O'zbekiston-Turkiya:Do'stona munosabatlar qayta tiklanmoqda

Turkiya Respublikasi Prezidenti R.T. Erdog`anning Samarqandga tashrifi O`zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishga katta ahamiyat berilishidan dalolat ekani qayd qilindi.

614933
O'zbekiston-Turkiya:Do'stona munosabatlar qayta tiklanmoqda

Avval xabar qilinganidek, 17 noyabr kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti R.T. Erdog`an Samarqand shahriga tashrif buyurdi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti R.T. Erdog`an 18 noyabr kuni Hazrati Hizr majmuasiga tashrif buyurib, O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti qabrini ziyorat qildi va Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirdilar. Shuningdek, Islom Karimov ruhi pokiga Qur’on tilovat qilindi.

Shundan so`ng, Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev bilan Turkiya Respublikasi Prezidenti R.T. Erdog`an o`rtasida muzokara bo`lib o`tdi.
Shavkat Mirziyoyev Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov vafoti munosabati bilan samimiy hamdardlik yo`llagani uchun Turkiya Prezidentiga minnatdorlik bildirdi.


Ushbu tashrif Turkiyada O`zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishga katta ahamiyat berilishidan dalolat ekani qayd qilindi.

Ta’kidlash joizki, Turkiya O`zbekiston mustaqilligini birinchilar qatorida tan olgan.

O`zbek va turk xalqlari ko`p asrlik umumiy tarix, yagona til va din, mushtarak qadriyatlar va o`xshash urf-odatlar bilan bir-biriga chambarchas bog`langan.

Shavkat Mirziyoyev O`zbekiston Turkiyaga o`zining muhim va uzoq muddatli hamkori sifatida qarashini, turk va o’zbek xalqi o`rtasidagi do`stlik rishtalarini mustahkamlash, hamkorlikni o`zaro ishonch tamoyillari asosida rivojlantirish tarafdori ekanini qayd etdi.

R.T. Erdog`an Turkiya O`zbekistonni Markaziy Osiyodagi ustuvor sherik deb bilishini, O’zbekistonning  ijtimoiy-siyosiy barqarorligi va iqtisodiy taraqqiyoti izchil davom etishiga ishonchi komil ekanini alohida ta’kidladi.
Ikki mamlakatning bugungi munosabatlari O`zbekiston va Turkiyaning imkoniyat va salohiyatiga mos emasligi, ushbu uchrashuv hamkorlikning yangi sahifalarini ochish masalalari yuzasidan batafsil fikr almashish uchun qulay imkoniyat ekani qayd etildi.

Muzokarada O`zbekiston bilan Turkiya o`rtasidagi o`zaro ishonch muhitini mustahkamlash masalasi muhokama qilinib, tashqi siyosat mahkamalari o`rtasida muntazam maslahatlashuvlar tashkil qilish, xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini qo`llab-quvvatlash to`g`risida fikr almashildi.

O`zbekiston Islom hamkorlik tashkiloti faoliyati doirasida Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro tadqiqotlar markazini ta’sis etish taklifini ilgari surdi.

 Tomonlar IHTning Turkiyadagi Islom tarixi, san’ati va madaniyati tadqiqotlari markazi bu tashabbusni qo`llab-quvvatlaganidan mamnuniyat izhor qildilar.
Suhbat chog`ida savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.

Ma’lum bo’lgani kabi, Turkiya O`zbekistonning an’anaviy va muhim savdo sheriklaridan biridir.

2015 yilda ikki davlat o’rtasidagi o`zaro savdo hajmi 1,2 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Bu boradagi o`sish sur’atlari joriy yilda ham saqlanib qolishi kutilmoqda.

Lekin tomonlar qayd qilganidek, bu raqamlar ikki mamlakat salohiyatini aks ettirmaydi. Bu miqdorni yaqin yillar ichida 2-3 marta oshirish uchun yetarli imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.

Hozirgi kunda O`zbekistonda Turkiyaning 500 ga yaqin firma va kompaniyalari faoliyat yuritmoqda. O`zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan Turkiya sarmoyasi hajmi 1 milliard dollardan oshadi.

Suhbat chog`ida, ushbu tashrif ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o`rtasidagi o`zaro manfaatli hamkorlikka yangi sur’at baxsh etishiga ishonch bildirildi.

Tomonlar qishloq xo`jaligi mahsulotlarini yetishtirish va chuqur qayta ishlash, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash, qadoqlash, qayta ishlash va eksport qilish bo`yicha majmualar barpo etishga, to`qimachilik va terini qayta ishlash sanoatida zamonaviy qo`shma korxonalar yaratishga, xususan, birgalikda paxta tolasi va teri xomashyosini chuqur qayta ishlash orqali tayyor brendli mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarishni yo`lga qo`yish, farmatsevtika sohasida hamkorlikka oid yangi loyihalar tuzish va amalga oshirish masalalarini ko`rib chiqdilar.

Turkiyaning yetakchi turistik kompaniyalarini jalb etgan holda, O`zbekistonda sayyohlik infratuzilmasini yanada rivojlantirish, Samarqand, Buxoro, Xorazm va Toshkent viloyatlarida xalqaro talablarga mos zamonaviy sayyohlik majmualari barpo etish masalalari muhokama qilindi.
Transport kommunikatsiyalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

“Baku – Tbilisi – Qars” temir yo`lining ishga tushirilishi ikki mamlakatni bir-biri bilan bog`laydigan to`g`ridan-to`g`ri transport yo`lagini yaratishdek strategik ahamiyatga ega bo’lgan masalani hal etishda, binobarin, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishda muhim omil bo`lishi qayd etildi.

Muhokama qilingan masalalardan kelib chiqqan holda, O`zbekiston va Turkiyaning o`z oldiga qo`yayotgan maqsadlariga erishish uchun kelasi yil boshida Toshkent shahrida Hukumatlararo qo`shma komissiyaning navbatdagi majlisini o`tkazishga, uning doirasida O`zbekiston – Turkiya sarmoyaviy forumini tashkil qilishga kelishib olindi.

Davlatlararo munosabatlarda madaniy-gumanitar hamkorlik alohida o`rin tutadi. Tomonlar bu boradagi sheriklikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Shavkat Mirziyoyev va R.T. Erdog`an ushbu uchrashuv davomida erishilgan kelishuvlar ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga ko`tarib, o`zaro manfaatli sohalarda hamkorlikning yangi sahifasini ochishga xizmat qilishiga qat’iy ishonch bildirdilar.

Kunning ikkinchi yarmida Turkiya Prezidenti R.T. Erdog`an Imom Buxoriy va Imom Moturidiy yodgorlik majmualari, Amir Temur maqbarasini ziyorat qildi, Registon maydonini tomosha qildi.

R.T. Erdog`an istiqlol yillarida Prezident Islom Karimov rahnamoligida bu ezgu maskanlar tubdan qayta ta’mirlanib, mutlaqo yangi qiyofa kasb etganini alohida ta’kidladi.

 O`zbekiston ulug’ ajdodlarning boy ma’naviy merosini tiklash, o`rganish va dunyoga tanitishda yuksak natijalarga erishayotganini qayd etdi.
Shu bilan Turkiya Respublikasi Prezidenti R.T. Erdog`anning O’zbekistonga tashrifi o’z yakuniga yetdi.



Aloqador xabarlar