O'zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar to'planmoqda

O'zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotida raisligi doirasida joriy yilning 13-14 aprel kunlari Toshkent shahrida ShHTga a'zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari Kotiblarining uchrashuvi o'tkaziladi.

470209
O'zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar to'planmoqda

O'zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotida raisligi doirasida joriy yilning 13-14 aprel kunlari Toshkent shahrida ShHTga a'zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari Kotiblarining uchrashuvi o'tkaziladi. Ushbu yig'ilish chog'ida transmilliy tahdidlar, shu jumladan, terrorizm, ekstremizm, giyohvand moddalar tashish, transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurash masalalari muhokama qilinadi.

Xavfsizlik kengashlari Kotiblari majlislari instituti O'zbekiston tashabbusiga ko'ra, 2004-yil tashkil etilgan. ShHT mamlakatlari Xavfsizlik kengashlari rahbarlarining yig'ilishlari tashkilot doirasida xavfsizlik sohasidagi hamkorlikning muvofiqlashtiruvchi-konsultatsion mexanizmi hisoblanadi.

Ushbu yo'nalishda O'zbekiston ShHTning Mintaqavaiy aksilterror tuzilmasi (ShHT MATT) doirasida ko'p tomonlama hamkorlikni izchil rivojlantirishga katta e'tibor qaratadi. Toshkent shahrida 2004-yildan buyon faoliyat ko'rsatib kelayotgan ushbu tuzilma tashkilotga a'zo mamlakatlar huquqni muhofaza qilish organlarining mintaqada barqarorlikni ta'minlash bo'yicha sa'y-harakatlarini jipslashtirish va ular o'rtasida amaliy hamkorlikni amalga oshirish borasida samarali vosita va muhim platforma sifatida xizmat qiladi.

Joriy yilning 8-aprel kuni Toshkentda ShHT MATT Kengashining navbatdagi yigirma sakkizinchi majlisi bo'lib o'tdi. Majlisda ShHTga a'zo davlatlarning terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo'yicha 2013-2015-yillarga mo'ljallangan hamkorlik dasturini amalga oshirish natijalari hamda boshqa hujjatlarning ijrosi muhokama qilindi.

Uchrashuvda, shuningdek, 2016-yilning IV choragida ShHTga a'zo va kuzatuvchi davlatlar delegatsiyalari ishtirokida Xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik masalalariga bag'ishlangan ilmiy-amaliy konferensiyani o'tkazishga kelishildi.

Hozirgi vaqtda ShHTga a'zo davlatlarning 2017-2022-yillarga mo'ljallangan Narkotiklarga qarshi kurash strategiyasi va uning ijrosi bo'yicha Harakatlar dasturi ishlab chiqilmoqda. Ushbu hujjatning qabul qilinishi tashkilotga a'zo davlatlarning ShHT makonida tinchlik, osoyishtalik va izchil taraqqiyotni ta'minlashdagi o'zaro hamkorligi huquqiy asosini takomillashtirishga xizmat qilishi shubhasizdir.



Aloqador xabarlar