Turkiyada boks bo'yicha ayollar o‘rtasida jahon chempionati o‘tkaziladi

Turkiya sport vazirligi va Xalqaro havaskor bokschilar assotsiatsiyasi (AIBA) o’rtasida tuzilgan kelishuvga binoan, joriy yil so‘nggida ayollar o‘rtasida o‘tkazilishi kutilayotgan navbatdagi jahon chempionati Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tadi.

1714150
Turkiyada boks bo'yicha ayollar o‘rtasida jahon chempionati o‘tkaziladi

 

Kuni kecha Xalqaro havaskor bokschilar assotsiatsiyasi prezidenti Umar Kremlev Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘ldi va u yerdagi shart-sharoitlar bilan tanishdi.

U chempionatni o‘tkazish bo‘yicha zarur hujjatlarni rasmiylashtirish masalasida turk vakillar bilan muzokaralar olib borgan va kelishuvlarga erishdi.

“Ayollar o‘rtasidagi jahon chempionatining Istanbulda tashkil etilishi Turkiya boksining o‘ziga xos yutug‘i. Biz uchun tarixiy musobaqa bo‘lgan ushbu chempionat joriy yilning dekabr oyida bo‘lib o‘tadi. Uning aniq sanasi esa yaqin kunlarda e’lon qilinadi. Chempionatning har tomonlama yuqori darajada o‘tishi uchun barcha choralar ko‘riladi”, - deydi Turkiya boks federatsiyasi rahbari Eyup Gozgech  jurnalistlarga bergan intervyusida.

Ayollar o‘rtasidagi ushbu jahon chempionatining mukofot jamg‘armasi 2,4 million AQSH dollari etib belgilangan.

Dunyo birinchiligida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan sportchilar 100 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi. 2-o‘rin sohibalari 50 ming AQSH dollari va 3-o‘rin egalari esa 25 ming AQSH dollariga musharraf bo‘lishadi.

Jahon chempionati doirasida Xalqaro havaskor bokschilar assotsiatsiyasining navbatdan tashqari kongress yig‘ilishi ham o‘tkaziladi.

U.Kremlevning bildirishicha, mazkur yig‘inda Xalqaro havaskor bokschilar assotsiatsiyasining kelajagi yo‘lida “jiddiy islohotlar” amalga oshiriladi.

Ta’kidlash joizki, ushbu dunyo birinchiligi ayollar o‘rtasidagi 12-jahon chempionati sifatida tarixdan joy oladi. Bundan oldingi 11-chempionat  2019 yilning 3-13 oktyabr kunlari Rossiyada bo‘lib o‘tgandi. O‘shanda O‘zbekiston bokschi qizlari ilk bor to‘liq tarkib bilan ishtirok etgandi.

 


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #AIBA

Aloqador xabarlar