinosi xalqaro festivali tantanali marosimlar bilan o’tkazildi.

Poytaxt Qozondagi “Piramida” Madaniyat markazda bo’lib o’tgan marosim ishtirokchilarning qizil gilamdan o’tishi bilan boshladi.

Tatariston Prezidenti Rustam Minnihanov marosimda so’zlagan nutqida, 2005 yildan beri o'tkazilib kelinayotgan festival yil o’tgan sayin qiziqarli bo’lib borayotganligiga e’tibor qaratdi.

Festivalda qisqa metrajli film sohasida Turkiya nomidan “Devor” filmi namoyish qilindi.

Fil’m rejissyori Mustafa Koray Polat Qozon shahriga birinchi marotaba kelganligini va ushbu festivalda ishtirok etishdan xursand ekanligini tilga oldi.

Uning aytishicha, “Devor” nomli qisqa metrajli filmda Turkiyada, bolalari bilan kun o’tkazishga harakat qilgan suriyalik bir ayolning hayoti hikoya qilinadi.

Turkiyadan shuningdek, Abdulgafur Shahinning “Chunki muhabbat”, Mustafa Karaning Mojariston-Turkiya hamkorligida suratga olingan “Chilla sovug’i”, Mehmet Bashakning “Eski, ajoyib kunlarning oxiri” nomli fil’mlar ham ishtirok etadi.  

 Festivaldan maqsad, xalqlarning islom va musulmonlar haqida to’g’ri tushunchaga borishini ta’minlash va ob’yektiv fikrlashiga zamin yaratishdir.

5 sentyabr kuni boshlangan festival 11 sentyabr kuni o’z nihoyasiga yetdi.

 



Aloqador xabarlar