Turk olamidan xabarlar 34-qism

Xalqaro turk madaniyati tashkiloti TURKSOY qoshida tashkil topgan Yoshlik xor ansambli o’z musiqiy albomini chiqarmoqda.

793972
Turk olamidan xabarlar 34-qism

 

Birinchi xabarimiz Tataristondan olingan.

Ma’lumki, Rossiya bilan Turkiya o’rtasida sodir bo’lgan samolyot fojiasi Turkiyaga kelmoqchi bo’lgan rus va tatar sayyohlarning oldini to’sgan edi.

Lekin, munosabatlar takror yo’lga qo’yilishi bilan Rossiyadan kelgan sayyohlar sonida katta ortish kuzatildi.

Shu bois, Rossiya Federatsiyasiga qarashli Tatariston Respublikasida xorijga chiqish uchun passport murojaatlari 3 barobarga ortdi va oxirgi ikki yilga nisbatan rekord natijaga erishdi.

Tatariston ichki ishlar vazirligi migratsiya masalalari bo’yicha departmani rahbari Artem Kuznetsov “Tatar-Inform” xabar agentligiga bu haqda intervyu berdi.

Uning aytishicha, o’tgan yili 19 ming fuqaro xorijga chiqish uchun passportga murojaat qilgan. Bu yil esa, jami 68 ming fuqaroga xorijga chiqish uchun passport berildi.

Ma’lumki, ikki yildan beri rus va tatar sayyohlar uchun Turkiya va Misrga sayohat qilishi ta’qiqlangan edi, lekin aloqalar yaxshilanib Turkiya o’z eshiklarini ochishi bilan ko’plab rus va tatar sayyohlar Turkiyaga kelib dam olmoqdalar.

 

Navbatdagi xabarimiz Qozog’istondan olingan.

Turkiya yangi o’quv yilida qozog’istonlik 500 talabani stipendiya bilan ta’minlamoqchi.

 Qozog’iston xalq ta’limi vazirligi bu haqda ma’lum qildi.

“(2017-2018) Yangi o’quv yilida Turkiya 500 nafar qozon talabaga stipendiya beradi”,-deyiladi ma’lumotda.

Xozirda stipendiyaga murojaatlar boshlangan. Stipendiya olish haqqini qo’lga kiritgan 500 talaba Qozog’istonning Turkiston shahridagi Xoja Ahmad Yassaviy universitetida stipendiya bilan bir yil tayyorgarlik ya’ni podkursda o’qiydilar.

Podkursni muvaffaqiyatli yakunlagan talabalar 1-kursga qabul qilinadi.

Xoja Ahmad Yassaviy universiteti nafaqat Qozog’istonda balki xorij davlatlarida ham raqobatbardosh ta’lim dasturini ishlab chiqib, jahon standartlariga ega bilim maskaniga aylandi.

Yilda taxminan 400 talaba bitta semestrni Turkiya va boshqa Yevropa davlatlarida davom ettirish imkoniyatiga ega.

Qozog’iston va Turkiya hamkorligida ochilgan bu universitetga 1991 yilning 6 iyun kuni asos solingan bo’lib, O’rta Osiyoning tarixiy ilm va madaniyat markazi bo’lgan Turkiston shahrini rivojlantirish maqsadida ushbu shaharda bunyod etilgan.

Xozirda  Xoja Ahmad Yassaviy universitetida dunyodagi 17 davlatdan yuzlab talabalar taxsil olmoqdalar. Universitet tashkil topgan kundan beri Turkiya minglab talabalarni stipendiya bilan ta’minladi.

 

Dasturimizni madaniyat xabari bilan yakunlaymiz.

Xalqaro turk madaniyati tashkiloti TURKSOY qoshida tashkil topgan Yoshlik xor ansambli o’z musiqiy albomini chiqarmoqda.

Xor ansambli yetakchilari ozarbayjonlik Elnara Karimova bilan qozog’istonlik Gulmira Kuttibadamova musiqiy albomni tayyorlash uchun katta g’ayrat ko’rsatmoqda.

Musiqiy albomda turk dunyosining turli xalqlariga oid asarlar bilan bir qatorda, klassik g’arb musiqasidan ham bir qancha namunalar o’rin oladi.

Xor ansambli rahbari Elnara Karimovaning aytishicha, Yoshlik xor ansambli 2015 yili Germaniyada bo’lib o’tgan ko’rik tanlovida 3 ta oltin medal sovrindori bo’lgan. Shu bois, xalqaro tanlovlarda mukofot sohibi bo’lgan bunday ansamblning o’z musiqiy albomiga ega bo’lishi maqsadga muvofiq bo’ladi.

“Xor ansambli 3 yildan beri ijodiy faoliyatini davom ettirib kelmoqda. Jamoamizga bir qancha iste’dodli yosh bastakorlar ham qo’shildi. Bu jamoa turk dunyosining qobiliyatli yoshlari orasidan saralangan o’ziga xos xushovoz san’atkorlarga ega. Ular malakali bastakorlardan tashkil topgani uchun tez vaqt ichida qo’shiqlarni o’rganib, muvaffaqiyatli hirgoyi qila oladilar”,-deydi Elnara Karimova.

Uning aytishicha, musiqiy albomda turkiy respublikalardan olingan milliy xalq qo’shiqlari hamda 15-16 asrga oid klassik g’arb asarlari ham o’rin oladi. O’tgan yili Yoshlik xor ansamblining katta konsert dasturi qaydga olinib, muxlislar e’tiboriga havola qilingan.

Bu yil esa, Ozarbayjon, Qozog’iston, Qirg’iziston, Turkmaniston va Turkiyaga oid xalq qo’shiqlari ilk marta professionel ovoz yozish studiyasida qaydga olinadi.

Ushbu musiqiy albomda qozoq bastakor Bakitjon Baykadamovning ham asarlari o’rin oladi.

 



Aloqador xabarlar