Turk olamidan xabarlar 15-qism

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov 12 aprel kuni Qozog’istonga rasmiy ziyorat amalga oshiradi.

710340
Turk olamidan xabarlar 15-qism

                            

Birinchi xabarimiz Qozog’istondan olingan.

Qozog’istonning poytaxti Astanada turkiyzabon davlatlarning biznes kengashi yig’ilishi bo’lib o’tdi.

Qozog’istonning “Atameken” milliy savdo tashkiloti tomonidan uyushtirilgan yig’ilishga Ozarbayjon, Turkiya va Qirg’iziston delegatsiyalari ishtirok etdi.

Yig’ilishda Turkiya bilan Qozog’iston o’rtasida mushtarak savdo va sanoat tashkilotini tashkil qilish bo’yicha shartnoma imzolandi.

Imzolangan shartnoma asosida, Qozog’istonga faqatgina xomashyo emas, ayni paytda iste’mol mahsulotlari ham eksport qilinadi.

Yig’ilish ochilishida so’zga chiqqan “Atameken” milliy savdo tashkiloti xodimi Abilay Mirzahmetov ushbu shartnoma va loyihaga Ozarbayjon va Qirg’izistonning ham qo’shilishidan umidvorligini tilga oldi.

Yig’ilishga Turkiyadan TOBB raisi Rifat Hisarjikog’lu, Ozarbayjondan Tadbirkorlar milliy konferensiyasi rahbari Mamed Musayev, Qirg’izistondan Savdo va sanoat tashkilotining rahbari Marat Shashekeyev boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.

Ushbu kengash tarkibiga yaqinda O’zbekistonning ham qo’shilishi kutilmoqda.

 

Navbatdagi xabarimiz Ozarbayjondan olingan.

Ozarbayjonda joriy yilning 12-22 may kunlari o’tkaziladigan 4-Islomiy o’yinlar bilan bog’liq “Kaspiy dengizidan boshlangan sayohat” nomli tadbirga start berildi.

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev,  birinchi o’rinbosari Mehribon Aliyeva, Saudiya Arabiston milliy olimpiada komiteti rahbari va Islom o’yinlari federatsiyasi rahbari Abdullah Bin Mosaad bin Abdulaziz Al Suud va Islom o’yinlari federatsiyasiga a’zo davlatlarning vakillari qatnashgan tadbirda Turkiyadan Yoshlar va sport vaziri Akif Chag’atay Kilich ishtirok etdi.

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev tadbirda qilgan ma’ruzasida, bir oy o’tgach, 57 davlatdan 3 mingdan ziyod sportchi Ozarbayjonda turli musobaqalarda kuch sinashini ma’lum qildi.

Butun dunyodan mehmonlarni kutib olishga tayyor ekanini aytgan Ilhom Aliyev Islom o’yinlariga bu yil 57 davlat ishtirok etishini tilga oldi.

 2017 yil Ozarbayjonda “Islom hamjihatlik yili” deb e’lon qilinganini eslatgan Ilhom Aliyev: “Bu esa, butun musulmon davlatlarining axil-inoq bo’lishi uchun Ozarbayjon tomonidan ilgari surilgan katta tashabbus hisoblanadi. Bugungi kunda musulmon davlatlar birlik va hamjihatlik ruhida harakat qilishi kerak. Biz Bakuda islom olamining birdam ekanini butun dunyoga ko’rsatamiz. Bizning inoqligimiz kuchimizni yana ham oshiradi”,-dedi.

 

Turk Havo Yo’llari Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Tatariston Respublikasining Qozon shahriga to’g’ridan samolyot safarlarini yo’lga qo’ydi.

Turkiya bilan Rossiya Federatsiyasi o’rtasida munosabatlarni izga tushirish jarayoni asosan turizm sohasida o’z aksini topmoqda.

Rossiyaliklar yaqinlashib kelayotgan yozgi dam olish mavsumida yana Turkiyaga sayohat rejalarini tuzar ekanlar, Istanbulga bo’lgan e’tiborning ortishi bilan Turk Havo Yo’llari sayyohlarni tashish uchun qo’shimcha reyslarini yo’lga qo’ydi.

Turk Havo Yo’llari tomonidan amalga oshirilgan Istanbul-Qozon-Istanbul reyslarining soni oshirildi.

Turk Havo Yo’llari hozirda haftada 3 marta bo’lgan samolyot safarlari sonini shu yilning 26 mart kunidan e’tiboran 4 nafarga, 29 may kunidan e’tiboran esa, 5 nafarga chiqaradi.

Natijada Istanbul-Qozon o’rtasida borish-kelish yana ham qulaylashadi.

Shuningdek, viza majburiyatiga qaramay, Qozon shahriga sayohat qilgan turklarning sonida ham ortish kuzatiladi.

 

Navbatdagi xabarimiz Turkmanistondan olingan.

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov 12 aprel kuni Qozog’istonga rasmiy ziyorat amalga oshiradi.

Bu haqda Qozog’iston Tashqi ishlar vaziri Qayrat Abdrahmanov ma’lum qiladi.  Qayrat Abdrahmanov Qozog’istondagi xorij mamlakatlari elchilariga Qozog’istonning qishloq-ho’jalik sohasida amalga oshirilgan ulkan loyihalarni tanitish anjumanida quyidagilarni tilga oldi:

“O’zbekiston prezidentining Qozog’iston ziyorati juda muvaffaqiyatli o’tdi. Kuni kecha davlat rahbarimiz Nursulton Nazarbayev Bakuga rasmiy ziyorat amalga oshirdi. Bundan keyin Turkmaniston prezidenti Qozog’istonga tashrif buyuradi”,-dedi.

 



Aloqador xabarlar