Turk olamidan xabarlar 11-qism

O'zbekiston va Turkmaniston hukumatlari ikki davlat o'rtasidagi ishonchni mustahkamlab, o'zaro hamkorlikni izchil rivojlantirmoqda.

690800
Turk olamidan xabarlar 11-qism

 

Birinchi xabarimiz Turkmanistondan olingan.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedovning taklifiga binoan 6-7 mart kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo'ldi.

Tashrifning asosiy tadbirlari 6 mart kuni bo'lib o'tdi.

Davlat rahbarlari avval yakkama-yakka, keyin ikki mamlakatning kengaytirilgan tarkibdagi rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara o'tkazdilar.

Muzokaralarda savdo-iqtisodiyot, neft-kimyo, transport kommunikatsiyalari, qishloq xo'jaligi, madaniyat, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov Qo'shma bayonotni va ikki mamlakat o'rtasidagi strategik sheriklik to'g'risidagi shartnomani imzoladi.

Ikki mamlakat vazirlik va idoralari o'rtasida iqtisodiyot, qishloq xo'jaligi va kimyo sanoati, temir yo'li transporti, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik, hududlararo aloqalarni rivojlantirishga doir qator hujjatlar imzolandi.

Tashrifning ikkinchi kuni Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhammedov Turkmanobod shahriga yo’l oldi.

Bu shahar yaqinidagi Amudaryoda qurilgan Turkmanobod-Farob avtomobil va temir yo'li ko'priklarining tantanali ochilish marosimi bo'ldi.

Avtomobil ko'prigining uzunligi - 1600, temir yo'li ko'prigining uzunligi - 1750 metrni tashkil qiladi. Ularni qurishda turkmanistonlik va ukrainalik quruvchilar ishtirok etgan, Germaniya, Norvegiya texnologiyalaridan foydalanilgan.

Prezidentlar ko'priklar oldidagi maydonda tashkil etilgan o'zbek va turkman amaliy san’ati namunalari, hunarmandchilik mahsulotlari ko'rgazmasini ko'zdan kechirdilar.

O’zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov bilan vidolashuv marosimida Gurbanguli Berdimuhammedov Turkmanistonda Islom Karimov xotirasi abadiylashtirilishini ta`kidlab o’tgan edi.

Shu maqsad bilan Turkmanobod shahridagi markaziy ko'chalardan biriga Islom Karimov nomi berildi.

Ushbu ko'chada yodgorlik majmuasi barpo etildi va Islom Karimovning byusti o'rnatildi. Majmuada O'zbekiston va Turkmaniston davlat bayroqlari aks ettirilgan.

Ularning yonidagi granitda Islom Karimovning “Biz qadrlashimiz va yuksaltirishimiz zarur bo'lgan muhim boylik – bu mamlakatlarimiz o'rtasidagi o'zaro ishonchdir” degan so'zlari o'zbek va turkman tillarida bitilgan.

Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhammedov Islom Karimovning ushbu o'gitiga amal qilib, ikki davlat o'rtasidagi ishonchni mustahkamlab, o'zaro hamkorlikni izchil rivojlantirmoqda.

Mazkur yodgorlikning ochilish marosimi bo'lib o’tdi.

Prezidentlar Islom Karimov yodgorlik majmuasiga gullar qo'yishdi.

Islom Karimov nomidagi ko'cha bo'ylab sayr qilishdi.

Shu bilan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga davlat tashrifi o’z yakuniga yetdi.

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov Turkmanobod aeroportida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni   kuzatib qo'ydi. 

Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga tashrifi va uning doirasida imzolangan hujjatlar, bo'lib o'tgan madaniy tadbirlar ikki davlat o'rtasidagi hamkorlik yaxshi qo'shnichilik va qardoshlik tamoyillari asosida rivojlanib borayotganini yaqqol namoyon etdi.

 

Navbatdagi xabarimiz O’zbekistondan olingan.

