Nazarboyev Mirziyoyevni, Ostonaning diqqatga sazovor joylari bilan tanishtirib chiqdi

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog’iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning taklifiga binoan 22-23-mart kunlari davlat tashrifi bilan Qozog’istonda bo’ldi.

698073
Nazarboyev Mirziyoyevni, Ostonaning diqqatga sazovor joylari bilan tanishtirib chiqdi

Shavkat Mirziyoyev Nursulton Nazarboyev hamrohligida “Ostona opera” Davlat opera va balet teatriga tashrif buyurib u yerda “Qiz Jibek” operasinining tayyorgarligini tomosha qildi.

Qozog'iston Prezidenti tashabbusi bilan qurilgan “Ostona opera” Davlat opera va balet teatri 2013-yili foydalanishga topshirilgan. Tomosha zali 1250 kishiga mo'ljallangan bo'lib, Qozog'istonning ko'plab madaniy tadbirlari mazkur teatrda o'tkaziladi.

O'zbekiston Prezidenti Qozog'iston Prezidenti hamrohligida shuningdek “Nazarboyev universiteti”da bo'ldi. U yerda universitetning taraqqiyot rejasi, ilmiy loyihalari, sanoatni avtomatlashtirish laboratoriyasi va fizika-matematika laboratoriyasi bilan tanishib chiqdi.

Universitetga ilk talabalar 2010-yilda qabul qilingan. Uning tarkibida 8 maktab, bir markaz va kutubxona bor. Ta'lim xalqaro andozalar asosida olib boriladi. Har yili 440 dan ortiq bakalavr va 170 dan ziyod magistr kadrlar tayyorlanadi.

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev universitetning Faxriy mehmonlar kitobiga dastxat qo'ydi.

Shavkat Mirziyoyev Nursulton Nazarboyev hamrohligida shuningdek rasmiy ravishda ochiligan “MEGA Silk Way” savdo markazi bilan sport va ko'ngilochar shoxobchalarini aylanib chiqdi. U yerda Monte-Karlodagi xalqaro festival g'olibi «Cirque du Solei» artistlari namoyish etgan kichik teatr va akrobatik shouni tomosha qildi.  

“MEGA Silk Way” savdo markazi shu yilning 10-iyunidan 10-avgustigacha Ostona shahrida o'tkaziladigan «EKSPO – 2017» xalqaro ko'rgazmasiga mezbonlik qiladigan me'moriy ansamblning muhim qismi hisoblanadi.

Prezidentlar poytaxtning diqqatga sazovor joylarini aylanib chiqgach ortidan «EKSPO – 2017» xalqaro ko'rgazma maydonining “Nur olam” pavilyoniga tashrif buyurdilar.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot Xizmati internet portalida o'rin olgan ma'lumotga ko'ra Shavkat Mirziyoyev u yerda “EKSPO – 2017” ixtisoslashtirilgan xalqaro ko'rgazmasining ikki mamlakatning ishbilarmon doiralari va korxonalari o'rtasida hamkorlikni yanada kengaytirish, istiqbolli kelishuvlarga erishish yo‘lida muhim tadbir bo'lishini ta'kidlagan.

O’zbekistonlik delegatsiyasining tashrifi doirasida Ostona shahrida O‘zbekiston Milliy sanoat ko'rgazmasi va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokida biznes-forum ham bo'lib o'tgan.

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog'istonga bo’lgan Davlat tashrifi yakunida mamlakat Prezidenti Nursulton Nazarboyev kuzatib qo'ygan.

 



Aloqador xabarlar