Maftunkor tabiat, qulay infratuzilma – xorijiy turistlarni O`zbekistonga chorlaydi

O'zbekistonning poytaxti Toshkentda “Dam olish dunyosi” IV xalqaro O'zbekiston sayyohlik ko'rgazmasi ochildi.

475163
Maftunkor tabiat, qulay infratuzilma – xorijiy turistlarni O`zbekistonga chorlaydi

Toshkentda “Dam olish dunyosi” IV xalqaro O'zbekiston sayyohlik ko'rgazmasi ochildi.

Mazkur tadbir “O'zbekturizm” Milliy kompaniyasi hamda “Buyuk Ipak yo'li” reklama agentligi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Toshkent shahar hokimligi hamda BMT Jahon sayyohlik tashkiloti ko'magida tashkil etildi.

Unda O'zbekistondan tashqari, Xitoy, Fransiya, Ispaniya, Malayziya, Singapur, Birlashgan Arab Amirliklari, Tailand, Vyetnam, Chexiya va Maldiv kabi davlatlardan 200 dan ziyod firma hamda kompaniyalar vakillari qatnashmoqda.

O'zbekistonda turizm industriyasini har tomonlama rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilib, buning uchun zarur tashkiliy-huquqiy asoslar yaratilgani, tarixiy obidalarni tiklash, asrab-avaylash, ulug' ajdodlar xotirasiga hurmat-ehtirom ko'rsatish, shaharu qishloqlarda infratuzilma ob'yektlarini takomillashtirish borasida ibratli ishlar amalga oshirilayotgani ta'kidlandi. Xususan, zamonaviy mehmonxonalar va dam olish maskanlari tashkil qilinib, ularda yuksak sifatli xizmat turlari yo'lga qo'yilayotir. Ayni paytda mamla-katimizda 530 dan ortiq turoperator hamda agentlik, 430 ta mehmonxona faoliyat yuritmoqda.

Yangi sayyohlik yo'nalishlari ishlab chiqilib, transport kommunikatsiyalari takomillashtirilayotgani ham diqqatga sazovordir. Masalan, o'tgan davr mobaynida Toshkent, Samarqand, Buxoro, Urganch, Farg'ona va Navoiy shaharlari aeroportlari modernizatsiya qilindi hamda bugun mamlakatdagi barcha aeroportga xalqaro maqom berildi. Milliy aviakompaniyamiz esa eng so'nggi rusumdagi “Eyrbas” va “Boing” avialaynerlari bilan ta'minlangan. Ushbu samolyotlar Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq hamda Shimoliy Amerikaning ko'plab shaharlariga parvozlarni amalga oshirayapti. Qolaversa, “Toshkent — Samarqand”, “Toshkent — Qarshi” yo'nalishlari bo'ylab Ispaniyaning “Talgo” kompaniyasida ishlab chiqarilgan, yuqori tezlikda harakatlanadigan zamonaviy “Afrosiyob” elektr poyezdlarining qatnovi yo'lga qo'yilgan. Bu esa diyorga tashrif buyurayotgan chet ellik mehmonlar sonini sezilarli darajada oshirishga xizmat qilayotir.

Mana shunday keng qamrovli chora-tadbirlar natijasida O'zbekistoning go'zal tabiati, muqaddas qadamjolari, noyob me'moriy obidalari va fayzli go'shalari dunyo ahlini tobora o'ziga maftun etmoqda. Albatta, bunda mamlakatzdagi mustahkam tinch-lik hamda barqarorlik, o'zaro mehr-oqibat va hamjihatlik muhiti muhim omil bo'layotir.

“Dam olish dunyosi” xalqaro ko'rgazmasini o'tkazishdan ko'zlangan asosiy maqsad mahalliy hamda xorijiy turoperatorlar, agentliklarga bahor — yoz mavsumi uchun o'z turistik mahsulotlari bo'yicha takliflarni ilgari surishlariga ko'maklashish, mijozlar bilan shartnomalar tuzish, turizm bozoriga oid strategik rejalar ishlab chiqish uchun imkoniyat yaratishdan iboratdir.

Anjumanda respublikaning sayyohlik salohiyati, taklif qilinayotgan xizmatlar, tarixiy osori-atiqalar aks etgan eksponatlar, xalq hunarmandchiligi buyumlari, fotoekspozitsiyalar, go'zal tabiatimiz, sport turizmi, aviatransport, sug'urta va bank xizmatlariga oid ko'plab ma'lumotlar bilan tanishish imkoniyati mavjud.

Ko'rgazma doirasida, shuningdek, “Hosted Buyers” (“Professional xaridorlar”) dasturi ko'pchilikda katta qiziqish uyg'otayapti. U xorijiy kompaniyalar rahbar va menejerlariga O'zbekistonning sayyohlik yo'nalishlari bilan yaqindan tanishish, o'zaro manfaatli shartnomalar tuzishda ayni muddaodir.

Xalqaro ko'rgazma davomida “Ipak yo'li lazzati” milliy taomlar festivali, sayyohlik firma hamda kompaniyalarining taqdimotlarini o'tkazish ham ko'zda tutilgan.


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston , #turizm , #sayyohlik , #ko'rgazmasi , #turist

Aloqador xabarlar