Mintaqada joylashgan Orolbo’yi havzasi turizm sohasiga hizmat qiladi.  O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Orolbo’yi havzasini rivojlantirish” dasturiga ko’ra, mintaqada amalga oshiriladigan jami 72 ta loyiha uchun taxminan 20 mln dollar investitsiya kiritiladi.

Bu haqda O’zbekiston mehnat vazirligi matbuot xizmati ma’lum qiladi.

Dastur doirasida Orolbo’yida joylashgan Mo’ynoq tumanidagi eski baliq konserva zavodini qayta ishga tushirish, Mo’ynoq sanoat hududini tashkil qilish va qishloq xo’jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohasida faoliyat ko’rsatadigan 100 ga yaqin korxona va zavodlar bilan 1340 kishiga ish imkoniyati yaratilishi ko’zda tutilmoqda.

Mintaqaga investitsiya kiritmoqchi bo’lgan investorlar 2027 yilning 1 yanvar kuniga qadar soliq imtiyozlaridan foydalanadi.

Yangi korxona ochmoqchi bo’lgan tadbirkorlarga esa, aholiga mehnat sharoiti yaratish sharti bilan ijarasiz bepul bino ajratiladi.

Bundan tashqari, mintaqada “Mo’ynoq City Center” dam olish markazi barpo etiladi. Bu markaz qoshida tuz va balchiq bilan muolaja markazlari, kurort zonalari ishga tushiriladi.

O’zbekiston hukumati tomonidan imzolangan davlat dasturiga ko’ra, Orol dengizi havzasining barqaror rivojlanishini ta’minlash maqsadida 2.6 mlrd dollar budjet ajratilishi rejalanmoqda.

Markaziy Osiyo mamlakatlari va uning 60 millionlik xalqini tashvishlantirib kelayotgan hozirgi zamonning eng yirik global ahamiyatga ega ekologik fojealaridan biri - Orol dengizi muammosining ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar oqibatlari mintaqaning barqaror rivoji, genofondi va kelajak avlodiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid manbai bo‘lib kelmoqda.

 Orolbo‘yi muammosi bevosita Turkmaniston, Qozog‘iston va O‘zbekiston hamda bilvosita Tojikiston va Qirg‘iziston hududlarini qamrab oladi.

Orolbo‘yi hududi o‘zining xilma-xil hayvonot va o‘simlik dunyosiga ega bo‘lib, ushbu havzada 38 turdagi baliq va kamyob hayvonlar mavjud bo‘lgan. Jayronlar 1 million boshgacha yetib, flora 638 turdagi kamyob osimliklarni tashkil etgan.

Orol dengizi 1960-yilgacha eng yirik yopiq suv havzalaridan biri bo‘lib, hududi 68,9 ming kv. Kmni tashkil qilgan.

Suv miqdori esa, 1083 kub. Km bo’lgan, uzunligi 426 km, kengligi 284 km. va eng chuqur joyi 68 mentrni tashkil qilgan.

Orol dengizi mintaqa iqtisodining rivoji, sanoati, aholining ish bilan bandligi va barqaror ijtimoiy infratuzilmani shakllanishida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan.

Avval ushbu dengiz baliq yetishtirish bo‘yicha dunyodagi ilg‘or maskanlaridan biri hisoblangan bo‘lib, Orolbo‘yi havzasidagi yillik baliq ovlash hajmi 30-35 ming tonnani tashkil qilgan.

Orol dengizi qirg‘oqlarida yashovchi aholining 80 foizdan ko‘prog‘i baliq va baliq mahsulotlarini ovlash, mahsulot tayyorlash va yetkazish bilan band bo‘lgan. Amudaryo va Sirdaryo deltalarining unumdor yerlari hamda mahsuldor yaylovlari 100 mingdan ziyod odamlarning chorvachilik, parrandachilik bilan mashg‘ul bo‘lishini hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishini ta’minlagan.



Aloqador xabarlar