Islom birdamligi sport federatsiyasining 11-Bosh Assambleyasi o‘tkazildi

Anjumanda O‘zbekiston nomidan Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov ishtirok etdi.

1865151
Islom birdamligi sport federatsiyasining 11-Bosh Assambleyasi o‘tkazildi

 

Turkiyaning Konya shahrida V Islom birdamligi o‘yinlari bo'lib o'tmoqda.

Kecha, V Islom birdamligi o‘yinlari doirasida Konyadagi “Grand Millenium” mehmonxonasida Islom birdamligi sport federatsiyasining 11-Bosh Assambleyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Osiyo, Afrika va Yevropaning tashkilotga a’zo 56ta mamlakati vakillari ishtirok etdi.

Anjuman avvalida ISSF prezidenti, Saudiya Arabistoni shahzodasi Abdulaziz bin Turki al-Faysal so‘zga chiqib, Islom birdamligi o‘yinlari musulmon olamida o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

–Islom birdamligi o‘yinlari ayni maqsadlar bilan 2005 yilda tashkil etilgan edi. Koronavirus pandemiyasi tufayli biroz kechikib bo‘lsa ham ushbu musobaqalarni o‘tkazayotganimizdan juda xursandmiz, – dedi ISSF prezidenti.

V Islom birdamligi o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi raisi, Turkiya yoshlar va sport vaziri Mehmet Kasapog'lu esa o‘z so‘zida Konyada o‘tkazilgan tayyorgarlik jarayoni haqida gapirib o‘tdi.

Ma’lum bo‘lishicha, o‘yinlarni o‘tkazish uchun shahrdagi mavjud sport inshootlari qayta ta’mirlanib, qator yangi sport majmualari bunyod etildi. Bir so‘z bilan aytganda, Islom birdamligi o‘yinlarini yuqori saviyada o‘tkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.

Bosh assambleya yig‘ilishida 2025 yil Kamerun mezbonligida o‘tadigan VI Islom birdamligi o‘yinlari borasida ham mutasaddilarning hisobotlari tinglandi. Anjumanda O‘zbekiston nomidan Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov ishtirok etdi.

Bu yilgi Islom birdamligi o‘yinlarining velotrek musobaqalarida O'zbekiston terma jamoasining yetakchi sportchisi Olga Zabelinskaya. U ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan ochkolar bo‘yicha poygada eng yaxshi natija ko‘rsatdi va terma jamoaga ilk oltin medalni taqdim etdi. Yana bir o'zbek sportchi Yanina Kuskova esa ushbu yo‘nalishda kumush medalga sazovor bo‘ldi.

100 metrga batterflyay usulida suzish bo‘yicha o‘tgan bahslarda O'zbekiston terma jamoasi a’zosi Azizbek Boynazarov eng yaxshi natija qayd etdi. Sulton Nuriddinov esa ushbu yo‘nalishda marraga uchinchi bo‘lib yetib kelgan holda bronza medaliga sazovor bo‘ldi. O'zbek paraatlet sharafiga O‘zbekiston madhiyasi yangrab, O'zbekiston bayrog‘i baland ko‘tarildi.

Islom birdamligi o‘yinlarining gandbol bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi guruh bahslarini Senegal terma jamoasiga qarshi boshlagan o'zbek sportchilari 28:27 hisobida g‘alabaga erishib, dastlabki ochkolarini qo‘lga kiritdi. 

Uchinchi kun yakuniga ko‘ra, O'zbekiston terma jamoasi hisobida 2 tadan oltin, kumush va 3 ta bronza medali mavjud va O‘zbekiston norasmiy umumjamoa hisobida faxrli 2-o‘rinni egallab turibdi.



Aloqador xabarlar